Braziliya Oliy sudi mamlakat hukumatining X ijtimoiy tarmog‘ini (sobiq Twitter) taqiqlash qarorini qo‘llab-quvvatladi, deb xabar berdi Bloomberg.
Bu haqdagi qaror 2 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn yig‘ilishda qabul qilindi. X ijtimoiy tarmog‘i qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatiga ega.
Ijtimoiy tarmoqning mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatish haqidagi qaror 30 avgust kuni Oliy sud sudyasi Aleshandr de Moraesh tomonidan chiqarilgan. Qaror X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask sudning bir qancha qarorlarini bajarmagani, jumladan kompaniyaning mamlakatdagi rasmiy vakilini tayinlashdan bosh tortgani uchun qabul qilingan. Bloklash qarori ijtimoiy tarmoqning Braziliyadagi 20 million foydalanuvchisiga ta’sir ko‘rsatdi.
Hay’atdagi hakamlar ham Moraesh qarorini qo‘llab-quvvatladilar, unga ko‘ra VPN orqali taqiqini chetlab o‘tishga uringan shaxs yoki kompaniya kuniga 50 ming real (9 ming AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortiladi.
Hakamlar hay’ati Ilon Maskning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet provayderining bank hisobraqamlarini blokirovka qilish qarorini muhokama etmadi. Bloomberg ta’kidlaganidek, hisobraqamlar ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan jarimalarni to‘lashga majburlash uchun bloklangan. Starlink vakillari ushbu qaror ustidan sudga shikoyat kiritgan edi.