Buyuk Britaniya ko‘chalarida tamaki chekish qoidalari kuchaytiriladi

Jahon 00:52 / 31.08.2024 2073

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mamlakatda tamaki mahsulotlari iste’molidan yuzaga kelayotgan o‘lim holatlarini qisqartirishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida jamoat joyida tamaki chekishni taqiqlovchi qoidalar kuchaytirilishini tasdiqladi.

Yangi tartib-qoidalar ustida hozirda ish olib borilayotgan bo‘lsada, ular ochiq havodagi qovoqxona va restoranlar, shuningdek, shifixona va sport maydonchalari yaqinida tamaki chekishni taqiqlash talabini o‘z ichiga olishi kutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi ekspertlar ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, Milliy sog‘liqni saqlash tizimiga kelib tushayotgan yuklamalarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Buyuk Britaniyada tamaki iste’moli oqibatida har yili 80 mingga yaqin o‘lim holati qayd etiladi.

Insonlar salomatligini ta’minlashga qaratilgan ushbu taqiqlar mehmonxonalar sektorida xavotirni yuzaga keltirdi. UK Hospitality ijrochi direktori Keyt Nikolls tamakining taqiqlanishi iqtisodiy o‘sishga, kovid va energetika inqirozi kabi omillar oqibatida shundoq ham jabr ko‘rayotgan ish o‘rinlari va korxonalar yaratilishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek, bu borada siyosiy muxolifat ham yuzaga kelgan bo‘lib, ayrim konservatorlar mazkur takliflar haddan ortiq nazorat o‘rnatilishini yuzaga keltirishini tandiq qilmoqda.

Potensial taqiq hukumatning kashandalikka qarshi keng ko‘lamli kurashining bir qismi hisoblanadi. Parlament ochilishidagi nutqida qirol Charlz III 2009 yil yanvardan keyin tug‘ilgan barchaga tamaki sotishni taqiqlovchi qonunchilikni qayta joriy etishga va’da bergan edi.

Avvalroq AQSh oziq-ovqat va dori-darmonlar sifati idorasi (FDA) tamaki mahsulotlarini sotish qoidalarini kuchaytirgani va 30 yoshdan kichik bo‘lgan iste’molchilardan fotosuratli guvohnoma ko‘rsatishni talab qilayotgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: