O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi G‘azoda insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi. Bunga kecha Isroil armiyasi G‘azoda BMT insonparvarlik karvoniga qarata o‘t ochgani sabab bo‘lgan.
BMT dasturi bayonotida aytilishicha, BMT belgilari aniq-tiniq qilib tushirilgan ikki zirhli mashinaga qarata Isroil nazoratidagi «Vodiy G‘azo» nazorat-o‘tkazish punktiga kirib kelishda o‘t ochilgan.
Xabarda aytilishicha, «Garchi bu urush davrida ro‘y bergan xavfsizlik borasidagi birinchi holat bo‘lmasa-da, BMT butunjahon oziq-ovqat dasturi avtomobili barcha zarur ruxsatnomalarga ega bo‘lganiga qaramasdan nazorat-o‘tkazish punktida o‘qqa tutilgan».
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Garchi karvondagi harakat Isroil armiyasi bilan kelishilgan bo‘lsa-da, Isroil armiyasi maqsadli ravishda haydovchi tomon ikkita, yo‘lovchi tomon ikkita, mashinaning boshqa qismlariga oltita – jami 10 ta o‘q uzgan.
«Insonparvarlik yuklari ortilgan aniq markirovka qilingan, kolonna tarkibida harakatlangan BMT mashinasi harakati Isroil armiyasi bilan to‘liq kelishilgan. Mashinaga qarata 10 ta o‘q uzilgan», - degan u.
Dyujarrikning qayd etishicha, mashinaning zirhlangani BMT xodimlarini muqarrar o‘limdan saqlab qolgan.
Isroil va HAMAS G‘azodagi bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash uchun uchta alohida uch kunlik zonalashgan pauza haqida kelishib olishdi. Kampaniya yakshanba kuni G‘azoning markazida boshlanadi. Bu yerda urushlar ertalab oltidan kunduzi soat 3 gacha to‘xtatiladi. Shundan so‘ng emlashlar janubda va G‘azo shimolida o‘tkaziladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti poliomiyelit virusining tarqalishining oldini olish uchun G‘azodagi bolalarning kamida 90 foizini emlashni maqsad qilgan.
Qamal qilingan G‘azoda Isroil zulmi davom etmoqda. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining HAMAS nazorati ostidagi G‘azodagi bo‘limi xabariga ko‘ra, urushning 328-kuniga kelib qurbon bo‘lganlar soni 40 ming 602 kishiga yetgan, 93 ming 855 kishi yarador bo‘lgan. So‘nggi bir sutka ichida 68 kishi o‘ldirilgan, 77 kishi yaralangan.
Ukrainadagi urush
Rossiya Donbassda Pokrovsk yaqinida katta taktik muvaffaqiyatlarga erishgan. Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, rus qo‘shinlari Novogrodivkadagi temiryo‘l liniyasi bo‘ylab Pokrovsk tomon oldinga siljishga harakat qilmoqda.
Ukraina matbuoti ma’lumotlariga ko‘ra, 27 avgustdagi geolokatsiya tasvirlari Rossiya kuchlari ikki kilometrdan ko‘proq oldinga siljiganini tasdiqlaydi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular Pokrovsk janubi-sharqidagi Novogrodivkani egallagan bo‘lishi mumkin.
«Aftidan, rus qo‘shinlari birinchi navbatda Novogrodivkadagi temiryo‘l liniyasi bo‘ylab Pokrovsk tomon oldinga siljishga intilmoqda va posyolkaning butun shahar hududi bo‘ylab jang qilmoqchi emas», deya ma’lum qildi ISW.
Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumiga qaramay, Moskva Pokrovsk yo‘nalishidan qo‘shinlarini olib chiqishga shoshilmayapti, deb yozadi The New York Times.
«Rossiyaning yozgi hujumidan maqsad - hech bo‘lmaganda Pokrovskni qo‘lga kiritish», dedi Venadagi Harbiy akademiya eksperti, polkovnik Markus Raysner. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokrovsk tomon siljishlar fonida, «qandaydir qayta joylashtirish munosabati bilan Rossiya dinamikasi zaiflashuvi qayd etilmagan».
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Pokrovsk yo‘nalishini Rossiya qo‘shinlarining «shiddatli» harakatlari tufayli Ukraina kuchlari uchun eng qiyin deb atadi. Ukraina yetakchisi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan vaziyatni muhokama qildi.
Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Toretsk, Vremivka va Kuraxove yo‘nalishlaridagi vaziyatga ham alohida e’tibor qaratildi. «Pozitsiyalarimizni mustahkamlash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi», - degan Zelenskiy.
Ukrainada qulagan ilk F-16
Ukrainada 26 avgust kuni AQShda ishlab chiqarilgan birinchi F-16 qiruvchi samolyoti halokatga uchragani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda The Wall Street Journal Pentagondagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, avariya Rossiya tomonidan amalga oshirilgan yopirilma raketa hujumi vaqtida yuz bergan. Qiruvchi samolyot dushman tomonidan urib tushirilmagan, aftidan, halokatga uchuvchining xatoligi sabab bo‘lgan.
Ukraina havo kuchlari sodir bo‘lgan holat haqida xabar tarqatmadi. Shuningdek, qulagan F-16 ning uchuvchisi qay ahvolda ekani to‘g‘risida ham ma’lumot yo‘q.
Ukrainaning «Strana» nashri 28 avgust kuni Lutsk shahri meri Igor Polishchuk Facebook’dagi sahifasiga dushanba kuni 30 yoshli ukrain uchuvchisi halok bo‘lgani haqida post qoldirganiga e’tibor qaratgan.
«Podpolkovnik Oleksiy Mes 26 avgust kuni jangovar vazifani bajarish vaqtida halok bo‘ldi», — deyiladi xabarda. Keyinroq Polishchuk o‘z postini o‘chirib tashlagan.
Rossiya tomonidan 26 avgust kuni uyushtirilgan hujum vaqtida Ukraina ilk bor F-16 qiruvchi samolyotlaridan jangda foydalanib ko‘rgan.
Bazalarini kengaytirayotgan NATO
NATOning Latviyadagi ko‘p millatli brigadasi Adaji shahrida Kanada va Ispaniya tomonidan moliyalashtirilgan 7 million dollarlik yangi bazasini ochdi, deb xabar beradi Euronews.
Qayd etilishicha, bazaga zirhli texnikalar, chodirlar va texnik xizmat ko‘rsatish obektlari joylashtirilgan bo‘lib, u 2026 yilda to‘liq ishga tushishi kutilmoqda.
Litva ham, shuningdek, 2026 yilgacha Rukladagi brigada infratuzilmasini kengaytirish ishlarini olib bormoqda. Nemis qo‘mondoni Harald Gante Litva bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni e’tirof etib, ushbu baza ittifoqchilar harbiy texnikasiga xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Rukladagi qurilish ishlari reja bo‘yicha ketmoqda: yil oxiriga borib Litvaga 200 nafarga yaqin nemis askari yetib keladi, keyingi yilga borib esa ularning soni 800 nafarga yetadi. 2027 yilda brigada to‘liq ishga tushishi kerak.
NATOning Latviyadagi ko‘p millatli brigadasi tarkibiga Albaniya, Chexiya, Daniya, Islandiya, Italiya, Latviya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Polsha, Slovakiya, Sloveniya va Ispaniya kuchlari kiradi, bundan tashqari, Shvetsiya ham ularga qo‘shilishi mumkin.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
Turkiyaning yirik davlat banki — Ziraat banki Rossiya rublda operatsiyalar o‘tkazishni to‘xtatdi. Bank hech qanday tushuntirishsiz rublda hisobvaraq ochishni to‘xtatgan va mavjud hisoblari bo‘lgan mijozlarga rus valutasini turk lirasiga konvertatsiya qilish taklifini bildirgan.
Bunga qadar bankda rubl orqali operatsiyalarni Turkiyada yashash guvohnomasiga ega yoki mamlakatda o‘qiydigan va ishlaydigan mijozlar amalga oshira olar edi. Ammo endi Turkiyada o‘z biznesini yuritayotgan ruslar Rossiya valutasida hisobvaraq ochishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Turkiyaning boshqa davlat banklari ham Ziraat kabi siyosat yuritmoqda, ayrim xususiy kredit tashkilotlarigina rublda hisobraqam ochishni davom ettiryapti.
AQSh Moliya vazirligi tomonidan sanksiyalar kuchaytirilgach, Turkiya banklari joriy yil boshida Rossiya bilan operatsiyalarni lirada amalga oshirishni boshlagan edi.
Natijada, turk banklari Rossiyadan yuboriladigan to‘lovlarni ommaviy bloklashga tushgan, Rossiya-Turkiya savdosi esa qulay boshlagan.
Rossiyadagi migrantlar
Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Rossiyada ayni paytda 630 ming noqonuniy migrant bor.
Bu holda mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan, ikki yoki undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoki noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlar noqonuniy migrant hisoblanadi.
Rossiya hukumati mehnat va migratsiya qonunchiligi sohasida huquqbuzarlik sodir etgan migrantlarga nisbatan amnistiya qo‘llash rejalarini muhokama qilmoqda, deb yozadi «Kommersant» nashri.
Rossiyada mehnat va migratsiya qonunchiligi sohasida huquqbuzarlik sodir etgan mehnat muhojirlariga nisbatan amnistiya qo‘llanishi mumkin. Bu chora hujjati muddati o‘tgan yoki mamlakatdan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan migrantlar reyestrini ishga tushirishga tayyorgarlik doirasida muhokama qilinmoqda, deb xabar bergan nashr.
2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra, 3,5 mln mehnat migranti qonuniy ravishda Rossiyada bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolaridir.
SpaceX parvozlari to‘xtatildi
AQSh Federal fuqarolik aviatsiyasi (FAA) boshqarmasi SpaceX parvozlarini to‘xtatib qo‘ydi. Boshqarma bunga 27 avgust kuni uchirilgan tashuvchi raketa qulab tushib, yonib ketgani sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.
FAA 27 avgust kuni Florida sohillari bo‘yida tashuvchi raketaning yonib ketishi bilan bog‘liq holatdan keyin tergov olib borishni buyurdi. Hozircha bu SpaceX’ning bo‘lajak parvozlari ekipajiga — biri xususiy, ikkinchisi NASA uchun — qanday ta’sir ko‘rsatishi noma’lum.
Raketa Kanaveraldagi kosmik markazidan uchirilgan bo‘lib, orbitaga 21 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini olib chiqqan. Ammo okeandagi platformaga qo‘nish vaqtida raketaning birinchi pog‘onasi yonib ketib, avariya holatini yuzaga keltirgan.
FAA kompaniya Falcon-9 ni ishga tushirishni davom ettirishidan oldin SpaceX’ning avariya haqidagi xulosalarini tasdiqlashi kerakligini aytdi. Mazkur holatdan keyin Kaliforniyadan uchiriladigan Starlink parvozlari zudlik bilan to‘xtatildi.
SpaceX vitse-prezidenti Jon Edvarsning ma’lum qilishicha, kompaniya tashuvchi raketa bilan bog‘liq holatga oydinlik kiritish uchun «imkon qadar tezroq» ishlamoqda.