Bir paytlar GDR hududi bo‘lgan Germaniya sharqidagi mahalliy yer saylovlari tarixiy deb atalmoqda va ularning oqibatlari kuchlar taqsimotini o‘zgartirishi va Berlindagi siyosatga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1 sentabr, yakshanba kuni o‘tkazilgan saylovlarda Tyuringiyada “Germaniya uchun muqobil” (GuM) partiyasi 33 foiz ovoz jamg‘arib, g‘olib chiqqan. Uning eng yaqin ta’qibchisi konservativ Xristian demokratik ittifoq (XDI) qariyb o‘n foizga ortda bormoqda.
Tyuringiyada o‘ng ekstremistlarning muvaffaqiyati
2013 yilda tuzilgan va Germaniyada o‘ng populistik partiya sanaluvchi GuM uchun bu mahalliy yer miqyosida rekord muvaffaqiyat sanaladi. Saksoniyada ham GuM yetakchilar qatoriga ko‘tarilgan va 32 foiz ovoz to‘plagan XDIdan bor-yo‘g‘i bir foiz ortda qolgan. Bunday natijalar fonida GuM avval hisoblab kelinganidek, shunchaki protest partiyasi ko‘rinmayapti. So‘rovlar ko‘pchilik bu partiyaga ming mushohada qilib ovoz berganini aytgan.
Sotsiologlarning qayd etishicha, yoshlar orasida GuM yanada katta mashhurlikka ega. Tyuringiyada 18-24 yoshli saylovchilarning 38 foizi ultrao‘nglarga ovoz bergan.
G‘arb OAVlarining qayd etishicha, Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk marta o‘ng ekstremistik partiya Germaniyadagi mahalliy yer saylovlarida eng kuchli natijalarga erishgan. Har ikki yerda konstitutsiyani himoya qiluvchi tashkilotlar GuMni o‘ng ekstremistik deb tan olgani, uni maxsus xizmatlar muttasil kuzatishi ham saylovchilarni cho‘chita olmagan ko‘rinadi. GuMning Tyuringiyadagi rahbari 52 yoshli Byorn Hyokke partiyaning o‘ng ekstremistik qanoti rahbarlaridan biri sanaladi. Saylovdan biroz avval u natsistlarga xos ibora ishlatgani uchun jarimaga tortilgan edi. Bir necha yil avval esa sud Hyokkeni “fashist” deb atash mumkinligi to‘g‘risida qaror chiqargan. Endi u Tyuringiya bosh vaziri lavozimiga nomzod.
Ukrainaga qurol-yarog‘ bermaslik to‘g‘risidagi chaqiriqlar
Yangi, 2024 yilning boshida tuzilgan so‘l populistik “Sara Vagenknext Ittifoqi” (SVI) partiyasi ham muvaffaqiyatga erishgan. Yil boshida noldan tuzilgan partiya ko‘plab partiyalardan o‘zib ketgan va Tyuringiyada 15 foiz, Saksoniyada esa 11 foiz ovoz to‘plagan. Partiya So‘l partiyaning parchalanishidan so‘ng paydo bo‘lgan. O‘shanda so‘lchilarning bundestagdagi fraksiyasi rahbari Sara Vagenknext ularni tark etgan edi. So‘l partiyaning o‘zi har ikki parlamentga o‘ta olgan bo‘lsa-da, ko‘plab ovozlarni boy bergan va ularning katta qismini SVI o‘ziga og‘dirib olgan.
Yetakchilar uchligidan har ikki partiya GuM va SVI Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazilishiga qarshi va Rossiyaga qarshi Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalarning olib tashlanishini yoqlaydi. Ularning fikricha, Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazilishi Rossiya bilan urush xavfini oshiradi, sanksiyalar esa avvalo Germaniya iqtisodiyotiga zarar bo‘lmoqda. Garchi federal yerlar GFRning tashqi siyosatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir o‘tkaza olmasa-da, SVI Rossiyaning Ukrainaga ochgan urushini diplomatik yo‘l bilan tugatishni bosh mavzu qilib olib, Germaniyada ko‘pchilikni taajjublantirdi. U o‘zini “tinchlik partiyasi” sifatida taqdim etib, saylov kampaniyasini o‘tkazdi. Boz ustiga, nomi partiyaga berilgan yetakchisi, 55 yoshli Sara Vagenknext Ukraina bo‘yicha “diplomatiya”ga urg‘u berish, shuningdek, Germaniyada AQShning uzoq masofaga uchuvchi raketalarini joylashtirish bo‘yicha rejalarini bekor qilish — uning partiyasining mahalliy yer hukumatlarida ishtirok etishning bosh sharti ekanini aytgan. Saylovlar chog‘ida Vagenknext xonimning qat’iy ohangi biroz susaydi, lekin bu mavzu muzokaralarda, albatta, ko‘tarilishini ta’kidlagan.
“Germaniya uchun muqobil” esa saylovlarni migratsiya va jinoyatchilikka keskin chora ko‘rishga katta urg‘u berib yutgan. Partiya qochqinlar va migrantlarni qabul qilish qoidalari qat’iylashtirilishini istaydi.
Yuqori natijalarga qaramasdan, partiyada mahalliy yer hukumatini shakllantirish imkoniyati yo‘q, barcha partiyalar ular bilan koalitsiya tuzishdan bosh tortgan. Saylovlardan keyin yangragan bayonotlarga ko‘ra, GuM Tyuringiyada XDI bilan alyans tuzishni istayotgani juda bilinib qolgan. Ya’ni bu partiya muxolifatda qolsa ham uning ta’siri sezilarli bo‘ladi. Mandatlarning uchdan bir qismiga ega chiqqan GuM bloklovchi ozchilikka ega bo‘ladi. U muddatdan oldingi saylovlarni, mahalliy Konstitutsion sud sudyalarini yoki Tyuringiya konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgarishlarni bloklay oladi.
“Sara Vagenknext Ittifoqi” esa “oltin aksiya” deb ataluvchi narsaga ega bo‘ladiganga o‘xshaydi. Tyuringiyada SVIsiz hukumatni shakllantirib bo‘lmaydi. Ehtimol Saksoniyada ham. Har ikki yerlarda murakkab muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Hukumatlarni baribir XDI vakillari boshqarsa kerak. Konservatorlar SVI va katta ehtimol so‘l partiya bilan og‘riqli yon berishlarga majbur bo‘lishi mumkin.
Berlin siyosatida nima o‘zgaradi?
Berlinda hukmronlik qilayotgan so‘l liberal koalitsiya uchun Germaniya sharqidagi saylov natijalari iyun oyida Yevropa parlamentiga bo‘lib o‘tgan muvaffaqiyatsiz saylovlardan so‘ng ikkinchi jiddiy zarba bo‘ldi. Dpa agentligining yozishicha, Berlin uchun mazkur saylov natijalari “halokatli, biroq bundan-da battar bo‘lishi mumkin edi”. Tyuringiyada “yashillar” va Erkin demokratiya partiya (EDP)dan liberallar besh foizlik to‘siqdan o‘ta olishmagan. Olaf Sholsning sotsial-demokratlari olti foizdan sal ko‘proq ovoz jamg‘arib eng yomon ssenariydan qochib qolishga ulgurishgan, biroq partiyaning xalq tomonidan qo‘llanishi pasayib bormoqda. Saksoniyada EDP o‘ta olmagan, “yashillar” va sotsial-demokratlar mahalliy parlament — landtagga qiyinchilik bilan yo‘l olishgan.
Bunday natijalar va GuMning muvaffaqiyati aslo syurpriz bo‘lgani yo‘q, shunchaki so‘nggi yillar tendensiyasining davomi bo‘ldi. So‘l liberal partiyalar shundoq ham sobiq GDR bo‘lgan sharqiy Germaniyadagi ojizona pozitsiyalarini boy bermoqda, o‘nglar va ayniqsa o‘lrao‘nglar tobora kuch to‘plab bormoqda. Tyuringiya va Saksoniyada saylovlar kuni GuMga qarshi norozilik aksiyalari o‘tkazildi.
Bu saylovlardan so‘ng Berlin siyosatida nimalar o‘zgaradi? Sara Vagenknext Germaniyaning Ukraina va Rossiyaga nisbatan siyosati o‘zgarishiga erisha oladimi? Sharhlovchilar o‘z prognozlarida juda ehtiyotkor va SVI yetakchisi bu ishga urinib ko‘rishini aytmoqda. Ehtimol, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarda diplomatiyaning rolini tilga olish koalitsion shartnomada o‘z aksini topar, biroq Vagenknext taklif qilayotgan Ukrainaga harbiy yordamni qisqartirish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish va “Shimoliy oqim” gaz haydash quvurini ishga tushirishga hech kim ishonmaydi.
Saylovlarda ko‘tarilgan yana bir asosiy masala — migratsion siyosat bo‘yicha o‘zgarishlar ovoz berishdan ancha avval boshlangan. Suriyadan kirib kelgan migrant Germaniya g‘arbidagi festival mehmonlariga pichoq bilan hujum qilganidan so‘ng GFR hukumati migratsion qonunchilikni kuchaytirgan. Tahlilchilarning fikricha, 2025 yilning kuziga mo‘ljallangan Bundestagga saylovlar yaqinlashishi bilan bu jarayon yanada davom ettiriladi. Muddatdan avval saylovlar o‘tkazish ehtimoli hozircha past, biroq hukmron partiyalarning Saksoniya va Tyuringiyadagi muvaffaqiyatsizliklari Berlindagi koalitsiyaga yana qo‘shimcha bosim yuklashi mumkin. Boz ustiga keyingi vaqtlar koalitsiya ishtirokchilariga murosa qilish tobora qiyin bo‘lib bormoqda.