Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rgangan amerikalik tadqiqotchilar Rossiyaning yadroviy qurilmaga ega «Burevestnik» qanotli raketasi ehtimoliy joylashuvini aniqlashdi. Bu haqda 2 sentabr, dushanba kuni Reuters agentligi xabar berdi.
Planet Labs tomonidan olingan suratlar Vologda-20 harbiy shaharchasi hududida yadroviy kallaklarni saqlash ombori yonida joylashgan qurilayotgan obektlarni ko‘rsatadi. U Vologdadan 70 km g‘arbda va Moskvadan 500 km shimolda joylashgan.
Tahlilchilar: Rossiya yangi raketalarni joylashtirishni boshlayapti
CNA tadqiqot tashkiloti tahlilchisi Dekera Eveletning so‘zlariga ko‘ra, rasmda to‘qqizta start maydonchasi qurilayotgani ko‘rsatilgan. Ular uch guruhga bo‘lingan va tuproq qal’alar bilan o‘ralgan. Qal’alar, Eveletning fikricha, raketaga xizmat ko‘rsatiladigan binolarga, shuningdek, yadroviy kallaklarni saqlash uchun beshta bunkerdan iborat majmuaga olib boruvchi yo‘llar orqali bog‘langan. Tahlilchining fikricha, bu joy «katta statsionar raketa tizimi uchun» mo‘ljallangan. Evelet «Burevestnik»ni Rossiyada bunday miqyosdagi yagona loyiha deb atadi.
Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti tadqiqotchisi Jyeffri Lyuis ham xuddi shunday fikrda. «Burevestnik»ning taxminiy joylashuvi Rossiya bir qator sinovlardan so‘ng loyihani joylashtirishni boshlaganini ko‘rsatadi.
Aniq fikr yo‘q
Amerika olimlari federatsiyasidan Hans Kristensen ancha ehtiyotkor. Uning qayd etishicha, aniq baho bera olmaydi, chunki Rossiya odatda raketa uchirgichlarini yadro kallaklari saqlanadigan hudud yaqiniga joylashtirmaydi.
Evelet va Lyuisning so‘zlariga ko‘ra, «Burevestnik»ni Vologda yaqinida joylashtirish rossiyalik harbiylarga yadro kallaklari bo‘lgan raketalarni yaqin atrofdagi bunkerlarda saqlashga imkon beradi va ularni tezda uchirish uchun qulay qiladi.
Rossiya «Burevestnik»ning kamida 13 ta sinovini o‘tkazdi
Putin 2018 yilda «Burevestnik» qanotli raketasi ishlab chiqilishi haqida Federal majlisga murojaati chog‘ida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «yadro kallagini olib yuradigan, deyarli cheksiz» masofaga ega va «oldindan aniqlab bo‘lmaydigan parvoz yo‘li» bo‘lgan yashirin qanotli raketa.
Amerikaning Nuclear Threat Initiative tahlil markazi Amerika razvedka ma’lumotlariga tayanib, 2017 yildan 2019 yilgacha Rossiya «Burevestnik»ni kamida 13 ta sinovdan o‘tkazgani, ammo ulardan faqat ikkitasi «qisman muvaffaqiyatli» bo‘lganini xabar qildi. 2019 yil avgust oyida Severodvinsk yaqinidagi poligonda portlash sodir bo‘ldi, uning davomida «Rosatom» va Mudofaa vazirligining yetti nafar xodimi halok bo‘ldi. Muvaffaqiyatsiz sinovlar vaqtida u yerda aynan «Burevestnik» raketasi portlaganini tahlilchilar inkor etishmagan.
2023 yil oktyabr oyida Putin Rossiya yadroviy qurilmaga ega «Burevestnik»ning so‘nggi muvaffaqiyatli sinovini o‘tkazganini e’lon qildi. Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rgangan The New York Times jurnalistlari sinovlar Novaya Zemlya arxipelagida o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishdi.