2030 yilga borib Afrikaning 118 million qashshoq aholisi qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va haddan tashqari issiqlik oqibatlarini boshdan o‘tkazadi. Bu haqda Xalqaro meteorologiya tashkilotining (XMT) hisobotida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, qit’a iqlim o‘zgarishining tobora og‘ir yukini va zarur moslashuv uchun nomutanosib ravishda yuqori xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, Afrika davlatlari o‘rtacha 2-5 foiz YaIMni yo‘qotmoqda, aksariyati esa o‘z budjetining 9 foizgacha bo‘lgan qismini ekstremal iqlim hodisalariga qarshi kurashga yo‘naltiryapti.
Ta’kidlanishicha, Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika davlatlari keyingi o‘n yillikda iqlimga moslashish uchun yiliga 30-50 milliard dollar yoki YaIMning 2-3 foizini sarflaydi.
XMTga ko‘ra, Afrika davlatlari milliy meteorologik va gidrologik xizmatlarga sarmoyalarni ko‘paytirishga ustuvor ahamiyat berishi, hayot va tirikchilik vositalarini saqlab qolish uchun «Barcha uchun erta ogohlantirishlar» tashabbusini amalga oshirishni tezlashtirishi kerak.
Xalqaro meteorologiya tashkiloti bosh kotibi Selesta Sauloning ma’lum qilishicha, so‘nggi 60 yil ichida Afrikada haroratning isishi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq ro‘y bermoqda. «2023 yilda qit’a issiqlining halokatli to‘lqinlarini, kuchli yog‘ingarchiliklar, suv toshqinlari, tropik siklonlar va davomiy qurg‘oqchiliklarni boshdan kechirdi», — deydi u.
Sauloning qo‘shimcha qilishicha, shu kabi holat 2024 yilda ham saqlanib qolgan bo‘lib, bu gumanitar inqirozni yanada kuchaytirmoqda.