Talabalikdan tadbirkorlikka: uyda baliq boqib daromad topayotgan Yashnarbek hikoyasi

Jamiyat 10:59 / 25.08.2024 16783

Yashnarbek No‘monov hovlisidagi hovuzlarda akvarium baliqlari parvarishlab yaxshigina daromad topyapti. 30 dona baliqdan ish boshlagan talabaning bugun o‘z biznesi bor. “2020 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirdim. “Kontrakt”da o‘qishim, iqtisodiy yetishmovchiliklar sabab ota-onamga yordam berishim kerak edi. Oxir-oqibat tadbirkorlikka qo‘l urdim”, deydi u.

Dang‘aralik 27 yoshli Yashnarbek bu yil oliygohni tamomladi. Endilikda u o‘z sohasida faoliyat yuritish bilan birga dekorativ baliqchilikni yanada rivojlantirmoqchi.

“Poytaxtda o‘qiyotgan damlarda kun bo‘yi o‘qishda bo‘lardim, qo‘shimcha ish qilish qiyin edi. Mustaqil pul topib ota-onamga moddiy yordam berish uchun dekorativ baliqchilik sohasiga qiziqib ko‘rdim. Hovlimizda kichkina hovuz qazib 30 dona baliq tashladim. Hovuzlarni o‘zim qo‘lda qaziganman, texnikaga berish uchun ortiqcha pul yo‘q edi. Beton hovuzdan ko‘ra yaxshiroq va arzonroq bo‘lgani uchun polietilen bilan qoplaganmiz.

Baliq boqish boshida qiyin bo‘ldi, chunki bu sohada chuqurroq ilm, malaka talab etilardi. O‘zbekistonlik baliqchilardan tajriba o‘rganmoqchi bo‘lganimda 35 ming dollar so‘rashdi. Internetdan izlana-izlana, yaponiyalik mutaxassis topib ulardan onlayn dars oldim.

Boshida ishni 1 turdagi baliq parvarishlashdan boshlagan bo‘lsak, hozir 10 xildan oshiq baliq turi mavjud. Bundan tashqari har bir baliqning 3 mingdan ziyod rangi bor.

Yapon koisi, Kometa, Aranda, Panda aranda, Rancho kabi baliq turlari parvarishlayapmiz. Narxlari esa 15 ming so‘mdan 500 dollargacha.

Ikki mahal ozuqa beramiz baliqlarga, imkon qadar sifatli yemlardan foydalanamiz. Tabiiy ozuqalar ham berib turamiz. Ozuqa uchun ko‘p xarajat ketmaydi, kam ovqat yeydi, tez katta bo‘ladi.

Sotuvga ulgurji qilib chiqaramiz, donalab sotilmaydi odatda. Baliq sotish bilan shug‘ullanadigan mijozlarimiz olib ketishadi.

Baliqlar dastlab iqlimimizga moslashishi qiyin kechdi, endi esa jonzotlar qishning sovug‘ida ham, yozning issig‘ida ham yashay olishadi.

Akvarium baliqlari asosan Tailand, Indoneziya, Malayziyadan keladi. Ba’zida kasalliklar kelib turadi. Tajribamizda 20 tadan ortiq kasallik o‘tdi, bemalol kurasha olamiz bu kasalliklar bilan. Bilishimcha, ular eksport qilishdan oldin baliqlarga atay infeksiya yuqtirib keyin yuborishar ekan, kasallanib o‘lib, yana eksport qilishlari uchun. To‘g‘ri ish emas bu, albatta. Biz olib kelgan bir baliq turida ham shunaqa infeksiya aniqlandi. 20 kun kurashdik kasallik bilan, hozir yaxshi bo‘lib ketdi.

Diplomatiya universitetini bitirdim. O‘z sohamda ishlamoqchiman. Baliqchilikni kengaytirib, yoshlarni ishga olib, ularning bandligini ta’minlamoqchiman. Hokimlik tomonidan 60 sotix yer ham ajratilgan buning uchun”, deydi tadbirkor.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: