Argentina politsiyasi 40 yildan beri odil sudlovdan qochib yurgan Italiyaning «Qizil brigadalar» terrorchi-partizanlar guruhi a’zosini qo‘lga oldi. U vatanida turli jinoyatlar, jumladan odam o‘g‘irlashda ayblangan va qidiruvga berilgan edi.
Leonardo Bertulatssi Argentinada yillar davomida qochqin sifatida yashadi, u mamlakatning radikal o‘ng qanot prezidenti Xaviyer Miley boshqaruvi ostida qochqin maqomini yo‘qotdi. U avvalroq Italiyada 27 yillik qamoq jazosiga sirtdan hukm qilingan edi. U Buenos-Ayresda ushlandi, uning hibsga olinishida Italiya politsiyasi hozir bo‘ldi.
«Qizil brigadalar» 1970-1980 yillarda Italiyada o‘nlab shafqatsiz hujumlardagi o‘limlar, jumladan Italiyaning sobiq bosh vaziri Aldo Moro o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishi uchun javobgar hisoblanadi.
«Bertulatssi demokratik qadriyatlar va ko‘plab qurbonlar hayotiga putur yetkazgan jinoyatlar uchun javobgardir», deyiladi Argentina hukumati bayonotida.
1980 yildan beri qochoq maqomida bo‘lgan Bertulatssi 1977 yil yanvar oyida Genuya shahrida dengiz muhandisi Piyero Kostaning o‘g‘irlanishida ishtirok etganlikda aybdor deb topilgan. Genuyaning eng boy kema egalari oilasi a’zosi bo‘lgan Kosta o‘z uyi yaqinida o‘g‘irlab ketilgan edi.
Jinoyatchilar dastlab 10 milliard lira to‘lov talab qildi, biroq Kosta oilasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida talab 1,5 milliard liragacha kamaygan. To‘lov amalga oshirildi va Kosta 1977 yil aprel oyida qo‘yib yuborildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kostaning o‘g‘irlanishidan maqsad terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun mablag‘ topish edi. Keyinchalik jinoyatchilar Rimdan kvartira sotib olish uchun 50 million lira sarflagan. Ular 1978 yili bosh vazir Aldo Moroni o‘g‘irlab ketib, shu kvartirada saqlagan. Keyinchalik, oradan 55 kun o‘tgach, uning o‘qlardan ilma-teshik bo‘lgan jasadi avtomobil yukxonasidan topildi.
Bertulatssi Italiyada qidiruvga berilganiga va qayerdaligini hamma bilganiga qaramay, erkin odam sifatida yashash imkonini beruvchi murakkab huquqiy vaziyat o‘rtasida qolgan edi. U 2002 yilda Buenos-Ayresda Interpol bilan hamkorlikda olib borilgan tergovdan so‘ng hibsga olindi, biroq sakkiz oydan so‘ng qo‘yib yuborildi. Chunki Italiyadagi sud jarayonlari sirtdan o‘tkazilgani tufayli, uning ekstraditsiya etilishini istisno qilardi.
Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni hukumati uning hibsga olingani haqidagi xabarni olqishladi. «Qochib ketgan «Qizil brigadalar» a’zosining hibsga olinishi Italiya sud tizimi, Argentina rasmiylari va Interpol o‘rtasidagi intensiv va samarali hamkorlik tufayli mumkin bo‘ldi», deyiladi bayonotda.
Italiya rasmiylari uning tez orada Italiyaga qaytishini kutmaydi. Bertulatssi advokatlari Argentina qochqinlar komissiyasining uning qochqinlik maqomini bekor qilish haqidagi qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berdi va u rad etilgan taqdirda ham ekstraditsiya jarayoni uzaytirilishi mumkin.