Viloyat YHXB ma’lum qilishicha, voqea 18 noyabr kuni soat 19:30 larda Baxmal tumani hududidan o‘tgan G‘allaorol—Baxmal—Supa-Zomin 4R-41 yo‘lining 29 kilometrida sodir bo‘lgan.
1991 yilda tug‘ilgan A.O Cobalt avtomobilini O‘smat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelayotib, yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan ikki piyoda: 2011 yilda tug‘ilgan I.M. va uning singlisi, 2020 yilda tug‘ilgan I.K.ni urib yuborgan.
Oqibatda opa-singil turli tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Internetda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, yo‘ldan o‘tayotgan boshqa bir bola Cobalt urib ketishidan omon qolgan.
Holat yuzasidan shu kuni Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan gumonlanuvchi O.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi va 117-modda (xavf ostida qoldirish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonaga joylashtirilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.