Blekautlarga qaramasdan Ukrainada elektromobillar soni ortyapti. Bunga sabab nima?

Jahon 19:30 / 07.09.2024 6476

 Elektromobillar sotuvida rekord ko‘rsatkichlar

Avtomobil bozorini tadqiq etish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, birgina avgust oyida ukrainaliklar 9,4 mingga yaqin yangi va ishlatilgan elektromobil xarid qilgan. Bu Ukrainada elektromobillarning oylik sotuvi bo‘yicha mutlaq rekord bo‘ldi. Yil boshidan hisoblansa, sakkiz oy ichida 54,8 mingdan ortiq elektromobil sotib olingan, bu esa 2023 yil davomidagi sotuvlardan ham yuqori.

Sotuvlar dinamikasi o‘tgan yillarda barqaror o‘sib bordi, hatto Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi ham bunga to‘sqinlik qila olmadi. Jumladan, 2021 yilda 15,9 ming, 2022 yilda 23 ming, 2023 yilda esa 54,2 ming avtomobil sotilgan.

Ukrainaliklar ishlatilgan avtomobillarni ko‘proq afzal ko‘ryapti — ularning ulushi har yili 80 foizdan yuqorini tashkil etmoqda. Gap AQShdan keltirilgan, asosan, Tesla elektromobillari haqida ketmoqda. Yangi elektromobillar orasida esa ko‘pchilik Xitoy mashinalarini tanlaydi.

“To‘g‘ri, Xitoydan elektromobillar importi biroz sekinlashdi”, — deydi DW bilan suhbatlashgan Avtomobil bozori tadqiqotlari instituti rahbari Stanislav Buchatskiy. “Bozor ular bilan to‘lib-toshgan. Shuni hisobga olish kerakki, Xitoydan keltirilgan yangi elektromobillar 23-25 ming dollarni tashkil qilsa, Tesla’ning ishlatilgan rusumi 12-13 ming dollar turadi”.

Yangi avtomobillarning 30 foizi Kiyev va Kiyev viloyatiga to‘g‘ri keladi. Lekin umumiy statistikada ko‘proq Lviv viloyati yetakchilik qilmoqda. Bunga sabab avtomobillar chet eldan kelishi va bojxona rasmiylashtiruvi Lvivda o‘tkazilishi.

Avtomobil bozori tadqiqotlari instituti hisoblariga ko‘ra, Ukrainada elektromobillar soni allaqachon 120 mingtaga yetgan, ularning aksariyati yengil avtomobillardir.

“Bu Polshadagiga qaraganda deyarli ikki baravar ko‘p. Biroq Ukrainada 12 milliondan ortiq avtomobil bor, shundan elektromobillar ulushi juda kam — bir foizga yetmaydi. Ammo bu ulush asta-sekin o‘sib bormoqda”, — dedi Buchatskiy.

Yo‘l xarajatlari va elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish.

Kiyev viloyatida yashovchi Andrey Xlaponin ham elektromobil sotib olgan. “Men Kiyevdan 35 kilometr uzoqlikda yashayman. 2022 yilda benzin tanqisligi paytida Hyundai Ioniq 5 elektromobilini sotib olishga qaror qildim. O‘sha paytda yonilg‘i umuman yo‘q edi, ishga borishga mashina kerak edi”, — deydi u DW bilan suhbatda.

O‘shandan beri Andrey benzin bilan yuradigan ikkinchi avtomobilidan deyarli foydalanmaydi — uni faqat uzoq masofalarga, masalan, Lviv yoki Odessaga borish uchun minadi.

Andrey elektromobilning asosiy afzalligi sifatida yo‘l xarajatlarini ko‘rsatdi.

“Mashinani uyda oddiy tarif bo‘yicha har bir kilovatt uchun 4,32 grivnadan yoki tungi tarif bo‘yicha 2,68 grivnadan quvvatlash mumkin. Men har doim 50 kilovattga (batareya quvvatining 80 foizi), ya’ni 430 kilometrga yetadigan zaryad olaman. Tungi tarifda bu 134 grivnaga (3,2 dollar) tushadi”, — dedi u.

DW suhbatdoshining ta’kidlashicha, elektr uzilishlari elektromobildan foydalanishga to‘sqinlik qilmagan: “Elektr muayyan vaqtga beriladi, bu vaqtda mashina yetarli zaryadga ega bo‘ladi. Quyoshli kunlarda esa uyda quyosh panellaridan quvvatlantiraman. Bunga ko‘proq vaqt ketadi, lekin baribir yursa bo‘ladi”.

https://static.dw.com/image/70121335_906.jpeg

Dmitriyning Zeekr 001 elektromobili

Yaqinda Xitoyning Zeekr 001 elektromobilini sotib olgan yana bir fuqaro Dmitriy ham elektr energiyasi uzilishidan cho‘chimaydi.

“Xususiy uyda yashashim sababli generator, invertor va batareyalarni g‘amlab qo‘yganman. Endi quyosh panellari o‘rnatishni rejalashtiryapman. Ammo uzilishlar bilan bo‘lsa-da, elektr energiyasi ham berilmoqda”, — deydi u DW bilan suhbatda. – “Mashinani 20 foiz, ya’ni 100 kilometr yuradigan qilib zaryadlash uchun taxminan to‘rt soat kerak — bu menga bir kunga yetadi”.

Dmitriy uchun yo‘l xarajatlari va texnik xizmat ko‘rsatish narxi elektromobil sotib olishga asosiy motiv bo‘lgan.

“Odatiy mashinadagi kabi filtr, moy, almashtirishim shart emas. Elektromobilda texnik xizmat talab qiladigan mexanizmlar kamroq. Qolaversa, yo‘l xarajatlari uchun kamroq pul sarflayman: mashinani uyda 100 kilometrga zaryadlash uchun 80 grivna (1,95 dollar) to‘layman, odatiy mashina uchun esa bu masofa 600 grivna (14,64 dollar) va undan ko‘pga tushardi”, — deya o‘z hisob-kitoblarini keltirdi u.

Dmitriyning aytishicha, elektromobillarni sotib olishning yana bir katta afzalligi — Ukrainada qo‘shilgan qiymat solig‘i va boshqa bir qator soliqlarning yo‘qligi.

Elektromobillarni xarid qilishga undovchi omillar

DW so‘rovnomasi ishtirokchisi bo‘lgan mutaxassislar aynan past soliqlarni ukrainaliklar orasida elektr transport vositalariga bo‘lgan talabning asosiy sabablaridan biri deb hisoblamoqda. Ukrainada elektromobilni bojxonadan o‘tkazish uchun boj to‘lovi va QQS yo‘q.

“Ya’ni, Ukrainada elektromobilni bojxonadan o‘tkazish uchun faqat elektr batareyasining har bir kilovatti uchun bir yevro miqdorida aksiz solig‘i to‘laysiz. Amalda bu 70-100 yevroni tashkil etadi”, — deb tushuntirdi Stanislav Buchatskiy.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, ta’mirlashning nisbatan arzonligi va yengil avtomobillar uchun majburiy texnik ko‘rikning yo‘qligi ham ukrainaliklarni elektromobil sotib olishga rag‘batlantiradi.

Ekspert yana bir omil sifatida Ukrainada elektromobillarni utilizatsiya qilish bo‘yicha me’yorlarning yo‘qligini ta’kidladi, biroq bu atrof-muhit uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

“Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha 8-10 yil ishlatilgan mashinalar import qilinmoqda. Bu avtomobillar yana bir muddat, 3-5 yil davomida harakatlana oladi, keyin batareya o‘z kuchini yo‘qotadi va avtomobilni foydalanishga yaroqsiz holga keltiradi. Hozirda yangi batareya sotib olish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas. Bu batareyalar qayerga ketadi? Utilizatsiya qilingan avtomobillar ustidan hech qanday nazorat yo‘q”, — deydi Buchatskiy.

Elektromobillar narxi va zaryadlash imkoniyati

Ekspertning fikricha, elektromobillarning yanada arzonlashuvi ukrainaliklar orasida ularga bo‘lgan talabni oshirishi mumkin: “Ukraina avtomobil bozorida bitimlarning 80 foizi 8000 dollardan kam narxda amalga oshiriladi. Ammo bu summaga istalgan avtomobilni sotib olish qiyin, bir nechta modellar mavjud, xolos. Ya’ni elektromobillar xarid qilish imkoniyati tomondan ommabop bozorga kira olmayapti”.

Bundan tashqari, Avtomobil bozori tadqiqotlari instituti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, elektromobillarga bo‘lgan qiziqishning o‘sishiga zaryadlash imkoniyatining cheklangani to‘sqinlik qilmoqda. “Elektromobil xaridorlarining aksariyati ularni tunda uyda zaryadlashni mo‘ljallaydi va asosan xususiy uy egalari bunday imkoniyatga ega. Ommaviy stansiyalarda zaryadlash iqtisodiy jihatdan unchalik foyda keltirmaydi”, — deydi Buchatskiy.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy zaryadlash uskunalari ko‘pincha noqulay joylarda o‘rnatilgan bo‘lib, zaryadlash uchun yo‘nalishdan chetga chiqishga to‘g‘ri keladi.

“Shu bilan birga, avtomobillarni zaryadlash portlariga har xil turdagi ulagichlar o‘rnatilgan. Shuning uchun, ular orasida mos ulagich bor-yo‘qligini hisobga olish zarur”, — deb ta’kidladi u. “Agar kerakli ulagich bo‘lmasa, sekin zaryadlaydigan ulagichdan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Hatto zaryadlash moslamasi topilgan taqdirda ham, stansiyada bo‘sh joy borligiga kafolat yo‘q".

Elektromobil egalari Dmitriy va Andrey ham zaryadlash stansiyalaridagi navbatlardan xavotirlangani sababli, hali uzoq masofalarga safar qilmagan. Shu bilan birga, Ukrainada kerakli mobil dasturlar mavjud bo‘lib, ishlab chiqaruvchilar ular yordamida nafaqat zaryadlash stansiyasi bo‘sh ekanini ko‘rish, balki, masalan, uni ma’lum vaqtga band qilib qo‘yish ham mumkinligini aytmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: