Voronej yaqinidagi sanoat korxonasiga dronlar hujum qildi

Jahon 09:54 2280

Voronej oblastining Kamenskiy rayonida uchuvchisiz uchish apparatlari sanoat korxonasiga hujum qildi, dedi mintaqa gubernatori Aleksandr Gusev 19 noyabr, seshanba kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap beshtadan ortiq dron haqida ketyapti. Rasmiy qaysi obektga zarba berilganiga aniqlik kiritmadi, lekin u «faqat fuqarolik mahsulotlarini» ishlab chiqarishini aytdi.

Korxonada yong‘in sodir bo‘ldi, biroq bir muncha vaqt o‘tgach, u o‘chirildi, deya qo‘shimcha qildi Gusev. Xodimlar evakuatsiya qilindi. Gubernator qurbonlar yo‘qligiga ishontirdi. Hududda dron hujumlari xavfi saqlanib qolmoqda, deya ta’kidladi rasmiy.

Rossiyaning boshqa hududlariga dronlar hujumi

19 noyabr oqshomida Rossiyaning yana bir qancha mintaqalari rahbarlari uchuvchisiz uchoqlar hujumlari haqida e’lon qildi. Shunday qilib, havo hujumidan mudofaa tizimlari Kaluga oblasti janubida uchuvchisiz uchoqlarni yo‘q qilmoqda, dedi gubernator Vladislav Shapsha. Bryansk oblastida kechqurun 36 ta UUA urib tushirildi, deya ta’kidladi viloyat rahbari Aleksandr Bogomaz. U hujumda Ukrainani aybladi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Smolensk oblastida yana beshta, Kursk, Oryol va Rostov oblastlarida bittadan uchuvchisiz uchoq yo‘q qilingan.

Bundan tashqari, Belgorod oblasti sharqidagi Alekseyevskiy rayoni uzra bir nechta dron urib tushirildi, dedi gubernator Vyacheslav Gladkov. Alekseyevka shahrida ularning qoldiqlari korxona hududiga tushib, ishlab chiqarish binolariga zarar yetkazgan, deya tushuntirdi u. Shuningdek, infratuzilma obekti va elektr uzatish liniyasida ham shikastlanish aniqlangan, shu sababli bir qator ko‘chalarda elektr yo‘q, deya qo‘shimcha qildi rasmiy.

Ko‘proq yangiliklar: