Hindiston biznes maktabi (universitet) 2001 yil Haydarobod shahrida tashkil etilgan bo‘lib, faoliyat ko‘lami yoshlarga yuqori darajadagi zamonaviy bilimlar berish bilan bir qatorda milliy va jahon iqtisodiyoti, kichik, o‘rta va yirik biznes sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etishni qamrab olgan. 2012 yil Mohali shahrida ISBning ikkinchi kampusi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Muzokaralar chog‘ida ISB rahbariyati O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni, jumladan, ta’lim sohasidagi izchil islohotlar, yosh avlod vakillariga zamonaviy va raqobatbardosh bilimlarga ega mutaxassislar bo‘lib yetishish uchun yaratilayotgan sharoitlardan yaxshi xabardor ekanini ma’lum qildi. Mamlakat biznes va iqtisodiy sohalar uchun mutaxassislar yetishtirishga ixtisoslashgan oliy bilim yurtlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatishga qiziqish bildirdi.
- Hindiston va O‘zbekiston oliy ta’lim sohasida, xususan, biznes boshqaruviga oid bilimlar yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlarga ega, - deydi Hindiston biznes maktabi xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Kumara Guru. – Ma’lumki, bugungi kunda Hindiston barcha soha va yo‘nalishlar qatori ta’lim sohasini rivojlantirish va oliy bilim yurtlarining mamlakat iqtisodiyotining izchil taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan ushbu yo‘nalishdagi sheriklik istiqbollarini muhokama qilishga tayyormiz.
Muloqot chog‘ida qo‘shma o‘quv kurslari shakllantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashuv dasturlarini amalga oshirish va boshqa yo‘nalishlarda aloqalar o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.