Bugun avtoishqibozlar Rolls-Royce degan nomni eshitsa bir entikib qo‘yadi. Sababi, bu kompaniya avtomobillari qo‘lda yig‘ilgani uchun ancha ishonchli va qimmatbaho hisoblanadi.
Bir dona Rolls-Royce avtomobilini tayyorlash uchun o‘rtacha ikki oy vaqt sarflanadi. Kompaniya tomonidan shu kungacha ishlab chiqarilgan mashinalarning 65 foizi hanuzgacha foydalanuvda.
Qizig‘i shundaki, kompaniya 1907 yildan 1958 yilgacha avtomobillar uchun dvigatel va shassi ishlab chiqargan. Buyurtmachi avtomobil kuzovi va saloni intererini o‘zi tanlagan. Rolls-Royce uning tanlovi bo‘yicha avtomobilni jihozlab bergan.
Phantom IV avtomobili Rolls-Royce avtomobillari orasida eng obro‘lisi hisoblanadi. Bu mashinadan faqat Britaniya qirollik oilasi va boshqa bir nechta davlat rahbarlariga tayyorlab berilgan. Undan 1950 yildan 1956 yilgacha bor-yo‘g‘i 18 dona ishlab chiqarilgan.
Rolls-Royce avtomobillarining eng yirik kolleksioneri hindistonlik Bhagvan Shri Rajnish hisoblanadi. Unda turli rusumlardagi 93 ta Rolls-Royce bor.
Boshqa bir hind moharajasi Paliala Bhupinder Rolls-Royce avtomobillaridan chiqindi yig‘uvchi sifatida foydalangan. Gap shundaki, moharaja oddiy kiyim bilan Rolls-Royce avtomobillari sotiladigan salonga kirganida sotuvchi uni quvib yuboradi.
Bundan jahli chiqqan moharaja bir nechta Rolls-Royce’ni sotib oladi va Hindistonda ulardan chiqindi yig‘uvchi avtomobil sifatida foydalanadi. Shundan so‘ng kompaniya sotuvchini ishdan bo‘shatib, moharajadan uzr so‘rab chiqadi va unga yana bir nechta avtomobilni sovg‘a sifatida yuboradi.
Aholi soniga hisoblaganda eng ko‘p Rolls-Royce Hongkongda ro‘yxatga olingan. Ularning aksariyati Hongkong Britaniya tarkibida bo‘lgan paytda boylar va Hongkong hukumati a’zolari tomonidan sotib olingan.
Rolss va Roys tashkil etgan kompaniya
Rolls-Royce kompaniyasining tarixi 20-asr boshlariga borib taqaladi. 1903 yilda muhandis-elektrik Henri Roys fransuzlar ishlab chiqargan Decauville avtomobilini sotib oladi.
O‘shanda Henriga avtomobilning konstruksiyasi, ichki va tashqi ko‘rinishi yoqmaydi. Shundan so‘ng u Decauville bazasida o‘z avtomobilini ishlab chiqaradi va uni Charlz Rolls ism-sharifli kimsaga sotadi.
Charlzga mashina yoqib qoladi, u Henriga hamkorlik taklif qiladi. 1904 yilda Henri Roysga tegishli Royce Company va Charlz Rolls egalik qiladigan C.S. Rolls and Co. avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishadi.
Oradan ikki yil o‘tgach, sheriklar o‘z kompaniyalarini birlashtiradi va unga ikkalasi o‘z familiyasini nom sifatida tanlaydi. Shu tariqa Rolls-Royce paydo bo‘ladi.
Fransuzlarning Decauville avtomobili bazasida bir nechta avtomobil ishlab chiqargan sheriklar oradan 1 yil o‘tib, 1905 yilda Silver Ghost nomi bilan o‘z avtomobillarini tayyorlaydi.
1910 yilda Charlz Rolls 32 yoshida aviahalokat oqibatida halok bo‘ladi. Gap shundaki, Charlz boshdanoq uchuvchi qurilmalarga qiziqardi va u 1898 yildan boshlab havo sharlarida ucha boshlaydi.
Keyinchalik mohir muhandis bo‘lib yetishgan yigit C.S. Rolls and Co. kompaniyasini tashkil etadi. Henri Roys bilan sherik bo‘lgach avtomobillar bilan birga uchuvchi qurilmalar va samolyotlar uchun dvigatellar ishlab chiqara boshlaydi.
1910 yilda Charlz aeroplanlarda uchish uchun Jon Murdan so‘ng Britaniyada ikkinchi bo‘lib maxsus ruxsatnoma oladi. O‘sha yili 2 iyun kuni u aeroplanda La-mansh bo‘g‘ozi ustidan uchib, orqaga qaytadi.
Bu o‘sha paytda La-mansh ustidan uchinchi marta uchib o‘tish edi. Charlzgacha bu ishni Lui Bderio va Jaka Lessepsa amalga oshirgan edi.
2010 yil 12 iyul kuni Charlz o‘z boshqaruvidagi aeroplan bilan Bornmut shahri yaqinida o‘tkazilgan aviashouda qatnashayotib, halokatga uchraydi va vafot etadi. U Britaniya tarixida aviahalokatda halok bo‘lgan birinchi uchuvchi hisoblanadi.
Charlzning vafotidan so‘ng ko‘p o‘tmay Henri Roysning sog‘ligida muammolar paydo bo‘ladi va vrachlar unga iqlim o‘zgartirishni maslahat beradi. Shu tariqa Rolls-Royce kompaniyasi boshqaruvi Klod Jonson ism-sharifli shaxsga o‘tadi. Henri Roys vaqti vaqti bilan unga yordamlashib turadi.
1914 yilda Birinchi jahon urushi boshlangach, Rolls-Royce zirhlangan avtomobillar va samolyotlar uchun dvigatellar ishlab chiqara boshlaydi. 1915 yilda kompaniya 5 ming dona aviadvigatel tayyorlaydi.
Kompaniya mahsulotlari tez sur’atda ommalashadi. Hatto Birinchi jahon urushida Antanta davlatlari foydalangan samolyotlarning yarmida Rolls-Royce dvigatellari o‘rnatilgandi.
1920-yillar boshlarida Rolls-Royce’ga avtomobillardan ko‘ra aviadvigatellar ko‘proq foyda keltira boshlaydi. 1931 yilda kompaniya Britaniyadagi yana bir avtomobil ishlab chiqaruvchi Bentley Motors kompaniyasini sotib oladi.
Umumiy hisobda Charlz Rolls vafotidan so‘ng Henri Roys 30 tacha avtomobil va bir nechta aviadvigatel loyihasini tayyorlaydi.
1931 yilda Rolls-Royce AQShda o‘z korxonasini ochmoqchi bo‘ladi. Biroq bu ish muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.
1933 yilda Genri Roys 70 yoshida vafot etadi. U o‘limidan oldin PV-12 aviadvigatelini yasaydi. Keyinchalik ana shu dvigatel uchun Britaniya harbiy havo kuchlari Rolls-Royce bilan yirik shartnoma imzolaydi. Kompaniya buyurtmalarni vaqtida tayyorlab berish uchun yana ikkita zavod ochadi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida kompaniya asosan Britaniya armiyasiga aviadvigatellar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, kompaniya tomonidan yaratilgan, dunyodagi birinchi gaz turbinali Merlin VI2 dvigateli muvaffaqiyatli sotiladi.
1945 yilda Rolls-Royce korxonalarida 50 ming odam mehnat qilar, kompaniya Britaniyadagi yirik ish beruvchilardan biriga aylanib ulgurgandi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Rolls-Royce hashamatli avtomobillar ishlab chiqarishda davom etadi. O‘sha paytda mijozlar orasida Britaniya qirollik oilasi va boshqa zodagon oilalar ham bor edi.
Jumladan, 1950 yilda Edinburg gersogi va malika Yelizaveta shaxsiy foydalanish uchun Mulliner-Park-Ward firmasining kuzovi bilan jihozlangan Phantom-IV avtomobilini buyurtma beradi.
Shu o‘rinda muhim bir ma’lumot, Rolls-Royce kompaniyasi 1980-yillargacha o‘zi ishlab chiqargan avtomobillarning asosan shassisini tayyorlagan. Mijozning talabiga qarab unga boshqa firmalar tayyorlagan kuzovlar o‘rnatilgan.
Keyinchalik, avtosanoat keskin rivojlangach, kompaniya avtomobillarning barcha qismlarini o‘zi tayyorlashga o‘tadi. Ungacha Mulliner-Park-Ward firmasi bilan hamkorlik qilinadi.
Bankrotlik
1960-yillardan boshlab kompaniyaning ishlari orqaga keta boshlaydi. Oqibatda 1971 yilda Rolls-Royce bankrot deb e’lon qilinadi. Shundan so‘ng Britaniya hukumati kompaniyani asrab qolishga qaror qiladi va 250 mln dollar ajratadi.
O‘sha paytgacha kompaniyaning barcha bo‘limlari bitta boshqaruvda edi. Hukumat pul ajratgandan so‘ng uning avtomobilsozlik, aviadvigatellar, lokomotivlar va yengil samolyotlar ishlab chiqaruvchi bo‘limlari alohida qilinadi.
Avtomobilsozlik bo‘limi Rolls-Royce Motor Holding deb ataladi. Yirik samolyotlar uchun reaktiv dvigatellar ishlab chiqaruvchi bo‘lim esa Rolls-Royce Ltd tasarrufiga o‘tkaziladi. Shundan so‘ng Rolls-Royce kompaniyasining turli bo‘limlari sotib yuboriladi.
Masalan, turli dvigatellar ishlab chiqaruvchi bo‘lim 1980 yilda Vickers plc kompaniyasiga sotiladi.
Ma’lumot uchun, tovushdan tez uchuvchi Konkord samolyotlariga ham aynan Rolls-Royce Ltd kompaniyasida tayyorlangan reaktiv dvigatellar o‘rnatilgandi.
1987 yilda kompaniya xususiylashtiriladi va Rolls-Royce plc deb qayta nomlanadi. Shundan so‘ng Rolls-Royce plc aksiyalari London fond birjasiga chiqariladi. Kompaniya aksiyalarining asosiy qismi hukumat tasarrufida qoladi.
1999 yilda Vickers plc kompaniyasi Rolls-Royce’ni sotuvga qo‘yadi. Unga Rolls-Royce va Bentley avtomobillari uchun ehtiyot qismlar yetkazib beradigan BMW kompaniyasi xaridor bo‘ladi va 340 mln funt sterling taklif qiladi.
Ko‘p o‘tmay Rolls-Royce’ni 430 mln funt sterling taklif qilgan Volkswagen kompaniyasi sotib oladi. O‘shandan buyon Rolls-Royce o‘zida 20 ga yaqin brendni birlashtirgan Volkswagen Group korporatsiyasi tarkibida qolmoqda.
Rolls-Royce avtomobillari qanday tayyorlanadi?
Rolls-Royce’ning asosiy zavodi Angliyadagi Gudvud shahrida joylashgan. Asosiy yig‘uv sexi 500 metrlik ulkan binoda joylashgan. Bu yerda avtomobillar qo‘lda yig‘iladi.
Rolls-Royce avtomobillari asosan buyurtma bo‘yicha tayyorlanadi. Shu sababli 2023 yilda kompaniya bor-yo‘g‘i 4 ming donadan oshiqroq avtomobil tayyorlab sotgan.
Kompaniya mijozlari orasida milliarderlar, monarxlar va boshqa taniqli shaxslar bor. Rolls-Royce avtomobillariga boy mijozlarning ta’biga qarab eng yaxshi materiallar ishlatiladi.
Masalan, charm ishlatiladigan joylariga buyvollar terisidan foydalaniladi. Yog‘och bilan bezak beriladigan joylariga esa Havayi orollarida o‘sadigan koa daraxti yog‘ochi ishlatiladi.
Avtomobil saloni va kuzovining ustki qismiga buyurtmachining xohishiga qarab bezak beriladi. Avtomobil narxi uning jihozlanishiga qarab o‘zgarib boraveradi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning eng qimmat avtomobili deb Rolls-Royce La Rose Noire Droptail topilgan. Nomini oshkor qilmagan buyurtmachi ushbu avtomobil uchun 40 mln dollar to‘lab bergan.
Rolls-Royce Boat Tail avtomobili esa qariyb 30 mln dollarga narxlanadi. Bu avtomobildan buyurtmachilarning xohishiga qarab bor-yo‘g‘i uch dona ishlab chiqarilgan.
Rolls-Royce’ning eng mashhur modellari
Rolls-Royce 10 h.p. (1904 yil)
Rolls-Royce 10 h.p. modeli Charlz Rolls va Henri Roys tomonidan ishlab chiqarilgan eng birinchi avtomobil edi. Bu avtomobil ilk bor 1904 yilda Parij avtosalonida namoyish etilgan.
Rolls-Royce 10 h.p. 1906 yilgacha tayyorlangan. Shundan so‘ng ikki hamkor Rolls-Royce 15 h.p., Rolls-Royce 20 h.p., Rolls-Royce 30 h.p. kabi rusumlarini ishlab chiqaradi.
Rolls-Royce 10 h.p. o‘z davrining eng yaxshi avtomobillaridan biri bo‘lgan. Biroq u mukammalligidan emas, shunchaki Rolls-Royce kompaniyasining birinchi avtomobili bo‘lgani uchun mashhur bo‘lgan.
Rolls-Royce 40/50 Silver Ghost (1906)
Rolls-Royce 40/50 Silver Ghost avtomobili kompaniyaning muvaffaqiyatli loyihalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ham bu avtomobil 1906 yildan 1926 yilgacha, 20 yil mobaynida ishlab chiqarilgan.
Kompaniyaning birinchi avtomobili bo‘lgan Rolls-Royce 10 h.p. bilan taqqoslaganda Silver Ghost avtomobili ancha hashamatli edi.
Keyinchalik bu avtomobil bazasida kompaniya harbiylar uchun pulemyot bilan jihozlangan va zirhlangan Rolls-Royce Armoured Car. avtomobilini ishlab chiqargan va ularni Britaniya armiyasiga yetkazib bergan.
Shuningdek, Rolls-Royce kompaniyasi buyurtma asosida Silver Ghost avtomobilining qorda yura oladigan variantini ham tayyorlagan. Bu avtomobilda orqa g‘ildiraklar o‘rnida zanjirli gusnitsalar, old g‘ildirak ostiga yirik chang‘ilar o‘rnatilgandi.
Silver Ghost avtomobillaridan biri 2005 yilda 35 mln dollarga sug‘urta qilinadi va o‘sha yili dunyoning eng qimmat avtomobili deb topiladi.
Rolls-Royce Phantom III (1936)
Rolls-Royce Phantom III avtomobillari 1936-1939 yillarda ishlab chiqarilgan va u o‘zidan avvalgi Rolls-Royce Phantom II avtomobilining davomchisi edi.
Bu avtomobildan 800 taga yaqin tayyorlangan bo‘lib, ularning aksariyati ingliz zodagonlariga sotilgan edi. Rolls-Royce Phantom III avtomobillari juda katta o‘lchamdaligiga qaramasdan dvigateli ham ancha kuchli bo‘lgan.
Avtomobil har 100 kilometrga 28 litr yoqilg‘i sarflagan va 100 tezlikka erishish uchun 17 soniya kifoya qilgan.
Rolls-Royce Silver Shadow (1965)
Rolls-Royce Silver Shadow avtomobillari 1965 yildan 1980 yilgacha ishlab chiqarilgan. Bu avtomobildan 30 ming donadan oshiq tayyorlangan va u Rolls-Royce avtomobillari orasida eng ko‘p ishlab chiqarilgan model hisoblanadi.
Bu mashina ham katta o‘lchamda bo‘lgan va uning uzunligi 5 270, eni 1 803 millimetrni tashkil etgan. Og‘irligi 2,1 tonnadan oshgan.
Rolls-Royce Silver Shadow avtomobillarining ikki eshikli kabriolet rusumi ham ishlab chiqarilgan. Biroq o‘ziga to‘q mijozlar ko‘proq uning to‘rt eshikli rusumini xarid qilgan.
Rolls-Royce Corniche (1971)
Rolls-Royce Corniche avtomobillari 1971 yildan 1195 yilgacha ishlab chiqarilgan. Bu avtomobildan kompaniya qariyb 7 ming dona tayyorlagan.
Ulardan 6 262 donasi Rolls-Royce Corniche, qariyb 600 donasi Bentley Corniche nomi bilan ishlab chiqarilgan.
Rolls-Royce Corniche avtomobillari ikki eshikli bo‘lib, ular kupe va kabriolet kuzovlar bilan mijozlarga yetkazib berilgan. Bu avtomobil ham yirik o‘lchamda bo‘lgan. Uning uzunligi 5 169, eni 1 829 millimetrni tashkil etgan.
Rolls-Royce Corniche’ga 240 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan va u soatiga 190 km tezlikda yura olgan. Avtomobilning og‘irligi 2 185 kg bo‘lgan.
Rolls-Royce Camargue (1975)
Rolls-Royce Camargue avtomobillari 1975 yildan 1986 yilgacha ishlab chiqarilgan. Ikki eshikli sedan kuzovga ega bo‘lgan bu avtomobildan 500 donadan oshiq tayyorlangan.
Ushbu avtomobil ilk ishlab chiqarilganda Britaniyada uning narxi 29 250 funt sterlingni tashkil etgan. Ko‘plab boylar buyurtma berib Rolls-Royce Camargue avtomobillariga ega bo‘lgan.
Ushbu avtomobilning uzunligi 5 169, eni 1 918 millimetr bo‘lgan va og‘irligi 2,3 tonnadan oshgan. Rolls-Royce Camargue avtomobillari cheklangan miqdorda Yevropa, AQSh, Kanada, Avstraliya va Osiyo davlatlarida sotilgan.
Rolls-Royce Silver Spirit (1981)
Rolls-Royce Silver Spirit avtomobillari 1980 yildan 1997 yilgacha ishlab chiqarilgan. Avvalgilaridan farqli o‘laroq Rolls-Royce Silver Spirit lyuks sinfiga ega, to‘laqonli (ya’ni 4 eshikli) avtomobil bo‘lgan.
17 yil davomida bu avtomobil bir necha marta yangilangan va uning Mark I, Mark II, Mark III, Mark IV va Mark V nomlari bilan sotilgan.
Shuningdek, bu avtomobil bazasida cheklangan miqdorda Rolls-Royce Park Ward Limousine va Rolls-Royce Silver Spur Limousine limuzinlari ham tayyorlangan.
Rolls-Royce Silver Spirit avtomobili ham yirik o‘lchamda bo‘lgan va uning uzunligi 5 395 millimetrgacha, eni 1 887 millimetr bo‘lgan. Limuzinlarning uzunligi 6 620 va eni 2 111 millimetrni tashkil etgan.
Rolls-Royce Silver Seraph (1998)
Rolls-Royce Silver Seraph avtomobillari 1998 yildan 2002 yilgacha ishlab chiqarilgan. U birinchi marta 1998 yilda Jyeneva avtosalonida namoyish etilgan.
To‘rt eshikli sedan bo‘lgan va lyuks sinfiga mansub bu avtomobildan jami 1 570 dona tayyorlangan. Ilk ishlab chiqarilgan paytda uning narxi Britaniyada 155 ming funt sterling, AQShda 220 ming dollar bo‘lgan.
Rolls-Royce Silver Seraph avtomobillari ham yirik o‘lchamda tayyorlangan. Uning uzunligi 5 639, eni 1 933 millimetr bo‘lgan.
2001 yilda Rolls-Royce Silver Seraph rusumi asosida Park Ward avtomobillari ishlab chiqarilgan. Avvaliga kompaniya bu rusumdan 200 dona tayyorlashni reja qiladi. Biroq 127 dona tayyorlangach bu rusumni ishlab chiqarish to‘xtatiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.