Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina mudofaasi bo‘yicha (Ramshtayn-24) kontakt guruhining Germaniyada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga 2024 yil kuzida barham berishga chaqirdi. Uning so‘zlari «Ukrainskiye natsionalnyye novosti» tomonidan keltirildi.
«Keling, bu kuz Rossiya agressiyasi tugaydigan vaqt bo‘lishini ta’minlaylik. Ishonchli xalqaro xavfsizlik tartibini tiklaydigan tarzda. Biz buni qilishimiz kerak», dedi Zelenskiy Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilariga murojaat qilib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev «o‘z qurollarini ko‘proq ishlab chiqarishga» va «haqiqiy tinchlikka» erishish maqsadida «Rossiyaga bosim o‘tkazish» uchun G‘arb davlatlari bilan dronlar, raketalar va boshqa qurollarni ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor. Biroq buning uchun Ukrainaga mablag‘ kerak bo‘ladi, deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Ukraina rahbari shuningdek, ittifoqchilardan uzoq masofali qurollar bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat so‘radi. «Biz bu uzoq masofaga zarba beruvchi qurollarni nafaqat Ukraina hududida, balki Rossiya hududida ham qo‘llashimiz kerak, Rossiyani tinchlikka intilishga undash uchun», dedi Ukraina prezidenti.
U, shuningdek, G‘arb davlatlaridan Kiyevga Rossiya tomonining hujumlarini qaytarish uchun qo‘shimcha vositalar bilan ta’minlash va’dalarini bajarishni so‘radi. «Hali yetkazib berilmagan havo hujumidan mudofaa tizimlari soni juda ko‘p», dedi Zelenskiy.
Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hech qachon Ukraina bilan muzokaralardan bosh tortmaganini aytdi. Ammo muzokaralar «ba’zi vaqtinchalik talablarga» emas, balki Rossiya va Ukraina delegatsiyalari 2023 yilda Istanbulda imzolagan kelishuvlarga asoslanishi kerak, dedi u.