Rossiyaga xorijliklarni biometrik ma’lumotlar asosida kiritish taklif etildi

Jahon 21:39 / 30.08.2024 3251

Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan Rossiya chegarasini kesib o‘tish uchun biometrik ma’lumotlarni taqdim etishi shart bo‘lgan eksperimentni taklif qildi. Qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida e’lon qilindi, deb xabar berdi Meduza.

Tajribani 2024 yil 1 dekabrdan 2026 yil 30 iyungacha o‘tkazish taklif qilinmoqda. Birinchi bosqichda biometrik ma’lumotlar Moskvaning Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy aeroportlarida, shuningdek, Qozog‘iston bilan chegaradagi Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil nazorat punktida yig‘iladi.

2025 yil 30 iyunida boshlanadigan va bir yil davom etadigan ikkinchi bosqichda xorijliklarga maxsus mobil ilova orqali biometrik ma’lumotlarni topshirish taklif etiladi.

Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi o‘zgartirishlar Belarus fuqarolari, olti yoshgacha bo‘lgan bolalar, diplomatlar, Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar xodimlari va ularning oila a’zolariga taalluqli bo‘lmasligini taklif qildi. Agar tajriba muvaffaqiyatli deb topilsa, bunday qoidalar doimiy ravishda amal qiladi.

Rossiya chegarasini kesib o‘tishda biometrik ma’lumotlarni topshirgan xorijliklar undan Rossiya uyali aloqa operatoridan SIM-karta olishda foydalanishi mumkin bo‘ladi, dedi Davlat Dumasi axborot siyosati qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Anton Gorelkin.

Biometrik ma’lumotlar inson shaxsini aniqlash imkonini beruvchi noyob biologik va fiziologik xususiyatlardir. Biometrikaning beshta eng keng tarqalgan turi mavjud: barmoq izi, yuz tasviri, ovoz, ko‘z gavhari, kaft va barmoq tomirlarining naqshi.

Ko‘proq yangiliklar: