Ukraina Putinni hibsga olmagani uchun Mo‘g‘ulistonga oqibatlar bilan tahdid qildi

Jahon 13:19 / 03.09.2024 7908

«Mo‘g‘uliston ayblanayotgan jinoyatchiga odil sudlovdan qochish imkonini yaratdi va shu bilan uning harbiy jinoyatlari uchun mas’uliyatni ham o‘z gardaniga oldi. Biz hamkorlarimiz bilan bu Ulan-Bator uchun oqibatlari keltirib chiqarishi uchun ishlaymiz», — deb yozgan Tixiy X ijtimoiy tarmog‘ida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2 sentabr kuni Mo‘g‘ulistonga ikki kunlik rasmiy tashrif bilan keldi. U bu tashrifni Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan amalga oshirgan. Kremldagilar tashrif SSSR va Mo‘g‘ulistonning «Xalxin-Gol daryosida yapon militaristlari ustidan g‘alaba» qozonilganining 85 yilligiga bag‘ishlab amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.

Rossiya prezidentining Ulan-Batorga tashrifi oldidan Ukraina TIV Mo‘g‘ulistonni «hisga olish uchun xalqaro majburiy orderni bajarish va Putinni Haagadagi xalqaro jinoyat sudiga topishirish»ga chaqirgan edi.

XJS vakili Fadi al-Abdulla ham Mo‘g‘ulistonda «sud bilan hamkorlik qilish majburiyatlari borligi»ni eslatib, mamlakat uning qarorlarini bajarishi shartligini ta’kidlagan.

«Hamkorlik bo‘lmagan holatlarda XJS sudyalari tegishli qaror chiqarib, ishtirokchi davlatlar assambleyasini bundan xabardor qilishlari mumkin. Shundan so‘ng assambleya maqsadga muvofiq deb topilgan har qanday choralarni qabul qilishi lozim», — degan al-Abdulla.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Mo‘g‘uliston hokimiyati Putinni tashrif chog‘ida hibsga olmaslik kafolatini bergan. RF matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda bo‘lajak tashrifdan aslo xavfsiramayotgani, chunki «tashrifning barcha jabhalari sinchiklab tayyorlangani»ni ta’kidlagan.

Mo‘g‘uliston Xalqaro jinoyat sudi ishlashi uchun asos bo‘ladigan Rim statutini 2002 yilda ratifikatsiya qilgan. 2023 yilda mamlakat vakili ikki yillik davrga XJSning sudyasi etib saylangan.

Putinning Mo‘g‘ulistonga tashrifi Haaga sudi tomonidan 2023 yilda berilgan order bo‘yicha uni hibsga olishi lozim bo‘lgan mamlakatga ilk tashrifi bo‘ldi. Putin Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ayblanmoqda. Order, shuningdek, Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Mariya Lvova-Belovaga ham chiqarilgan. Sud uni ukrainalik bolalarni ko‘chirish tizimidagi asosiy figuralardan biri deb hisoblamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: