Sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan suratlarni o‘rgangan amerikalik tadqiqotchilar Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yilda aytgan yadroviy kallakka ega «Bo‘ronqush» qanotli raketalari joylashgan hududni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi Reuters.
Planet Labs kompaniyasi tomonidan 26 iyul kuni olingan suratlarda «Vologda-20» harbiy shaharchasi hududidagi yadroviy jangovar kallaklar saqlanadigan ombor yaqinida qurilayotgan obektlarni ko‘rish mumkin. O‘z navbatida u Vologda viloyatidagi Chebsara posyolkasi atrofida — Vologdaning o‘zidan taxminan 70 kilometr g‘arbda va Moskvadan 500 kilometr shimolda joylashgan.
CNA tadqiqot tashkiloti tahlilchisi Deker Eveletning so‘zlariga ko‘ra, suratlarda to‘qqizta uchirish maydonchasi tasvirlangan. Ular uch guruhga bo‘lingan va tuproq uyumlari bilan o‘ralgan — bu maydonchalardan birida portlash yuz bersa yoki hujumga uchrasa qolganlarini himoyalash uchun kerak.
Tuproq uyumlari Eveletning hisoblashi bo‘yicha raketalarga xizmat ko‘rsatiladigan binolar, shuningdek, yadroviy jangovar kallaklar saqlanadigan beshta bunker bilan bog‘langan. Eveletning fikricha, ushbu joy «yirik statsionar raketa tizimi» uchun mo‘ljallangan, Rossiyada esa bunday turdagi yagona loyiha «Bo‘ronqush» hisoblanadi.
Middlberi xalqaro tadqiqot instituti vakili Jyeffri Lyuis ham Eveletning taxminlariga qo‘shilgan. Uning fikricha, «Bo‘ronqush»ning ehtimoliy joylashuvi Rossiya so‘nggi yillarda bir qator sinovlardan so‘ng loyihani ishga tushirishni boshlaganidan dalolat beradi.
Amerika olimlari federatsiyasidan bo‘lgan yana bir tadqiqotchi Xans Kristensenga ko‘ra, suratlarda uchirish maydonchalari va «Bo‘ronqush»ga bog‘liq boshqa obektlar ham tasvirlangan bo‘lishi mumkin. Ammo uning ta’kidlashicha, bunday taxminlar aniq emas, chunki Rossiya odatda raketalarni uchirish maydonchalarini yadroviy jangovar kallaklar ombori yaqiniga qurmaydi.
Rossiya Mudofaa vazirligi jurnalistlarning bu boradagi savollariga javob qaytarmagan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, ushbu savol bilan harbiylarga murojaat qilish kerak.
«Bo‘ronqush» qanotli raketasi yaratilayotgani to‘g‘risida Putin 2018 yili Federal yig‘inga murojaatida ma’lum qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Rossiya Mudofaa vazirligi raketa sinovi tasvirlangan video bilan bo‘lishdi.
Amerikaning Nuclear Threat Initiative tahliliy markazi razvedkaga tayanib 2017 yildan 2019 yilgacha Rossiya «Bo‘ronqush»ning kamida 13 ta sinovini o‘tkazgani, biroq ularning faqat ikkitasi «qisman muvaffaqiyatga» erishganini yozgandi. 2019 yilda Arxangelsk viloyatidagi poligonda portlash yuz berishi oqibatida «Rosatom» hamda Mudofaa vazirligining yetti nafar xodimi halok bo‘lgandi. Tadqiqotchilar va OAV o‘shanda aynan «Bo‘ronqush» raketasi portlaganini taxmin qilgan edi.
2023 yil oktyabrda Putin Rossiya «Bo‘ronqush» qanotli raketasining «oxirgi muvaffaqiyatli sinovini» o‘tkazganini ma’lum qildi. Shu bilan birga The New York Times sun’iy yo‘ldosh suratlarini o‘rganib, Rossiya Yangi Yer arxipelagidagi poligonda sinovlarga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risida xulosaga kelgandi.