Amerikaning CNN telekanali taslim bo‘layotgan ukrainalik askarlarning otib o‘ldirilgani aks etgan videoni e’lon qildi. Yozuvlar uning veb-saytida 6 sentabr, juma kuni paydo bo‘ldi.
Aytilishicha, birinchi video avgust oyi oxirida ayovsiz janglar davom etayotgan Donetsk viloyatining Pokrovsk tumanida suratga olingan. Unda uch nafar ukrainalik askarning tiz cho‘kkani, keyin yiqilib, yerda yotgani ko‘rsatilgan.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi video may oyida Zaporijjya viloyatining Rabotino hududida suratga olingan. Unda Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari birin-ketin qo‘llarini ko‘targan holda chiqib kelgan, shundan so‘ng rus armiyasi askarlaridan biri ikkinchisiga ularni «nollashtirishni»ni buyurgan. Shundan so‘ng ular otib tashlanadi.
Ukraina bosh prokurori: urush boshidan beri 28 ta shunga o‘xshash hodisa tekshirilmoqda
Ukraina bosh prokurori Andrey Kostinning CNN nashrida keltirilgan so‘zlariga ko‘ra, uning idorasi urush boshlanganidan beri yuz bergan 28 ta shunday hodisani tekshirmoqda, ularda jami 62 nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lgan. Jurnalistlarning yozishicha, ukrain razvedka manbalari ularga ukrainalik jangchilar qo‘lga olinmasdan o‘ldirilgan 15 ta holat ro‘yxatini taqdim etgan.
Kostin CNN bilan suhbatda da’vo qilingan otib o‘ldirish holatlarini harbiy jinoyatlar va Kreml rejalashtirgan siyosatning bir qismi deb atadi. U qurolsiz taslim bo‘layotganini ko‘rsatgan harbiy asirning sudsiz o‘ldirilishi urush qoidalarini buzishini qayd etdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi, CNN xabariga ko‘ra, Ukraina tomoni ayblovlariga izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.
BMT: Rossiyada ukrainalik asirlarning 95 foizi qiynoqqa solingan
Deyarli barcha ukrainalik harbiy asirlar - 95 foizi - Rossiyada qiynoqqa solinmoqda, dedi BMTning Kiyevdagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi rahbari Daniel Bell NOS niderland telekanaliga bergan intervyusida.
«Ularni metall tayoq va dubinkalar bilan kaltaklashadi, elektr toki bilan qiynoqqa solishadi. BMT nomidan asirlar bilan muloqot qilishda 20 yil davomida ko‘rgan eng yomon narsam. Qiynoqlar keng tarqalgan va tizimli», - deydi Bell. U ukrainalik askarlarni qiynoqqa solish birinchi so‘roqdan boshlanishini ta’kidladi.
BMT vakilining aytishicha, u ukrainalik mahbuslar bilan suhbatlar natijalari asosida shunday xulosaga kelgan.