Sochidan uchgan Rossiyaning "Azimut" aviakompaniyasining Sukhoi Superjet 100 (SSJ) bortida so‘nggi 3,5 yil ichida 15 ta aviahodisa sodir bo‘ldi, ulardan uchtasi kuzda ro‘y bergan. Bu haqda 25 noyabr, dushanba kuni "Agenstvo. Novosti" xabar qildi.
RA-89085 raqamli samolyot 2017 yilning fevral oyida foydalanishga topshirilgan. 2021 yil mart oyidan beri Aviaincident va "Aviatorshchina" Telegram-kanallari layner bilan bog‘liq 15 ta hodisa haqida xabar bergan.
Shunday qilib, 7 sentabr kuni mashina texnik sabablarga ko‘ra uchish-qo‘nish yo‘lagidan to‘xtash joyiga qaytarildi, 28 sentabrda samolyot dvigatel tebranishi kuchayganligi sababli parvozni to‘xtatdi, 16 oktyabrda esa SSJ gidravlik tizimning ishdan chiqishi tufayli majburiy qo‘nish paytida shassini shikastladi.
Superjet 100 samolyoti Antalya aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yonib ketdi
Rossiyaning "Azimut" aviakompaniyasining Sochidan uchgan Sukhoi Superjet 100 samolyoti Turkiyaning Antaliya shahri aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yonib ketdi. 24 noyabr, yakshanba kuni sodir bo‘lgan voqeani Rosaviatsiya matbuot kotibi Artem Korenyako o‘zining Telegram'dagi kanalida tasdiqladi.
Keyinroq u Rossiyaning Antalyadagi bosh konsulligiga tayangan holda aniqlik kiritishicha, hodisa oqibatida samolyot yo‘lovchilaridan hech biri jabrlanmagan. Samolyot komandiri yo‘lovchilarni maxsus traplar yordamida evakuatsiya qilishga qaror qildi. Aviakompaniya qurbonlar yo‘qligini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, "Azimut" ortga qaytish uchun zaxira samolyot tayyorlamoqda. Turkiya Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 95 kishi bo‘lgan. Antalya aeroporti bortda 91 kishi bo‘lganini ma’lum qildi.
Korenyakoning so‘zlariga ko‘ra, kemadagi yong‘in Turkiya aeroportining qutqaruv guruhi tomonidan tezda o‘chirilgan.
AirportHaber Turkiya aviatsiya portali xabariga ko‘ra, Superjet 100 dvigateli yonib ketgan. Mash Telegram-kanalining yozishicha, samolyot qo‘nish vaqtida chap qanoti bilan uchish-qo‘nish yo‘lagiga urilgan bo‘lishi mumkin.
Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Superjet kuchli yomg‘ir va shamol tufayli noqulay ob-havo sharoitida qattiq qo‘nganidan so‘ng yonib ketgan.