Eronda Raisiy vertolyotining qulashi bo‘yicha o‘tkazilgan tergov yakunlandi

Jahon 02:23 / 02.09.2024 6262

Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyoti yomon ob-havo tufayli halokatga uchragan. Bu haqda mazkur fojiani tergov qilgan komissiyaning yakuniy hisobotida so‘z boradi.

Bortida 63 yoshli prezident Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, shuningdek, Tabriz masjidi imomi Sayid Muhammad Ali al-Hoshim va Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy bo‘lgan vertolyot 19 may kuni Eron shimoli-g‘arbida qulab tushgandi. Eron delegatsiyasi Ozarboyjondan qaytayotgan edi.

Tergov komissiyasi hisobotida keltirilishicha, halokat «mintaqadagi murakkab ob-havo sharoiti tufayli» yuz bergan. Ya’ni kutilmaganda paydo bo‘lgan qalin tuman oqibatida vertolyot tog‘ bilan to‘qnashib ketgan.

Sud-tibbiy ekspertiza qurbonlarning jasadlarida «shubhali moddalar» aniqlamagan. Mutaxassislar vertolyotning texnik holatiga oid barcha hujjatlarni o‘rganib chiqib, belgilangan me’yoriy hujjatlar asosida ta’mirlangan va tekshirilgan degan xulosaga kelgan. Uchuvchilar oldindan belgilangan marshrut bo‘ylab parvoz qilgan va berilgan parvoz yo‘lidan chetga chiqmagan. 

Raisiy 23 may kuni o‘zining tug‘ilib o‘sgan shahri Mashhadda dafn qilindi. Shahar meri so‘zlariga ko‘ra, dafn marosimiga 3 millionga yaqin odam kelgan. Prezidentning jasadi XIII asrga oid oltin gumbazli arxitektura majmuasi bo‘lgan Imom Rizo maqbarasiga qo‘yildi. 

30 iyul kuni esa Tehrondagi Eron parlamenti binosida mamlakat saylangan prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Eron manbalariga ko‘ra, marosimda 80 dan ortiq davlatdan yuqori martabali mehmonlar ishtirok etgan. 

Ko‘proq yangiliklar: