Farg‘onada profilaktika inspektori pichoq bilan hujum qilinishi oqibatida vafot etdi

Jamiyat 08:54 / 27.08.2024 18838

Joriy yilning 26 avgust kuni soat 20:45 da Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani IIB profilaktika katta inspektori N.M. o‘z vakolati doirasida muqaddam JKning 276-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismi bilan sudlanib, soat 18:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyini tark etmaslik taqiqi bilan ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan tumanning Shodlik mahallasida yashovchi fuqaro X.E.ni yashash xonadoniga borib, tekshirgan.

Biroq, fuqaro X.E. xonadonida yo‘qligi, jazoni o‘tash tartibini buzganligi aniqlangan.

Shu vaqtda fuqaro X.E. mast holda yashash xonadoniga tashqaridan kelib, janjal ko‘targan va xonadonda bo‘lgan oshxona pichog‘ini olib chiqib, kutilmaganda N.M.ning ko‘krak qafasiga sanchib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan hamda voqea joyidan qochib yashiringan.

Profilaktika inspektori N.M. ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida X.E. qo‘lga olindi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Ko‘proq yangiliklar: