JSST maymunchechakka qarshi kurash uchun 135 mln dollar so‘radi

Jahon 00:51 / 25.08.2024 4011

Maymunchechak epidemiyasiga qarshi kurashish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga keyingi olti oy davomida 135 million dollar mablag‘ ajratish kerak. Bu haqda tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyyesus ma’lum qildi.

«Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, maymunchechak (mpox) epidemiyasini imkon qadar tezroq to‘xtatish uchun keyingi olti oyda 135 million dollarga yaqin mablag‘ talab etiladi», — deydi u.

Gebreyyesusning ta’kidlashicha, maymunchechak epidemiyasiga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat kompleks va muvofiqlashgan holda yondashishi lozim.

Bundan oldin Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Hans Klyuge mpox virusini epidemiologik choralar va vaksinalar orqali nazorat qilish mumkinligini aytgan edi.

14 avgustda JSST mpox virusi tarqalishi bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilgandi. Bir hafta ichida 2000 dan ortiq kasallanish holati qayd etilgan va virus Afrika qit’asiga qo‘shni davlatlarda ham tarqala boshlagan.

Avvalroq Sanepidqo‘m esa O‘zbekistonda mpox virusi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘rilayotgani haqida xabar bergandi. Shunindek, qo‘mita xorijdan kelayotgan fuqarolar sog‘lig‘ida jiddiy o‘zgarish sezsa, shifokorga borishni tavsiya qilgan edi.

Qayd etilishicha, mamlakatda istiqomat qilayotgan 1980 yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (xalq tilida chinchechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chinchechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.

Ko‘proq yangiliklar: