Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi

Jahon 21:05 / 22.12.2024 1479

Turkiya janubidagi Mug‘la viloyatida joylashgan O‘quv-tadqiqot gospitali binosiga vertolyot urilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat gubernatori Idris Akbiyik ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki uchuvchi, shifokor va shifoxona xodimlaridan biri halok bo‘lgan.

Fojia mahalliy vaqt bilan soat 10:06 da yuz bergan. Ma’lum qilinishicha, favqulodda tibbiy yordam ko‘rsatish vertolyoti shifoxonaning to‘rtinchi qavatiga urilgan va yerga qulab tushgan.

Ta’kidlanishicha, avariya vaqtida hudud qalin tuman bilan qoplangan bo‘lgan.

Voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar, tibbiyot xodimlari, politsiya va Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi xodimlari yetib kelgan.

Vertolyot halokatiga nima sabab bo‘lganini aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan.

Ko‘proq yangiliklar: