Belgrad tomonidan Fransiyaning 12 ta Rafale qiruvchi samolyotini sotib olish to‘g‘risidagi bitim 29 avgust, payshanba kuni Bolqon davlati poytaxtida Fransiyaning Dassault Aviation samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ijrochi direktori Erik Trape va Serbiya mudofaa vaziri Bratislav Gashich tomonidan imzolandi. Bu haqda Dassault Aviation o‘z saytida xabar bermoqda.
Bitim imzolanishi Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va biroz avval Serbiyaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan Fransiya davlati rahbari Emmanuel Makron ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Xabarda ta’kidlanganidek, «ushbu shartnoma Fransiya va Serbiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning muhimligini aks ettiradi».
Serbiya HHKda dastlabki Dassault Aviation qiruvchi samolyotlari
Hujjatda 2029 yilgacha buyurtmachiga 9 ta bir o‘rindiqli qiruvchi va 3 ta ikki o‘rindiqli qiruvchi samolyot yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Bu Dassault Aviation kompaniyasi tomonidan Serbiya harbiy-havo kuchlarida xizmat ko‘rsatuvchi birinchi jangovar samolyot bo‘ladi.
Ayni paytda, ushbu harbiy samolyotlarni sotib olish tashqi siyosat nuqtayi nazaridan nozik masala, deya ta’kidlaydi AFP axborot agentligi. «Serbiya 2012 yildan beri Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun nomzod, biroq Rossiyaning Ukrainaga hujumiga qaramay, Kreml bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishda davom etmoqda, YeI bir necha bor Belgradni Moskvaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga qo‘shilishga chaqirgan, biroq Serbiya hukumati haligacha shunday qilmadi», - deyiladi nashrda.
Agentlik ta’kidlashicha, Makronning Serbiyaga tashrifidan biroz oldin Vuchich jurnalistlarga Serbiya harbiy-havo kuchlari ixtiyoridagi deyarli barcha tutuvchi va qiruvchi samolyotlar Rossiyada ishlab chiqarilganligini aytgan. «Biz armiyamizni tayyorlash uchun rivojlanishimiz, odatlarimizni va boshqa hamma narsani o‘zgartirishimiz kerak», deb iqtibos keltiradi AFP Serbiya prezidentidan.
Vuchich va Dassault Aviation ishlab chiqaruvchisiga tayanib, agentlik kelishuv summasi «3 milliard yevrogacha» ekanligini yozdi.
Qayd etilishicha, Makronning Serbiyaga tashrifi chog‘ida mamlakatlar rahbarlari atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qilishni rejalashtirgan.