Donald Tramp AQShda hokimiyatga bir muddatdan so‘ng qaytgan ikkinchi prezident bo‘ldi. U dunyodagi eng qudratli davlat, birinchi iqtisodiyot va birinchi harbiy qudrat bo‘lgan AQSh tarixidagi ziddiyatli prezidentlardan biri. Shu sabab biz AQSh va Trampni tahlil qilishda davom etamiz.
Bunga qadar AQShning 22 va 24 prezidenti bo‘lgan Gruver Klivlend ham bir muddat prezidentlik kursisini yo‘qotib, yana hokimiyatga qayta olgan siyosatchi edi. Klivlend 1885-1897 yillar oralig‘ida jami sakkiz yil prezidentlik qilgan. Tramp AQSh tarixidagi eng ziddiyatli prezidentlardan biri. Lekin AQSh dunyodagi eng qudratli davlatlardan biri, birinchi iqtisodiyot, birinchi harbiy qudrat. Shu sabab biz AQSh va Trampni tahlil qilishda davom etamiz.
AQSh geostrategiyasi uchun eng muhim qit’a – Yevrosiyo va uning uch mintaqasi alohida ahamiyatga ega. Bular Yevropa, Sharq – Xitoy Xalq Respublikasi, uning atrofi va Yaqin Sharq hamda Amerika uchun uning markazi – Isroil davlati hisoblanadi.
Demokratlar keyingi o‘n yilliklarda mana shu uch mintaqadan asosiy e’tiborni sharqqa – Xitoy va uning atrofiga qaratdi. “Obama doktrinasi”ning eng muhim nuqtasi shuki, XXI asrdagi AQShning eng asosiy raqibi – bu XXR, Amerika mana shu davlatni tiyib turishga harakat qilishi kerak. Mana shu vazifadan kelib chiqib, Yevropa bilan ittifoqchilik kuchayishi, Isroil-musulmon dunyosi ziddiyati barham topishi kerak. Shuning uchun ham Obama o‘z boshqaruv davrida Eron bilan kelishishga harakat qildi.
Hokimiyatga Bayden kelgan 2021 yilda yana Xitoyni qurshovga olish siyosati kuchaytirilayotgan edi. Lekin Putinning Ukrainaga bostirib kirishi AQSh kun tartibini taktik jihatdan o‘zgartirdi. Chunki agar Ukraina Rossiya tomonidan yutilishiga qarab turganida, buning oqibatlari g‘arb uchun juda og‘ir bo‘lardi.
Mana endi, yana Tramp hokimiyatga qaytyapti. Va yana AQShning geosiyosiy, tashqi siyosiy prioritetlari o‘zgarishi mumkin.
Tramp impulsiv, beqaror va kayfiyat bilan ish qiladigan siyosatchi. U izolyatsionist, institutlarga va alyanslarga ishonmaydi. Tramp uchun Yaqin Sharqqa e’tibor kuchayishi aniq. U isroilparast, islomofob shaxs. Va kutish mumkinki, AQShning Eronga bosimi, vaqti-vaqti bilan “urush ochish” tahdidigacha borishi mumkin. Ayni paytda, Tramp “men urush qilmayman, lekin kuch ishlatishga tayyorman” degan bayonotlari bilan tanilgan prezident.
Ukraina-Rossiya urushi borasida, Tramp va’dasini hamma biladi. U bu urushni “bir kunda” tugatish niyatida. Nazarimda, bu imkonsiz. Chunki Putinning maqsadi – Ukraina ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga olish, Ukrainani Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslik. Demak, hozirgi bosib olingan 20% ukrain yerlari Putinni qoniqtirmaydi. Putin bu chegaralarda urushni to‘liq to‘xtatishi dargumon.
Ukraina ham yerlarini yo‘qotishga rozi emas. Qolaversa, NATOga intilishdan voz kechish niyati yo‘q. Agar ukrainalik siyosatchilardan kimdir “biz NATOga kirishdan voz kechishimiz kerak” desa, uning siyosiy umri tugagan bo‘ladi. Shuning uchun Trampning urushni to‘xtatish va’dasi, hozircha juda abstrakt. Agar urush to‘xtasa ham, bu vaqtinchalik to‘xtash bo‘lishi mumkin.
Trampning beqarorligi shundaki, u biron bir loyihani katta tantanalar bilan boshlaydi. Bu ish muvaffaqiyatli ketavermasa, uning hafsalasi pir bo‘ladi va loyihadan voz kechib qo‘ya qoladi. Yaxshigina misol – 2017-2021 yillarda AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasida kechgan muzokaralar. O‘shanda Tramp Kim Chen In bilan bir necha marta uchrashdi. U bilan kelishishga harakat qildi. Bu uchrashuvlar Shimoliy Koreyaga juda qo‘l keldi. Shimoliy Koreyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar, de-fakto kuchini yo‘qotdi. Lekin Kim yadroviy quroldan ham, Janubiy Koreya va Yaponiyaga tahdidlardan ham voz kechmadi. Va bugun Kim Chen In har doimgidan agressiv bo‘lib, qo‘rqmasdan Rossiyaga harbiy yordam bermoqda.
Tramp Xitoyga bosimni albatta kuchaytiradi. Lekin oldingi prezidentlardan farqlanib, u bu ishlarni yakka o‘zi qilmoqchi. U an’anaviy ittifoqchilarini safarbar qilmoqchi emas, ba’zan buni qila olmaydi ham. Chunki u NATO va Yevropa Ittifoqi a’zolariga ham bosim qilish niyatida.
Agar e’tibor bersangiz, yaqin o‘n yilliklar, balki asrimiz davomida, eng katta geosiyosiy tirashuvlar, mojaro va urushlar bizning atrofimizda kechadi. Bu konfliktlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida, ko‘pincha bittagina qo‘shni davlat bor xolos. Qozog‘iston osha urush qilayotgan Rossiya, Qirg‘iziston osha AQShning eng asosiy raqibi Xitoy Xalq Respublikasi, Turkmaniston osha Eron, Yaqin Sharqda esa biz o‘zligimiz bilan Falastin tarafdamiz, Ukraina esa post-sovet hududidagi “yaqin siyosiy qo‘shni davlat” hisoblanadi. Ya’ni post-sovet hududida, Ukraina kabi davlatning o‘z hududlarini yo‘qotishi “qoida”ga aylansa, bundan butun Markaziy Osiyo yutqazgan bo‘ladi.
Ayni paytda, bu konfliktlar O‘zbekiston uchun, Markaziy Osiyo, turkiy va musulmon dunyosi uchun “hamjihat bo‘lishga”, “birdamlik va birlikka”, “ittifoqchilikka” qulay imkoniyatlar ham shakllantirib boradi.