Fransiyada Pavel Durov 12 ta jinoyatda ayblanmoqda – OAV

Jahon 22:47 / 26.08.2024 4125

Fransiya prokuraturasi Telegram asoschisi Pavel Durovni 12 ta jinoyatda ayblamoqda. Bu haqda prokuratura press-relizi bilan tanishgan «Novaya gazeta Yevropa» xabar berdi.

Xususan, unga quyidagi ayblovlar qo‘yilgan:

- uyushgan guruhlarning noqonuniy operatsiyalarini amalga oshirish uchun onlayn-platformani boshqarishda ishtirok etish;

- huquqni muhofaza qiluvchi organlarning talabiga binoan tergovni o‘tkazish va undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar yoki hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortish;

- voyaga yetmaganlar pornografik kontentini saqlashda ishtirok etish;

- voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini uyushgan guruh tomonidan tarqatishda ishtirok etish;

- giyohvand moddalarni tarqatishda ishtirok etish;

- hakerlik hujumlari bilan bog‘liq kiberjinoyatlarga sheriklik;

- uyushgan jinoiy guruhlarning firibgarlik faoliyatiga sheriklik;

- kamida besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadigan jinoyatlarni sodir etish maqsadida uyushgan guruh tuzish;

- uyushgan jinoiy guruh faoliyatidan olingan pul mablag‘larini legallashtirish;

- majburiy deklaratsiyalarsiz, maxfiylikni ta’minlashga qaratilgan kriptografik xizmatlarni taqdim etish;

- maxfiylikni ta’minlash uchun zarur bo‘lganidan tashqari kriptografiya vositalarini noqonuniy taqdim etish;

- maxfiylikni ta’minlash uchun zarur bo‘lganidan tashqari kriptografik vositalarni noqonuniy import qilish.

Qayd qilinishicha, Durovga nisbatan tergov 8 iyulda boshlangan. U 28 avgustgacha hibsda qoladi, shundan so‘ng, prokuratura unga nisbatan ayblov e’lon qilishi yoki ozod etishi shart.

Ko‘proq yangiliklar: