AQShning Yaponiyadagi Hiroshima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlaganiga 79 yil bo‘ldi. O‘shanda jabrlangan yapon xalqi mislsiz fojiani hamon unutgani yo‘q.
Hanuzgacha Hiroshima va Nagasakida radiatsiya miqdori baland va bu yerda chaqaloqlar nuqson bilan tug‘iladi.
Insoniyat Ikkinchi jahon urushidan hamda Hiroshima va Nagasaki fojiasidan yetarlicha xulosa chiqarmadi. O‘shandan keyin ham dunyoda ko‘plab urushlar bo‘lib o‘tdi. Qurolli mojarolar va urushlar bugun ham davom etmoqda.
Boz ustiga, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida o‘nga yaqin davlat yadro qurollariga ega bo‘ldi va bu ham Yer kurrasi uchun eng jiddiy xavf hisoblanadi.
Yadro qurollariga ega davlatlar orasida SSSR alohida ajralib turgan. Bu davlat XX asrning 60–70-yillarida juda ko‘p marta atom bombasi sinovlarini o‘tkazgan.
Bundan tashqari, turli loyihalarni amalga oshirishda o‘z fuqarolari sog‘ligini, hududlarning yaroqsiz bo‘lishini inobatga olmasdan, atom bombalarini qo‘llagan.
Uzoqqa bormaylik, hatto O‘zbekiston hududida ham ikki marta gaz konini jilovlash uchun atom bombadan foydalanilgan. Birinchisi 1966 yilda Buxoro viloyatidagi O‘rtabuloq gaz konini, ikkinchisi 1967 yilda Qashqadaryo viloyatidagi Pomuq gaz konini jilovlashda atom bombasi portlatilgan.
Umumiy hisobda 1965 yildan 1988 yilgacha SSSRda tinch maqsadlarda, turli loyihalarni amalga oshirish uchun 124 marta atom bombasi portlatilgan.
Shundan 117 ta portlash maxsus poligonlardan tashqarida, aholi maskanlariga yaqin joylarda amalga oshirilgan. Sovetlar bu portlashlarni “Xalq xo‘jaligi uchun yadro portlashlari” dasturi doirasida amalga oshirgan.
Jumladan:
- Rossiyada – 80 ta;
- Qozog‘istonda – 39 ta;
- Ukrainada – 2 ta;
- O‘zbekistonda – 2 ta;
- Turkmanistonda – 1 ta atom bombasi portlatilgan.
Aholi o‘rtasida vahima kelib chiqmasligi va xorijiy OAVda xabarlar tarqalmasligi uchun atom bombalarining portlatilishi ommadan sir tutilgan.
Biroq portlash vaqtida sodir bo‘lgan yer silkinishlari va atrofga tarqaladigan radiatsiya to‘lqinlari tufayli xalqaro hamjamiyat ularning aksariyatini bilgan.
“Tayga” loyihasi doirasida atom bombasi portlatilishi ana shunday ishlardan biri bo‘lgan. O‘shanda Pechora va Kolva (Kama daryosining irmog‘i) daryolarini o‘zaro bog‘lash uchun atom bombalaridan foydalanish reja qilingan. Uchta portlashdan so‘ng Yevropa davlatlari va xalqaro tashkilotlar bosimi ostida bu ish to‘xtatilgan.
“Tayga” loyihasi
Aslida barchasi 1960-yillarda, O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi avj olgan paytdan boshlangan. O‘zbekiston va uning atrofidagi respublikalarda cho‘llar o‘zlashtirilgach, Amudaryo hamda Sirdaryodan paxta dalalariga qarab ko‘plab kanallar tortiladi. Oqibatda Orolga suv bormay qo‘yadi va dengiz quriy boshlaydi.
Boshqa tomondan Volga daryosida ko‘plab suv omborlari qurilishi tufayli Kaspiy dengiziga tushadigan suv miqdori ham kamayadi.
Shundan so‘ng sovetlar Sibir va Uraldagi daryolarni O‘rta Osiyoga oqizishni reja qilishadi. Suvning bir qismi Kaspiy dengiziga, boshqa bir qismi esa Orol dengiziga quyilishi kerak edi.
Avvaliga Kama va Pechora daryolarini o‘zaro bog‘lash, shu orqali Pechoraning suvini Volga daryosi orqali Kaspiy dengiziga olib kelish maqsad qilinadi. Bu loyiha bitgandan so‘ng Irtish daryosini Orol dengiziga oqizish uchun Qozog‘iston cho‘llarida kanal qazilishi kerak edi.
Biroq bu ishlarni amalga oshirish oson emasdi. Kama va Pechora daryolarini bog‘lash uchun bir necha yuz km, Qozog‘iston orqali esa bir necha ming km masofada kanal qazish ishlariga juda katta mablag‘ hamda ishchi kuchi sarflash lozim bo‘lardi. Shuningdek, kanal qazish ishlari uzoq vaqt davom etardi.
Sovetlar ishni tezroq va arzonroq bitirish uchun kanalni atom bombasi yordamida qazishga qaror qiladi. Ular bu ishni Kama va Pechora daryolarini bog‘lovchi kanal qurilishidan boshlaydi va bu yerda 200 dan ortiq atom bombasi portlatilishi reja qilinadi.
1971 yil 23 mart kuni Perm viloyati Cherdinskiy rayonida joylashgan Vasyukovo qishlog‘i yaqinida uchta atom bombasi yer ostiga ko‘milib, portlatiladi.
Bombalarning har biri 15 kilotonna yadro zaryadiga ega bo‘lib, ular amerikaliklar Hiroshimaga tashlagan 15 kilotonnali atom bombasidan qariyb uch barobar kuchli edi.
Bombalar bir biridan 200 metr uzoqlikda joylashtiriladi va ular bir vaqtda portlatiladi. Oqibatda uzunligi 700, eni 380, chuqurligi 10-15 metr bo‘lgan ko‘l paydo bo‘ladi.
Portlash paytida yer yuzasidagi tuproq 300 metr, undan chiqqan chang esa 1 800 metr balandlikkacha ko‘tariladi va atrofga sochilib ketadi.
Keyinchalik, hodisa guvohlari qattiq gumburlashdan so‘ng yer qattiq silkinganini va episentrdan osmonga avval olov, so‘ng chang ko‘tarilganini aytgan.
Birinchi portlash muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng sovetlar keyingi portlashlarga tayyorgarlik ko‘ra boshlashadi. Biroq bu ish amalga oshmaydi.
Perm viloyatida portlatilgan atom bombalarning radiatsiya to‘lqini Yevropagacha yetib boradi. Masalan, Permdagi atom bombasi portlashining radiatsiya to‘lqini Shvetsiyada ham aniqlanadi.
Shundan so‘ng Yevropa davlatlari va boshqa xalqaro tashkilotlar darhol SSSRdan 1963 yilda Moskvada imzolangan kelishuv shartlariga amal qilishni talab qiladi.
Ma’lumot uchun, 1963 yil 5 avgust kuni Moskvada SSSR, AQSh va Britaniya vakillari tomonidan “Yadro qurollarini atmosfera, kosmik kenglik va suv ostida o‘tkazishni taqiqlash haqida”gi shartnoma imzolanadi.
Ko‘p o‘tmay bu shartnomaga dunyoning ko‘plab davlatlari qo‘shiladi va uni imzolab, ratifikatsiya qiladi. Shartnoma 1963 yil 10 oktyabrdan boshlab kuchga kiradi. Ayni paytda bu shartnomani 131 davlat ratifikatsiya qilgan.
Yadro portlashi oqibatlari
Yevropaliklarning haqli e’tirozidan keyin sovetlar atom bombalarini portlatib kanal ochish rejasidan voz kechadi. Portlash oqibatida ochilgan joy suv bilan to‘lib, ko‘lga aylanadi.
O‘sha paytda radiatsiya to‘lqinlari juda katta hududga tarqaladi va tabiatga, hayvonot dunyosiga hamda o‘sha atrofda yashayotgan odamlarga juda katta zarar yetkazadi.
Radiatsiya o‘chog‘i bo‘lgan ko‘ldagi suv atrofdagi hayvonot dunyosi uchun juda xavfli edi. Shu sababli ko‘p o‘tmay uning atrofi to‘siq bilan o‘rab chiqiladi. To‘siqqa “Xavfli hudud, kirish mumkin emas”, “Ehtiyot bo‘ling, radiatsiya” degan yozuvlar ilinadi va obektni harbiylar qo‘riqlay boshlaydi.
Keyinchalik harbiylar ko‘lni qo‘riqlashni to‘xtatadi. Shundan so‘ng qarovsiz qolgan to‘siqning bir qismi yaroqsiz holga keladi. Ko‘lga o‘rmon hayvonlari va o‘sha atrofda yashovchi odamlar o‘ta boshlaydi.
Odamlar ko‘l suvi radiatsiya bilan to‘yinganini bilardi, biroq undan suv ichgan hayvonlar nobud bo‘ladi.
Bugungi kunda yadro portlashidan so‘ng hosil bo‘lgan ko‘l “Yadro ko‘li” deb ataladi va unda radiatsiya bilan zaharlangan suv bor. Ko‘lda bir necha turdagi baliqlar yashaydi.
Aslida Yadro ko‘li va uning atrofiga yaqinlashish mumkin emas. Biroq o‘sha atrofda yashaydigan aholi ko‘ldan baliq tutadi, o‘rmonlardan qo‘ziqorin teradi. Boshqalar esa atom bombasiga ishlatilgan va to‘siqlardan qolgan metallomni yig‘ishtiradi.
Garchi Yadro ko‘liga borishga ruxsat bo‘lmasa-da, so‘nggi yillarda Rossiyada u yerga sayohatga borish birmuncha avj oldi. Turfirmalar hatto eski vertolyotlarni ijaraga olib, sayohatchilarni Yadro ko‘liga olib bormoqda.
2024 yilda rossiyalik bir guruh mutaxassislar Perm viloyatining turli hududlarida radiatsiya miqdorini o‘lchashadi. Shunda portlash markazida paydo bo‘lgan Yadro ko‘liga qaraganda Perm shahrida radiatsiya miqdori balandligi aniqlanadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.