Estoniya Adliya vazirligi qamoqxonalarni ijaraga berish taklifini ilgari surdi

Jahon 23:45 / 27.08.2024 2692

Estoniya Adliya vazirligi hukumatga qamoqxonalarni sotish va u yerdagi kameralarni xorijlik mahkumlar jazo o‘tashi uchun ijaraga berish taklifini ilgari surish niyatida. Bu haqda ERR davlat teleradiokanali adliya vaziri Liyza Pakostaga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi jazo tizimida mablag‘ tejashning ko‘plab variantlarini ko‘rib chiqmoqda va yaqin kelajakda ularni Estoniya hukumatiga taklif qiladi. «Qamoqxonalardan birini sotishimiz, majoziy ma’noda aytganda Airbnb (uy-joy ijara servisi) orqali ijaraga beradigan holatgacha konservalashimiz mumkin», — deydi Pakosta.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik qamoqxonalardan birini «ijtimoiy uy yoki mehmonxona»ga aylantirish maqsadida sotish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Estoniyada uchta qamoqxona bor — ular Tallin, Tartu va Viru shaharlarida joylashgan. 2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qamoqxonalarda jami 1841 nafar mahbus saqlanmoqda. Mamlakat hukumati qamoqxonalarni saqlash uchun ajratiladigan davlat xarajatlarini qisqartirish evaziga budjet mablag‘larini iqtisod qilmoqchi.

Avgust o‘rtalarida Estoniyaning Emari harbiy shaharchasida 2025 yil boshidan jangovar o‘q-dorilarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Undan oldin esa Estoniya Yevropa Ittifoqi va NATO mamlakati Fransiyadan o‘n ikkita Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmalari (O‘AQ)ni sotib olishga qaror qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: