«Real»ning dahshatli tarkibini bu mavsumda to‘xtatib qolishi mumkin bo‘lgan birgina to‘siq — klubdagi surunkali jarohatlar va ularning hayron qolarli darajada bir xil tipdaligi. O‘tgan 12 oy mobaynida «Qirollik klubi»ning 6 nafar futbolchisi xochsimon paylar uzilishi bilan butun boshli mavsumni o‘tkazib yuboradigan jarohatlarni orttirib olishdi.
14 avgust kuni Madrid klubi Varshavada UYeFA Superkubogida g‘alaba qozondi. Yana bir titul «qaymoqranglilar» muxlislarini xursand qilgani bor gap, ammo Kamavinganing o‘yinoldi rasmiy mashg‘ulotda olgan jarohati bayram to‘liq tatishiga yo‘l qo‘ymadi. Jamoadoshlarining atrofiga jamlanishi va undan keyingi kadrda Anchelottining qo‘lidagi taymerni yerga jahl bilan uloqtirishining o‘zi ushbu jarohat qay darajada jiddiyligini ko‘rsatib ulgurgandi. Ammo ular qo‘rqqan narsa sodir bo‘lmadi: Kamavinganing xochsimon paylari uzilmagan ekan. Biroq baribir Eduardo tizza paylarini cho‘zib olgani sabab kamida 7 haftaga safdan chiqdi.
Futbolchilarning xavotiri va italiyalik murabbiyning reaksiyasini tushunish mumkin. So‘nggi paytlarda madridliklarda bu tipdagi jarohatlar ko‘payib ketdi. O‘tgan yili avgustda Tibo Kurtua mavsumoldi yig‘indayoq paylarini uzib oldi va mavsumning so‘nggi uchrashuvlarigagina qayta oldi. «Atletik Bilbao»ga qarshi ochilish uchrashuvida esa Eder Militao xuddi shunday jarohat bilan maydonni zambilda tark etdi.
Keyin esa navbat David Alabaga keldi va dekabr oyida u ham xochsimon paylar uzilishi bilan mavsumni yakunlaydigan bo‘ldi. May oyida u yana bir operatsiyani boshidan o‘tkazishga majbur bo‘ldi va endi u qachon qaytishi noma’lum. Hozircha oktyabr oyida qaytishi taxmin qilinmoqda, lekin tiklanish jarayoni borishiga qarab avstriyalik himoyachi maydonga qaytishi cho‘zilishi mumkin.
Kamavinganing jarohati avgust ichida yuz bergan ko‘ngilsizliklarning oxirgisi emas. Undan besh kun avval AQSh turnesidan beri «Real» asosiy jamoasi bilan mashg‘ulotlar o‘tkaza boshlagan 17 yoshli iste’dodli himoyachi Xoan Martinesning xochsimon paylari uzildi va «Kastilya» tarkibiga Raul tomonidan yangi mavsum uchun jalb etilishi kutilayotgan futbolchi butun mavsumni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. «Milan»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida o‘rinbosarlar vakili Sesar Palasios, iyul oyida akademiyaning yana bir tarbiyalanuvchisi Dani Mesonero xuddi shunday tashxis bilan kasalxonaga yotqizildi. Bu kabi bir xil jarohatlar bir klub, uning ustiga «Real»da kuzatilishi normal holat emas. Bu klubda futbolchilar bilan ishlashda qandaydir xatolikka yo‘l qo‘yilayotganini bildiradi.
The Athletic nashrining klub ichidagi manbalari mavzu yuzasidan anonim tarzda fikr bildirishgan, chunki madridliklar rahbariyati personallarga klub imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan bayonotlar bilan matbuotda chiqish qilmaslikni qat’iy so‘ragan. Ammo ular ham so‘nggi 12 oy ichidagi 6 ta xochsimon paylar uzilish jarohatini jamoadagi tizimli xato natijasi, deb hisoblamaydi. Har bir jarohat chuqur ravishda tahlil qilib chiqilgan va «Real» ichidagi hamma ushbu holatdan xavotirda.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, muammolardan biri futbolchilar o‘ynayotgan maydonlar turfa xilligi bilan bog‘liq. Yangi avlod chimlari butsilar maydonga chuqurroq botishiga sabab bo‘lmoqda va bu keskin harakat yo‘nalishini o‘zgartirganda tizzaga ortiqcha bosim yuzaga kelishiga olib kelyapti. Turlicha maydonlarda o‘ynashiga to‘g‘ri kelayotgan futbolchilar ularga moslashishda qiynalmoqda. Misol uchun, klubdagi manbalar ta’kidlashicha, Malyorkadagi maydon chimi Valdebebasdagidan qattiqroq bo‘lgan. Yosh futbolchilar jarohatiga esa ularning jismoniy holati kattalar bajargan mashqlarga dosh bermagani sabab sifatida ko‘rsatilgan.
«Biz istalgan birorta jamoa haqida emas, «Real» haqida gaplashyapmiz. Bu yerda asosiy jamoada haqiqiy «maxluqlar» shug‘ullanadi. Bizni qaysidir klub maydonda mag‘lub etishi mumkin, ammo jismoniy jihatdan bu yigitlar boshqa darajada», — degan klub vakili The Athletic bilan suhbatda.
Ta’kidlanishicha, klubda har bir futbolchining jismoniy holatidan kelib chiqib mashg‘ulot dasturlari ishlab chiqilgan va ularni jarohatdan himoya qilish uchun maksimal harakat qilinadi. Qaysidir futbolchining muskullarida charchoq sezilsa, u darhol umumiy guruh mashg‘ulotlaridan chiqariladi va himoyalovchi-faollashtiruvchi mashqlarni bajara boshlaydi.
Madridliklar xochsimon paylar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida futbolchilarning ovqatlanish ratsionini ham maxsus nutritsiologlar bilan ishlab chiqqan. Bunda menyuda muskul massasini oshiruvchi taomlarga urg‘u berilmoqda. Xususan, kollagen qo‘shimchalar futbolchilarning ratsionida keskin oshirilgan. Bundan avval ham «Qirollik klubi» ratsionida ushbu tipdagi mahsulotlar bor edi, lekin endi ularning ratsiondagi hissasi bir necha barobar oshirilgan. Bu aspektda klub chetdan mutaxassislar ham jalb etgan va jiddiy ilmiy o‘rganishlarni amalga oshirmoqda.
Uyqu va muskullardagi charchoq darajasi bir necha yildan beri muntazam o‘lchab kelinyapti. Uch yildan beri Benyamin Fulko — Anchelottining kuyovi madridliklarda ushbu masala bilan shug‘ullanadi. Ushbu mavsumda ham u asosiy jamoaning murabbiylar shtabi bilan ishlashda davom etadi. Fulko futbolchilar o‘z vaqtida va me’yorida dam olishiga jiddiy e’tibor qaratadi. Hozirgi tig‘iz taqvim tufayli futbolchilarning uyqu vaqtini me’yoriga keltirish qiyin bo‘lmoqda va ayni mana shu jihat klub vakillari ko‘p jarohat olishiga sabab bo‘layotgani taxmin qilinmoqda. Fulko shtabi futbolchilardan 7-9 soat qat’iy uyqu vaqtini talab qiladi.
Xochsimon paylar uzilishi kuzatilganda klub chetdan mutaxassis jalb etib keladi va eng ko‘p marta Valdebebasga chaqirilgan inson doktor Manuel Leyyes bo‘lib turibdi. U Madriddagi Olimpiya tibbiy jarrohlik markazida ortopedik jarrohlik va travmatologiya bo‘limi boshlig‘i hisoblanadi.
Odatda futbolchilar jarohatdan bir necha kun o‘tib aynan ushbu mutaxassis qo‘l ostida jarrohlik amaliyotini o‘tashadi. Operatsiyadan so‘ng esa «Real» tibbiyot bo‘limining fizioterapevtlari futbolchini tiklash ishlariga start berishadi va bu taxminan 4 oy vaqt oladi. Keyinchalik esa futbolchi reabilitolog va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar nazorati ostida bosqichma-bosqich maydonga qaytariladi.
Klubning o‘zida bu borada tajribali bo‘lgan mutaxassislar bor. Xususan, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mas’ul murabbiy — Pintus 1996 yilda xochsimon paylar uzilishi jarohatidan qanday tiklanish bo‘yicha kitob yozgan. U Juzeppe Bellistri va Sebastian Devillaz, fitnes bo‘yicha murabbiy Xose Parrales bilan asosiy tarkib mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Ularning sohadagi tajribalariga qaramay, kuzatilayotgan jarohatlarni klubdagi manbalar «shunchaki omadsizlik» deya ta’riflagan. Ularning ta’kidlashicha, qanday mukammal ishlanmasin elita futbolida bu kabi jarohatlar xavfi doim mavjud.
The Athletic saytidan Abdulbasit Valixonov tarjimasi