Milliy tibbiyot markazida noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Jamiyat 19:48 1239

Milliy tibbiyot markazida noyob rekonstruktiv jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Markazning malakali ortoped jarrohlari tomonidan qilingan amaliyot davomida chap kichik boldir suyagi (fibula) qon tomirlari bilan birga chap tirsak suyagidagi defektni to‘ldirish uchun ko‘chirib o‘tkazildi.

Milliy tibbiyot markazi matbuot xizmati qayd etishicha, bu amaliyot O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotganligi bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Bemor Qozog‘iston fuqarosi bo‘lib, unga mutaxassislar tomonidan quyidagi jarrohlik ishlari bajarildi:

  • Fibula suyagini ko‘chirish: Kichik boldir suyagi qon tomirlari bilan birga ehtiyotkorlik bilan olinib, hayotchanligi saqlab qolindi.
  • Tirsak suyagiga biriktirish: Fibula suyagi tirsak suyagi defekti hududiga o‘rnatilib, plastinalar va vintlar yordamida osteosintez qilindi.
  • Qon aylanishini tiklash: Mikroxirurgik texnika yordamida tirsak arteriyasiga anastomoz o‘rnatildi va qon aylanishi tiklandi.
  • Pay va mushaklarni tiklash: Bemorning tirsakning normal funksiyasini tiklash uchun bukuvchi paylar tenonizatsiyasi bajarildi.

«Bu turdagi noyob amaliyot tibbiy texnologiyalarning yuqori darajasi va Milliy tibbiyot markazidagi jarrohlarning tajribasi natijasida muvaffaqiyatli yakunlandi. Operatsiyadan so‘ng bemorning sog‘ligi barqaror, reabilitatsiya jarayoni boshlangan. Ushbu muvaffaqiyat O‘zbekistonda yuqori texnologik jarrohlik rivojlanayotganidan dalolatdir.

Milliy tibbiyot markazi tibbiyot sohasida yuksak darajadagi xizmat ko‘rsatishda yetakchi markazlardan biri sifatida yana bir bor o‘z o‘rnini isbotladi», deyiladi markaz matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: