Volkswagen Germaniyadagi zavodlarini yopish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Jahon 21:45 / 02.09.2024 3735

Volkswagen Germaniyadagi zavodlari foyda keltirmayotgani bois ularni yopish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi Bloomberg.

«Iqtisodiy vaziyat yanada yomonlashdi va Yevropaga yangi o‘yinchilar kelmoqda. Germaniya biznes yuritish joyi sifatida raqobatbardoshlik nuqtai nazaridan tobora ortda qolmoqda», — deydi Volkswagen’ning bosh ijrosi direktori Oliver Blyume.

Ta’kidlanishicha, kompaniya avtomobil ishlab chiqaruvchi kamida bitta yirik zavodi va ehtiyot qismlar chiqaradigan korxonasini yopishni reja qilgan. Shuningdek, Volkswagen 2029 yilga qadar ish o‘rinlarini saqlab qolish borasida kasaba uyushmalari bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish niyatida. Agentlikning qayd etishicha, yuqoridagi rejalar tasdiqlansa, bu kompaniyaning 87 yillik tarixi davomida Germaniyada ilk avtozavodining yopilishi bo‘ladi.

Volkswagen ishchi kengashi rahbari Daniel Kavalloning ma’lum qilishicha, Golf va Tiguan modellarini ishlab chiqaradigan kompaniyaning asosiy brendi foyda keltirmay qo‘yishi mumkin.

Bloomberg’ning qayd etishicha, bunday mehnat mojarosi Porsche sport avtomobillari markaziga ham rahbarlik qiladigan bosh direktor uchun jiddiy sinov bo‘ladi.

Volkswagen’ning butun dunyo bo‘ylab joylashgan zavodlarida jami 650 ming xodim ishlaydi, ularning 300 ming nafari Germaniyadagi ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritadi. Kuzatuv kengashidagi o‘rinlarning yarmini kasaba uyushmalari vakillari egallagan, shuningdek, aksiyalarning 20 foizi tegishli bo‘lgan Quyi Saksoniya ko‘pincha kasaba uyushmalari tashkilotlari tarafini olib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: