Falastin oktyabr oyida Qozonda o‘tkaziladigan sammitdan keyin BRICS a’zoligi uchun ariza berish niyatida. Bu haqda mamlakatning Rossiyadagi elchisi Abdul Hofiz Nofal ma’lum qildi.
«Sammitdagi birinchi ishtirokimizdan keyin biz ushbu tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha so‘rov yuboramiz. Va Rossiya prezidenti Vladimir Putin sessiya to‘liq Falastinga bag‘ishlanishiga va’da berdi, shu bois ushbu sammitdan faqat ijobiy natijalarni kutmoqdamiz», — deydi elchi.
Nofal, shuningdek, sammitga taklif etilganini Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash belgisi deb atadi. Xalqaro guruhning navbatdagi sammiti 22-24 oktabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadi.
BRICS — iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. 2001 yilda britaniyalik iqtisodchi Jim Onil jahon iqtisodini o‘rganish jarayonida bir guruh katta davlatlarda iqtisodiy tizimli o‘sishga e’tibor berib, shartli ravishda BRIC deb ataydi (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy). 2010 yilda bunga JAR qo‘shildi, bugun tashkilotda to‘qqizta davlat bor.
2023 yil 23 avgust kuni JAR prezidenti Siril Ramaposa Argentina, Eron, Saudiya Arabistoni, Misr, Efiopiya va Birlashgan Arab Amirliklariga to‘laqonli a’zo sifatida tashkilotga qo‘shilish taklifi bildirilganini ma’lum qilgandi. Keyinrioq Argentina BRICS’ga qo‘shilishdan bosh tortgan.
Avvalroq Ozarboyjon BRICS a’zosi bo‘lish uchun rasman ariza topshirgan edi. 2024 yilning iyul oxirlarida Malayziya BRICS’ga raislik qilayotgan Rossiyaga guruhga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborgandi. 27 iyul kuni Kuala-Lumpurga tashrif bilan kelgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvida Malayziyaning guruhga qo‘shilishi masalasi asosiy bo‘lgan.