29 avgust, payshanba kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak xabar berishicha, Rossiya hujumi paytidagi shikastlanish natijasida to‘rtta atom elektr stansiyasi elektr ta’minotisiz qoldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «dunyoga yadroviy falokat bilan tahdid qilmoqda».
Bir kun avval Ukraina rasmiylari Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikka (AEXA) 26 avgust kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan katta hujum uyushtirganida, Ukraina atom elektr stansiyalarining bir nechta energobloklari elektr tarmog‘idan uzilganini ma’lum qilgan edi. Ularga ko‘ra, Roven AESning birinchi, uchinchi va to‘rtinchi energobloklari elektr tarmog‘idan uzilgan. Bundan tashqari, dastlab Janubiy Ukraina atom elektr stansiyasining quvvati qisqartirildi, keyin Ukraina milliy energetika tizimidagi tebranishlar tufayli ushbu stansiyaning uchinchi energiya bloki o‘chirildi.
«Rossiya Federatsiyasi Ukraina elektr energiyasining ko‘p qismini ta’minlovchi atom elektr stansiyalari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish niyatida Ukrainaning energetika infratuzilmasiga ataylab hujum qilishda davom etmoqda», dedi Ukrainaning AEXAdagi missiyasi.
Kiyev va 11 viloyatda - favqulodda elektr uzilishlari
«Ukrenergo» Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga hujumini 2022 yil fevralidan beri eng yirik hujum deb atadi. Hujumda butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab energiya obektlari nishonga olindi. Bosh vazir Denis Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida Ukrainaning jami 15 viloyati jabrlangan. Ukraina qurolli kuchlari xabariga ko‘ra, Rossiya 127 ta raketa va 109 ta hujumkor drondan foydalangan. 29 avgustdan boshlab «Ukrenergo» Kiyev va Kiyev oblasti, Cherkassk, Chernixiv, Jitomir, Dnipropetrovsk, Kirovoxrad, Zaporijjya, Xarkiv, Sumi, Poltava va Donetsk (qisman) viloyatlarida elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar joriy qildi.