Beslan, 2004 yil 1 sentabr. 20 yil muqaddam Rossiya tarixidagi eng qo‘rqinchli terakt ro‘y bergandi

Jahon 19:43 / 01.09.2024 26737
14 yoshli Alina Bekuzarova Beslandagi terakt qurboni bo‘lgan amakivachchasi Alan Gaytovning maktabdagi daftarlarini izlamoqda
Aleksandr Demyanchuk / Reuters / Scanpix / LETA

Yigirma yil muqaddam zamonaviy Rossiya tarixidagi eng dahshatli terakt sodir etilgandi. 2004 yil 1 sentabr kuni terrorchilar guruhi Shimoliy Osetiyaning Beslan shahrida 1-raqamli maktabni egallab oladi, bu vaqtda u yerda Bilimlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazilayotgandi. Jangarilar maktab o‘quvchilari, ota-onalar va o‘qituvchilarni sportzalga haydab kirishadi va ularni u yerda ikki yarim kun davomida yegulik va ichimlik suvsiz ushlab turishadi. Terrorchilar tomonidan minalashtirilgan maktabda 1128 kishi bo‘lib, ularning aksari o‘quvchilar edi. Shu bilan birga, rasmiylar garovdagilar sonini muntazam ravishda kamaytirib ko‘rsatishadi.

Terakt uchun javobgarlikni chechen ayirmachilari yetakchisi Shamil Basayev o‘z zimmasiga olgan. 3 sentabr kuni sportzalda portlashlar ro‘y beradi, shundan keyin maxsus topshiriqli otryad jangchilari maktabni shturm qilishni boshlaydi. Garovdagilarni ozod etish bo‘yicha amaliyot chog‘ida 333 kishi halok bo‘ladi, shundan 186 nafari bolalar edi. Kamida 783 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Kun oxiriga borib 31 terrorchi yo‘q qilingani ma’lum qilinadi, jangarilardan biri — Nurposho Kulayev — tirik holda ushlangan va keyinroq umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Rossiya rasmiylari Beslan haqida eslashni yoqtirmaydi. Vladimir Putin o‘z boshqaruvi davrida faqat ikki bor shaharga tashrif buyurgan, terakt sodir etilgan kunni eslash kuni esa biror marta ham kelmagan. 2024 yilda prezident 20 avgust kuni Beslanga keldi. Garovga olishning 20 yilligi xotirlanayotgan kunda esa u Mo‘g‘ulistonga jo‘nab ketgan. Terakt bo‘yicha surishtiruv ishlari haligacha rasman yakunlanmagan. «Meduza» 2004 yil 1-3 sentabr kunlari Beslandagi voqealar qanday rivojlanganini yodga oldi.

1 sentabr

Terrorchilar yig‘ilish boshlanishi bilanoq 1-maktab hovlisiga bostirib kiradi. Bir necha daqiqa ichida ular mingdan ortiq kishini maktab sportzaliga haydab kiradi, gavrodagilarning shaxsiy buyumlarini olib qo‘yadi va binoda barrikada qurib, qo‘lbola portlovchi qurilmalarni o‘rnatishga kirishadi. Jangarilar maktab binosi planini oldindan o‘rganishgandi. Ular qayerda nima borligini juda yaxshi bilishardi.

Rasmiylar qancha odam garovga olinganidan xabardor edi. Maktab atrofiga maxsus bo‘linmalar olib kelinadi, aksilterror amaliyot operativ shtabi tashkil etiladi, jinoiy ish ochiladi. Ammo barcha rasmiy xabarlarda maktabda garovga olinganlar soni aslida ko‘p emasligi aytiladi. Xabarlarda 120 dan 354 kishigacha bo‘lgan raqamlar keltiriladi. «Novaya gazeta»ning yozishicha, Beslandagi amaliyotning axboriy yoritilishi bilan VGTRK xodimi Pyotr Vasilev va RF prezidentining hozirgi matbuot kotibi Dmitriy Peskov shug‘ullangan. Garovdagilar soni ataylab bunday kam ko‘rsatilishi garovga oluvchilarning jahlini chiqaradi va ular garovdagilarga nisbatan munosabatini o‘zgartirishadi. «Agar ular sizni 300 kishi deb o‘ylayotgan bo‘lsa, unda biz shunday qilamizki, bu yorda chindan ham shuncha odam qoladi!» — deya terrorchilardan birining garovga olinganlarga aytgan so‘zlarini eslaydi guvohlardan biri.

Maktab egallanganidan ikki soat o‘tib terrorchilar garovdagilardan birini rasmiylarga yo‘llangan noma bilan chiqarishadi, unda muzokaralar uchun Shimoliy Osetiya rahbari Aleksandr Dzasoxov, Ingushetiya rahbari Murat Zyazikov va shifokor Leonid Roshal (keyinroq ro‘yxatga RF prezidenti maslahatchisi Aslanbek Aslaxanov ham qo‘shiladi) kelishi talab qilingandi. Ular shuningdek aloqa uchun telefon raqami berishgandi. Shturm boshlangan taqdirda har bir halok bo‘lgan jangari uchun 50 nafardan otib tashlanishi bilan tahdid qilishadi. Yozuvda ikki xatolik bor edi: Roshalning raqami va familiyasida. Aslida terrorchilar general Vladimir Rushaylo bilan muzokara olib borishni talab qilishgandi.

Soat 16:00 atrofida maktabda portlash ro‘y beradi. Binodagi barrikada oldidagi odamlar oldida xudkush terrorchi portlab ketadi, yana biri og‘ir yaralanadi. Buning ortidan terrorchilar 21 kishini otib tashlaydi.

Kechqurun Osetiyaga Leonid Roshal uchib keladi, u 2002 yil Dubrovkada ro‘y bergan terakt vaqtida terrorchilar bilan muzokara o‘tkazish tajribasiga ega edi. Jangarilar uni maktabga kiritishmaydi, chunki ular general Rushayloni kutishgandi. Ammo Roshal ular bilan telefon orqali gaplashadi. Shifokor garovdagilarga suv va dori olib kirishga imkon berishni so‘raydi, bolalarni katta yoshlilarga almashishni taklif qiladi — shuningdek, terrorchilarga Checheniston va Ingushetiyaga chiqib ketish uchun yo‘lak ham. Barcha takliflar rad etiladi.

Harbiy garovga olishning ilk soatlarida yosh qizchaga terakt joyidan qochishda yordam bermoqda. Kadr 2004 yil 1 sentabr kungi teles’yomkadan
Reuters / Scanpix / LETA
Maxsus topshiriqli bo‘linma Beslandagi maktabda
Reuters / Scanpix / LETA
2004 yil 1 sentabr kuni Beslandagi odamlar garovga olingan 1-maktab hovlisida yerda yotgan gul buketi
S.Dal / Reuters / Scanpix / LETA
Terrorchilar bilan muzokaralarda qatnashgan doktor Leonid Roshal
Yuriy Kochetkov / Reuters / Scanpix / LETA

2 sentabr

Vladimir Putin faqat bir kun o‘tib, 2 sentabr kuni soat 11:00 da Beslandagi terakt yuzasidan millatga murojaat qiladi. U Sochidagi ta’tilini barvaqt to‘xtatadi va Turkiyaga rejalashtirilgan safarini keyinga qoldiradi.

Terrorchilar Roshal bilan muzokaralarni davom ettiradi, ammo bundan hech qanday naf chiqmaydi. Hukumat rasmiy xabarlarida esa terrorchilar muzokara olib bormayotgani va o‘z shartlarini qo‘ymayotgani aytiladi. Aslida esa ular garovdagilar orqali Shamil Basayevning Putinga murojaati yozilgan videokassetani ham chiqarishgandi. Chechen ayirmachilari yetakchisi harbiy harakatlarni to‘xtatish va Rossiya qo‘shinini Chechenistondan olib chiqishni talab qilgandi. Bundan tashqari, Ingushetiya prezidenti Ruslan Aushev orqali Putinga maktub uzatilgandi.

Soat 16:00 da Ruslan Aushev muzokaralar uchun maktabga kiradi. U terrorchilar bilan garovdagilarning 26 nafari — emizikli ayollarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishadi.

Mahalliy aholi Beslanda garovga olingan maktab yaqinida, 2004 yil 2 sentabr.
Birinchi suratda Ingushetiyaning sobiq rahbari Ruslan Aushev terrorchilar bilan muzokara uchun yo‘l olmoqda. U ichkaridan 26 nafar ayol va ularning emizikli chaqaloqlarini olib chiqishga erishgan.
Viktor Korotayev / Reuters / Scanpix / LETA
Shamil Basayevning Vladimir Putinga atalgan va terrorchilar Ruslan Aushev orqali chiqargan xati
Foto Nurposho Kulayevaga qarshi jinoiy ish materiallaridan

Maxsus topshiriqli otryad a’zosi Elbrus Gogichayev Alena Tskayevani ko‘tarib ketmoqda — bu qizcha garovdagilar orasida bo‘lgan va Ruslan Aushevning terrorchilar bilan muzokaralari vaqtida ozod etilgan. Alenaning onasi Fotima Tskayeva qizini berib yuborgan. Fotimaning o‘zini va boshqa farzandlari — olti yoshli Kristina va uch yoshli Maxarni — terrorchilar qo‘yib yuborishmagan. Fotima va Kristina halok bo‘lgan, ammo ona Maxarni singan derazadan pastga tashlashga ulgurgan. U omon qolgan. Elbrus Gogichayev qizchani Beslan ma’muriyatiga olib kelgan va maktabga qaytgan. Elbrus Gogichayev keyingi yillarda Alena Tskayeva bilan bir necha bor uchrashgan: u 2010 yil Alena birinchi sinfga borganida va 2021 yilda maktabni bitirganida maktabga borgan.
Viktor Korotayev / Reuters / Scanpix / LETA

3 sentabr

3 sentabr tongida terrorchilar garovdagilarga suv va yegulik berishdan yana bosh tortishadi. Ammo keyinroq rasmiylar teraktning ilk kunida o‘ldirilgan kishilarning jasadlarini evakuatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Dzasoxov va Aushev biznesmen Mixail Gutseriyev bilan birgalikda muzokaralarga Axmed Zakayev va Aslan Masxadovni ham qo‘shishni rejalashtirishadi. Ular rozi bo‘lishadi, ammo Beslanga qadar ularga «Novaya gazeta» muxbiri Anna Politkovskaya hamda «Ozodlik radiosi» muxbiri Andrey Babitskiy ham hamrohlik qilishi sharti bilan. Bu esa amalga oshmaydi. Babitskiyni o‘ylab topilgan sabab bilan Moskva aeroportida ushlashadi, Politkovskayani samolyotda noma’lum modda bilan zaharlashadi.

12:55 da maktab oldiga qurbonlarning jasadlarini evakuatsiya qilish uchun FVV texnikasi olib kelinadi. Soat 13:03 va soat 13:05 da maktabda ikkita portlash ro‘y beradi, shundan keyin shturm boshlanadi. Harbiylar ham, qurolsiz kishilar ham maktab ichkarisiga otiladi. Keyinroq tergovda ma’lum qilinishicha, kuchishlatarlar amaliyot boshlashga majbur bo‘lib qolishgan — garovdagilar ushlab turilgan sportzalda qo‘lbola bombalar portlagani tufayli. Ammo omon qolganlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, bombalarni terrorchilar portlatishmagandi. Garovdagilar zal orqali uchib o‘tgan olov sharini ko‘rishgan, bu granatomyot zarbasidan qoladigan izni eslatardi. «Alfa» va «Vimpel» otryadlari chindan ham shturm vaqtida «Shmel» rusumli o‘t ochish moslamalari hamda piyodalarga qarshi reaktiv granatomyotlardan foydalangan.

Soat 13:19 da uchinchi portlash ro‘y beradi. Opershtab quyidagicha bayonot chiqaradi: «Yuzaga kelgan vaziyat tufayli kuchishlatar bo‘linmalar vaziyatdan kelib chiqib harakat qilishga majbur bo‘lishdi». Bu vaqtda maktabda shiddatli otishma ketayotgandi, garovdagilar esa tartibsiz ravishda evakuatsiya qilinadi yoki ular mustaqil holda chiqishga harakat qilishadi. Soat 13:30 da sportzalning tomi qulab tushadi.

Rasmiylarning tasdiqlashicha, terakt qurbonlarining barchasi terrorchilar qo‘ygan bombalar qurboni bo‘lgan. Ammo sportzalda faqat 116 kishining jasadi topilgan. Harbiy ekspert va Davlat dumasi sobiq deputati Yuriya Savelevaning hisobotiga ko‘ra, garovdagilarning katta qismi maktabning janubiy qanotida halok bo‘lgan, terrorchilar birinchi portlashlardan keyin ularni o‘sha yerga olib o‘tishgandi. Va bu hudud minalashtirilmagandi. Binoning bu qismi teraktdan keyin darhol, 4 sentabrga o‘tar kechasi buzib tashlanadi.

Sergey Karpuxin / Reuters / Scanpix / LETA
Eduard Korniyenko / Reuters / Scanpix / LETA

Yuriy Tutov / AFP / Reuters / Scanpix / LETA
S.Dal / Reuters / Scanpix / LETA
Viktor Korotayev / Reuters / Scanpix / LETA
S.Dal / Reuters / Scanpix / LETA
Reuters / Scanpix / LETA
Viktor Korotayev / Reuters / Scanpix / LETA
Viktor Korotayev / Reuters / Scanpix / LETA

Shturmdan keyin 

Beslanda vayron bo‘lgan maktabning ko‘rinishi, 2004 yil 4 sentabr
S.Dal / Reuters / Scanpix / LETA
Rasmiylar garovdan ozod etilgan va shifoxonaga yotqizilganlar ro‘yxatini e’lon qilgan. 2004 yil 4 sentabr
Eduard Korniyenko / Reuters / Scanpix / LETA
Beslandagi o‘likxonada terakt qurbonlarining qarindoshlari hosil qilgan navbat. 2004 yil 4 sentabr
Sergey Karpuxin / Reuters / Scanpix / LETA
Tergovchilar Beslandagi maktab xarobalaridan topilgan hujjatlar va shaxsiy buyumlarni o‘rganmoqda, 2004 yil 4 sentabr
Denis Marinin / Reuters / Scanpix / LETA
Teraktda halok bo‘lgan ayolning jasadi ustida yig‘layotgan kishi, 2004 yil 3 sentabr.
Eduard Korniyenko / Reuters / Scanpix / LETA
Beslandagi 1-maktab hovlisida halok bo‘lganlarning jasadlari. 4 sentabrya 2004 goda
AP / Scanpix / LETA
Beslan terakti qurbonlarining dafn marosimi, 2004 yil 6 sentabr
Eduard Korniyenko / Reuters / Scanpix / LETA
Beslandagi 1-maktabning vayron bo‘lgan sportzali, 2004 yil 4 sentabr
Sergey Karpuxin / Reuters / Scanpix / LETA
Beslandagi 1-maktabning birinchi sinf o‘quvchisi daftari, 2004 yil sentabr
Mark McDonald / MCT / Tribune News Service / Getty Images
Ko‘proq yangiliklar: