«Energoatom»: Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya AES elektr ta’minoti liniyasiga zarar yetkazdi

Jahon 15:05 / 03.09.2024 3620

2 sentabr kuni Rossiyaning Ukrainani navbatdagi ommaviy o‘qqa tutishi natijasida egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasida (ZAES) Ukraina energetika tizimidan keluvchi elektr uzatish liniyalaridan biri shikastlangan. Bu haqda 3 sentabr, seshanba kuni «Energoatom» Ukraina kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi. «Ikkinchi liniya shikastlangan taqdirda, Zaporijjya AESining reaktor yadrolari va yonilg‘i saqlash havzalarini sovitadigan nasoslarga tashqi quvvat yo‘qolishi sababli favqulodda vaziyat yuzaga keladi», deyiladi xabarda.

Kompaniya matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Rossiya qo‘shinlari tomonidan obektni qayta-qayta o‘qqa tutishi tahdidi tufayli ukrainalik mutaxassislar hozircha shikastlangan joyni ko‘zdan kechirib, elektr tarmog‘ini ta’mirlash ishlarini boshlay olmayapti. «Mutaxassislarga xavfsizlik kafolatlangandan so‘ng, liniya ta’mirlanadi», - deya aniqlik kiritdi «Energoatom» va ayni paytda Zaporijjyaya AES Ukraina energetika tizimiga faqat bitta elektr liniyasi orqali ulanganligini ta’kidladi, bu esa atom stansiyasi yuqori xavf zonasida ekanligini bildiradi.

Grossi «yadroviy hodisa oldini olish» uchun Zaporijjya AESga boradi 

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi «yadroviy hodisa oldini olish» uchun Ukrainaning Zaporijjya atom elektr stansiyasiga (ZAES) safar qiladi. AEXA rahbari safar haqida 2 sentabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lumot berdi.

Grossining eslatishicha, AEXA yordam missiyasi Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasida yadro xavfsizligini ta’minlash uchun tuzilganidan beri ikki yil o‘tdi. «Men ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirish va yadroviy hodisaning oldini olishda yordam berish uchun Ukrainadagi Zaporijjya atom elektr stansiyasiga ketyapman», deb yozgan u.

Zaporijjya AES 2022 yildan beri sovuq o‘chirish rejimida 
 
Zaporojjya AES Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir. Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanganidan so‘ng u rus qo‘shinlari tomonidan egallab olindi va u bir necha marta uchuvchisiz uchoqlardan hujumga duchor bo‘ldi hamda o‘qqa tutildi. Moskva va Kiyev bunda bir-birini ayblamoqda. AEXA Zaporijjya AESda «yadro xavfsizligining barcha ustunlari» yo‘q qilinayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Rossiya qo‘liga o‘tgandan beri Zaporijjya atom elektr stansiyasi o‘z hududidan tashqaridagi elektr uzatish liniyalari shikastlangani uchun kamida sakkiz marta quvvatini yo‘qotdi. O‘chirish vaqtida yadro yoqilg‘isining reaktorlarda va sovitish havzalarida xavfsiz holatda saqlanishiga tahdid mavjud. Stansiya 2022 yil 11 sentabrdan beri elektr energiyasi ishlab chiqarmaydi. Oltita ZAES reaktorining hammasi sovuq o‘chirish rejimida.

Ko‘proq yangiliklar: