Polshada aviatsiya sakkiz kun ichida uchinchi marta trevoga bo‘yicha osmonga ko‘tarildi

Jahon 15:04 / 04.09.2024 2992

Polsha va ittifoqchilarning jangovar samolyotlari Rossiya uzoq masofali aviatsiyasi faolligi, ular nishonlarga, xususan Ukraina g‘arbiy qismiga zarba berishi sababli trevoga bo‘yicha Polsha osmoniga ko‘tarildi. Bu haqda 4 sentabr, chorshanba kuni Polsha qurolli kuchlarining X operativ qo‘mondonligi ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, shu munosabat bilan mamlakat janubi-sharqida «shovqin darajasining oshishi» kuzatilishi mumkin.

Polsha havo hududi xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur tartib-qoidalar ishga tushirildi va tezkor qo‘mondonlik «vaziyatni doimiy ravishda kuzatib boryapti», deyiladi xabarda.

Reuters xabariga ko‘ra, samolyotlar sakkiz kun ichida uchinchi marta osmonga ko‘tarilmoqda.

Sikorskiy: Polsha Ukraina osmonida raketalarni urib tushirishga majbur 

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiyning aytishicha, Varshava Rossiya raketalarini Ukrainaning g‘arbiy hududlari osmonida, ularning mamlakat havo hududiga kirib kelishini kutmasdan urib tushirishga majbur. Bu haqda Britaniyaning Financial Times nashri 2 sentabr kuni vazirning bevosita nutqiga tayanib yozdi. 

«Men shaxsan ishonamanki, dushman raketalari bizning havo hududimizga kirganda, o‘zini himoya qilish, ularga zarba berish qonuniy bo‘ladi, chunki ular bizning havo hududimizga kirganda, vayronalar kimnidir jarohatlashi mumkin», - dedi Sikorskiy.

Bunday harakatlar bilan Polsha o‘z fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashi kerak, dedi mamlakat TIV rahbari. Sikorskiy Ukraina bilan chegaradosh boshqa Yevropa davlatlarini ham Rossiya raketalarini havo hududiga kirgunga qadar yo‘q qilishga chaqirdi.

Avvalroq Kiyev o‘zining g‘arbiy ittifoqchilarini Ukraina g‘arbini NATOga a’zo davlatlar hududidagi havo mudofaa tizimlari bilan yopishga, shuningdek, Ukraina uzra parvozlar taqiqlangan hududni yaratishga chaqirgan edi. Biroq Shimoliy Atlantika alyansi bunday choralar Rossiya Federatsiyasi va NATO o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Ko‘proq yangiliklar: