Belgiya qiroli Filipp parlament saylovlarida g‘alaba qozongan o‘ng «Yangi Flamand alyansi» partiyasi rahbari Bart De Veverga hukumatni shakllantirish haqida yana topshiriq berdi. Bu haqda 2 sentabr, dushanba kuni monarx matbuot xizmati xabar berdi.
U De Veverga besh partiya o‘rtasida «tezkor muzokaralarni davom ettirishni» buyurdi. Avgust oyi oxirida siyosatchi potensial koalitsiya hamkorlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli o‘z mandatidan voz kechgandi, deya eslatadi AFP.
Belgiyada yangi hukumat tuzishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi
Belgiyada hukumat tuzish bo‘yicha birinchi urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Mamlakatdagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan o‘ng «Yangi Flamand alyansi» (N-VA) partiyasi rahbari Bart De Vever yangi hukumatni shakllantirish doirasida muzokaralar olib borish uchun mandatini qaytardi, deb xabar berdi Reuters 22 avgust kuni. Belgiya qiroli Filipp siyosatchining iste’fosini qabul qildi.
Qayd etilishicha, De Vever fransuz tilidagi liberal «Islohotlik harakati» (MR), "Xristian demokratlar va flamandlar" (CD&V), Vooruit Flamand sotsialistik partiyasi hamda Les Engagés fransuz tilidagi markazchi partiyasi bilan koalitsiya tuzish niyatida bo‘lgan. Muzokaralar De Vever tomonidan taklif etilgan muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, jumladan, pensiya va soliq tizimlariga o‘zgartirishlar, shuningdek, davlat xarajatlarini qisqartirish atrofida bo‘ldi.
Belgiyada parlament saylovlari
Belgiyada niderland tilida so‘zlashuvchi partiyalar Flandriyada, fransuz tilida so‘zlashuvchi siyosiy kuchlar esa Valloniyada vakillik qiladi. 2024 yilgi parlament saylovlarida mamlakatning niderland tilida so‘zlashuvchi qismida birinchi o‘rinni Antverpen burgomistri Bart De Veverning mo‘’tadil o‘ng «Yangi Flamand alyansi» partiyasi, fransuz tilida so‘zlashuvchi qismida esa liberal «Islohotlik harakati» egalladi.