Vengriya YeIga kirmoqchi bo‘layotgan migrantlarni Bryusselga yuborishga tayyorligini ma’lum qildi

Jahon 01:08 / 28.08.2024 3245

Vengriya Yevropa Ittifoqiga kirish ilinjida boshpana so‘rayotgan migrantlarga bepul chipta olib berib, ularni Bryusselga yuborishga tayyor. Bosh vazir administratsiyasi rahbari mamlakatga solingan jarimalarga javoban shunday yo‘l tutish taklifini bildirdi.

Budapeshtda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan administratsiya rahbari Gergey Guyyash Yevropa sudining iyun oyida Vengriyaga nisbatan 200 million yevro jarima qo‘llash borasidagi qarorini tanqid qildi. Mamlakat YeIning boshpana taqdim etish borasidagi qoidalarini muntazam buzib kelgan. Shuningdek, Vengriya o‘z siyosatini Yevroittifoq qonunchiligiga moslamagan har bir kuni uchun qo‘shimcha 1 million yevrodan jarima to‘laydi.

Guyyashning aytishicha, YeI Vengriyaga «migrantlarni chegarada tutib turish imkonini bermaydigan» qoidalarni joriy etishdan to‘xtamasa, uning mamlakati har bir migrantning «Bryusselga qadar bepul transportda» yetib olishini ta’minlaydi.

Vengriya hukumati Suriyadagi mojarolar oqibatida 2015 yilda Yevropa davlatlariga 1 milliondan ortiq muhojir kirib kelganidan keyin migratsiya borasidagi pozitsiyasini o‘zgartirdi. Mamlakat Serbiya va Xorvatiya bilan chegaraga tikonli simlar o‘rnatdi, shuningdek, Serbiya bilan chegarada boshpana so‘rab murojaat qilganlar uchun ikkita tranzit zona qurdi.

Yevropa Ittifoqi esa Vengriyaning boshpana berish borasidagi qattiq siyosatidan norozi bo‘lib, suddan Budapeshtni jarimaga tortishni so‘radi. 

Ko‘proq yangiliklar: