Mo‘g‘ulistonda Putinga qizil gilam to‘shashdi. Ukraina u hibsga olinmaganidan norozi

Jahon 11:40 / 03.09.2024 16649

Putinning samolyoti dushanba kuni kechqurun Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorga qo‘ndi. Bu yerda uni faxriy qorovul kutib oldi, u o‘z yo‘liga to‘shalgan qizil gilam bo‘ylab o‘tdi.

Seshanba kuni tongda Ulan-Bator markazida, Mo‘g‘uliston prezidenti qarorgohida Putinni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Rossiya rahbari Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Hurelsuh taklifi bilan ushbu mamlakatga tashrif buyurdi, TASS agentligi bunday taklif Pekinda 2023 yil kuzida o‘tkazilgan uchrashuvda berilganini eslatgan.

Putin Ulan-Batorga yetib borishidan ko‘p o‘tmay Ukraina TIV rasmiy vakili Georgiy Tixiy mo‘g‘ul hukumatining Xalqaro jinoiy sud sudi orderi bo‘yicha Rossiya prezidentini hibsga olmaslikka qaror qilganini qoraladi.

Haagada joylashgan sud Putin keng ko‘lamli bosqindan keyin Ukrainadagi bolalar Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilinishida javobgarligini da’vo qiladi.

«Mo‘g‘uliston hukumatining Putinni hibsga olish to‘g‘risidagi majburiy qarorni bajarmagani — Xalqaro jinoiy sud va xalqaro jinoiy huquq tizimiga og‘ir zarba bo‘ldi, — deyilgan ukrainalik diplomatning telegram-kanalidagi xabarda. — Mo‘g‘uliston ayblanayotgan jinoyatchiga odil sudlovdan qochish imkonini berdi va shu tariqa uning harbiy jinoyatlari uchun mas’uliyatga sherik bo‘ldi. Biz hamkorlar bilan bu Ulan-Bator uchun oqibatlarga ega bo‘lishi ustida ishlaymiz».

Dushanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yana bir bor Moskvadagilar Putin XJS orderi bo‘yicha Mo‘g‘ulistonda hibsga olinishi mumkinligi borasida xavotirlanmayotganini bildirdi. «Mo‘g‘uliston bilan bunday muammo yo‘q», — deya Peskovdan iqtibos keltirgan TASS agentligi.

Xalqaro jinoiy suddagilar bu borada nima deydi?

O‘tgan hafta oxirida XJS matbuot kotibi, doktor Fadi Al-Abdulla BBC bilan suhbatda sud a’zosi bo‘lgan mamlakat «Rim statutining IX bobiga ko‘ra hamkorlik qilish majburiyatini olishi»ni aytgandi.

Dushanba kuni Mo‘g‘uliston poytaxtidagi hukumat kompleksida Ukrainani qo‘llab-quvvatlab aksiya o‘tkazildi

Bu kelishuvda agar ularning bajarilishi boshqa davlat oldidagi «oldinroq tuzilgan shartnoma majburiyatlarini buzish» yoki uchinchi davlat vakillarining diplomatik immunitetini yoki mulkini buzishga olib keladigan bo‘lsa, a’zo davlatlar o‘z majburiyatlaridan ozod etilishi mumkinligi haqida band ham bor.

XJS matbuot kotibi aniqlik kiritishicha, kelishuvni imzolagan davlat «hamkorlikdan bosh tortgan» holat batafsil o‘rganiladi, keyin barcha a’zo davlatlar ishtirokidagi Assambleya «[qoidabuzarga qarshi] zarur deb topilgan istalgan choralarni qabul qilishi mumkin».

Sudning o‘z kuchishlatar organlari mavjud emas. Gumonlanuvchi sudga a’zo mamlakatlar tomonidan o‘z hududida hibsga olinadi, buning uchun shunday mamlakatlar hukumatlari iroda ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

2023 yilda Putin JARga bormagan (ushbu mamlakat ham Rim statutini ratifikatsiya qilgan) va BRIKS sammitida qatnasha olmagandi. Xabar qilishlaricha, buni undan Janubiy Afrika prezidenti shaxsan iltimos qilgan.

Putin keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon xorijga chiqishni kamaytirgan, hibsga olishga order berilganidan keyingi davrda u borgan mamlakatlarning barchasi Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmagan. Ulardan farqli ravishda Mo‘g‘uliston uning tarkibiga kirish jarayonini 2002 yilda yakunlagandi.

Shuningdek, Mo‘g‘uliston demokratik mamlakat nufuziga ega (masalan, Freedom House uni erkin mamlakatlar toifasiga kiritadi; tashkilot Rossiyani erkin mamlakat deb hisoblamaydi, Rossiya esa uni «istalmagan tashkilot» deb e’lon qilgan).

Avvalroq Ukraina hukumati Mo‘g‘ulistonni tashrif chog‘ida Putinni qo‘lga olish va uni Haaga sudiga topshirishga chaqirgandi. Peskov Kremldagilar tashrif borasida tashvishlanmayotgani, uning barcha detallari «sinchkovlik bilan tayyorlangani»ni aytgandi.

Putin Mo‘g‘ulistonda nima qiladi?

TASS xabariga ko‘ra, Putin sovet qo‘shinlari 1939 yilda Mo‘g‘uliston hududidagi Xolxin-Gol daryosi bo‘yida Yaponiya ustidan g‘alaba qozonganining 85 yilligi tadbirlarida ishtirok etadi.

Rossiya prezidenti ushbu mamlakatga so‘nggi bor besh yil muqaddam kelgan va o‘shanda ham Xolxin-Gol jangidagi g‘alabaning 80 yilligini nishonlashda qatnashgandi.

Putin shuningdek Mo‘g‘uliston prezidenti bilan uchrashadi, ikki mamlakat hukumatlari vakillari bir qancha ikki tomonlama hujjatlarni imzolaydi.

Rossiya va Mo‘g‘uliston prezidentlari shuningdek Xolxin-Goldagi jang vaqtida sovet va mo‘g‘ul qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan marshal Georgiy Jukov haykali poyiga gulchambar qo‘yishadi.

Ko‘proq yangiliklar: