Putin Kim Chen Inga 24 bosh ot sovg‘a qildi

Jahon 22:11 / 31.08.2024 16350

Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDR yetakchisi Kim Chen Inga 24 bosh Orlov yo‘rtoqilarini sovg‘a qildi. The Times gazetasining yozishicha, bu Shimoliy Koreya yetakchisi yoqtiradigan ot zoti hisoblanadi.

«Kim Chen In Rossiyadan yangi zotdor otlar partiyasini qabul qilib oldi. Bu Shimoliy Koreya yetakchisi va prezident Putin o‘rtasidagi yaqinlik kuchayib borayotganidan dalolat beradi», — deyiladi xabarda.

«Rosselxoznadzor»ning Primorsk mintaqalararo boshqarmasining ma’lum qilishicha, otlar 25 avgust kuni olib ketilgan. 19 bosh ayg‘ir va beshta baytal Vladimir viloyatida karantindan o‘tgan, keyin esa Primorskdagi «Xasan» temiryo‘l o‘tkazish punktiga olib kelingan.

«Otlarning barchasi chiplangan. Chiplar mavjudligi skanerlovchi qurilma orqali tekshirilgan. Mikrochip otlar almashtirib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaydi va ular toza nasldan ekanini bildiradi», — deya ta’kidlanadi «Rosselxoznadzor» xabarida.

Putin Kim Chen Inga birinchi marta ot sovg‘a qilmayapti — 2022 yil kuzida Pxenyanga 30 bosh ot olib kelingan edi. «Ularning qiymati Kim uchun ramziy: otlar o‘zi va oilasi atrofida yaratgan shaxsga sig‘inishda muhim rol o‘ynaydi», — deb yozadi The Times.

Rossiya prezidenti iyun oyida Pxenyanga tashrif buyurgandi. U KXDR yetakchisi bilan birga strategik hamkorlikka oid bitimni imzolagan bo‘lib, ular har ikkisidan biriga nisbatan tajovuz amalga oshirilsa, bir-biriga yordam berish majburiyatini oladi. Shuningdek, Putin va Kim Chen In sovg‘a almashishgan edi: Rossiya prezidenti Shimoliy Koreya yetakchisiga uning bobosi Kim Ir Sen portretini sovg‘a qilgan va bunga javoban o‘zining portreti hamda sog‘liq tilaklari bitilgan byustni qabul qilib olgandi.

Ko‘proq yangiliklar: