27 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 20:58 / 27.08.2024 4030

Samarqandda ochilgan xalqaro musiqiy festival, tumanlarga hokim etib tayinlangan bankirlar, Turkiyada favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan samolyot va Humoʼga qiziqish bildirayotgan Kaspi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Samarqandda «Sharq taronalari» festivali ochildi

Shavkat Mirziyoyev 26 avgust kuni Samarqandda «Sharq taronalari» o‘n uchinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbari nutqining avvalida mehmonlarni ko‘rishdan mamnunligini bildirib, ularga o‘zbek xalqi salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

“Ko‘hna Sharq bag‘rida tug‘ilgan musiqiy qadriyatlar anjumanimiz tufayli xalqaro miqyosda keng e’tibor va e’tirof qozondi. Festival o‘nlab mahoratli xonanda va sozandalarni, iste’dodli yoshlarni kashf etdi, ularning parvoziga qanot, ijodiga kuch va ilhom bag‘ishladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari festival tarixi va musiqa madaniyatiga doir ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shaklini yaratish, anjumanning xalqaro «Do‘stlar klubi»ni tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Marosimda YuNeSKO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi va boshqa tashkilotlardan faxriy mehmonlar ishtirok etdi. Umuman, bu yilgi festivalda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar qatnashdi.

Ikki tumanda bankirlar yangi hokim bo‘ldi

“Agrobank” ATB Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan Uchqun Elmurodov Uchquduq tumani hokimi etib tayinlandi.

Tumanning avvalgi hokimi Soli Hamroyev prezident rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda faoliyatidagi tizimli kamchiliklar sababli ishdan olingandi.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumaniga ham bank rahbari hokim bo‘ldi.

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki Sirdaryo viloyati filiali boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelgan Orif Rahmonqulov tuman hokimi etib tayinlandi.

Bu tumanning avvalgi hokimi Sarvar Sultonov ham prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ishdan olingandi.

Mustaqillik bayramidagi dam olish kunlari

Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun — 31 avgustdan 4 sentabrgacha dam oladi.

Dam olish kunlari Shavkat Mirziyoyevning «2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan. Unga ko‘ra:

31 avgust — olti kun ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;

1 sentabr — Mustaqillik bayrami kuni;

2 sentabr — ko‘chirilgan dam olish kuni (bayram yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi sababli);

3 sentabr — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni.

4 sentabrdan barcha xodimlar yana to‘liq ishga qaytadi.

Maktab, akademik litsey, kollej va texnikumlarda darslar 4 sentabrdan, oliy ta’lim muassasalarida esa 9 sentabrdan boshlanadi.

Bayram munosabati bilan 6 ta shaharga qo‘shimcha aviareyslar qo‘yiladigan bo‘ldi. 31 avgustdan 3 sentabrgacha Nukus, Buxoro, Termiz, Farg‘ona, Namangan, Urganchga 30 foiz chegirma bilan qo‘shimcha aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Turkiyadagi favqulodda qo‘nish

Istanbuldan Samarqandga uchayotgan samolyot kecha Turkiyada favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.

«Qanot Sharq» aviakompaniyasining HH572 reysi bilan Istanbul – Samarqand yo‘nalishida uchgan Airbus A320 uchog‘i Turkiya osmonida bortida avariyaviy holat sodir bo‘lgani uchun yo‘lidagi eng yaqin zaxira aeroporti — Amasya viloyatidagi Merzifon aeroportiga qo‘ngan.

Samolyot Istanbul aeroportidan mahalliy vaqt bilan 16:52 da parvoz qilgan. Samarqandga reja bo‘yicha 23:10 da qo‘nishi kutilayotgandi. Xuddi shu samolyot 27 avgust kuni soat 01:10 da Samarqanddan Sankt-Peterburgga parvoz qilishi lozim edi. Bu reys ertalab 8:20 da boshqa samolyotda amalga oshirilgan.

Aviakompaniya rasmiy saytida qo‘nish texnik nosozlik tufayli amalga oshirilgani ta’kidlanib, yo‘lovchilardan uzr so‘ralgan va yo‘lovchilarni Merzifon aeroportidan keltirish uchun boshqa samolyot jo‘natilishi ma’lum qilingan.

Nukus xalqaro aeroportiga qarshi ish

Raqobat qo‘mitasi Nukus xalqaro aeroportiga qarshi ish qo‘zg‘atdi. Qo‘mita aeroport 120 mln so‘mlik tanlov savdolarini o‘tkazishda qonunlar talablariga rioya qilmaganini aniqlagan.

O‘rganishlar natijasida, mazkur MChJ Davlat xaridlari portal orqali amalga oshirgan 120 million so‘mlik tanlov savdolarini o‘tkazishda «Davlat xaridlari» va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunlar talablariga rioya qilmagani aniqlangan.

Shunga ko‘ra, qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 225-sonli nizom talablarini buzish alomatlari bilan Nukus xalqaro aeroportiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.

Uning natijasi yuzasidan tegishli ta’sir chorasi qo‘llangan.

Humoʼga qiziqish bildirayotgan Kaspi

Qozog‘istonning Kaspi kompaniyasi «Humo» to‘lov tizimini sotib olishni rejalashtiryapti. Kompaniya rahbari Mixail Lomtadze O‘zbekistonda texnologiyalar uchun «katta sarmoya» kiritish niyatida ekanini bildirdi.

Kaspi.kz tomonidan ushbu xususiylashtirish jarayoniga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xalqaro konsultanti sifatida jalb qilingan Delloite’ga rasmiy qiziqish xati yuborilgan.

Kompaniya rahbari Mixail Lomtadzening so‘zlariga ko‘ra, Kaspi.kz naqd pulsiz to‘lovlar o‘sishiga hissa qo‘shadigan to‘lov texnologiyalari va xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha katta tajriba olib kirib, joriy «Humo» biznes modelini rivojlantirishni rejalashtiryapti.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Kaspi O‘zbekistonda texnologiya va xodimlarga «katta sarmoya» kiritish niyatida, bu «Humo» to‘lov xizmatlarini barcha ishtirokchilar uchun yanada samarali va qulayroq qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: