«Bu Vladimir Putinga sovg‘a» - Pavel Durov qo‘lga olinishiga dunyo bo‘ylab reaksiyalar

Jahon 19:09 / 25.08.2024 48026

24 avgust kuni Parij aeroportida Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov qo‘lga olindi. Fransuz nashrlari yozishicha, Durovga Telegram kontentni moderatsiya qilishdan bosh tortishi tufayli terrorizm, giyohvand moddalar savdosi, pul yuvish, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlik bo‘yicha ayblovlar ilgari surilishi kutilmoqda. Quyida Durovning qo‘lga olinishiga Rossiya va dunyoda bildirilgan reaksiyalar keltiriladi.

Rossiya rasmiy shaxslari nimalar demoqda?

Dmitriy Medvedev
RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari

Bir vaqtlar, anchagina vaqt oldin men Durovdan nima uchun og‘ir jinoyatlar masalasida huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilishni istamasligi haqida so‘ragandim. «Bu mening prinsipial pozitsiyam», — degandi u. «U holda har qanday mamlakatda jiddiy muammolar bo‘ladi», — degandim unga men.

U unda eng katta muammolar Rossiyada bo‘ladi deb topdi va ketdi, keyin boshqa davlatlarda fuqarolik / yashash uchun ruxsatnomalar ham oldi. Vatansiz ham yaxshi yashovchi «dunyo odami» bo‘lishni istadi. Ubi bene ibi patria! (lotincha ibora, ma’nosi - Qayerda senga yaxshi bo‘lsa, o‘sha yer sening vataning)

U adashdi. Bizning barcha umumiy dushmanlarimiz uchun u rus — va shuning uchun sirli va xavfli. Begona qon. Mask va Tsukerberg (darvoqe, FQB bilan faol hamkorlik qiladi) emas. Durov nihoyat tushunib yetishi kerakki, Vatan, xuddi zamon kabi, tanlanmaydi...

Andrey Klishas
Federatsiya kengashining konstitutsiyaviy qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasi rahbari

Fransuzlar «so‘z erkinligi» va «Yevropa qadriyatlari» uchun o‘z kurashini davom ettirmoqda.

Vladislav Davankov
Davlat dumasi vitse-spikeri, «Yangi odamlar» partiyasi

Hozir uni olib chiqish kerak. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovni fransuz hukumatini Pavel Durovni hibsdan ozod etishga chaqirishga chaqiraman. <…> Fransuz hukumati Pavel Durovni hibsdan ozod etishdan rad etgan taqdirda uni BAA yoki Rossiya Federatsiyasi hududiga ko‘chirib o‘tkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishni taklif qilaman. Albatta, uning roziligi bilan.

RF Tashqi ishlar vazirligi

Durov qo‘lga olingani haqidagi ma’lumot bo‘yicha biznesmen vakillari tomonidan murojaat bo‘lganiga qaramay, Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi darhol Rossiya fuqarosi bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritish uchun zarur choralarni ko‘rdi.

Mariya Zaxarova
RF TIV rasmiy vakili

Men esa hozir 2018 yilda 26 ta nodavlat tashkilotlar, jumladan «Human Righs Watch», «Amnesty International», «Freedom House», «Chegara bilmas muxbirlar», «Jurnalistlar himoyasi bo‘yicha qo‘mita» va boshqalar Rossiya sudining Telegramni bloklash to‘g‘risidagi qarorini qanday qoralaganini esladim. <…> Shu bilan birga, Durov doimo ozodlikda qolgan, Telegramni rivojlantirishda davom etgan. Uning tarafini olib chiqqan g‘arbdagi barcha ixtisoslashgan tuzilmalarning bayonotlari, jumladan kollektiv murojaatlardan skrinshotlarni e’lon qilgandi. Nima deb o‘ylaysiz, bu safar ular Parijga murojaat qilib, Durovni ozod etishni talab qilishadimi yoki tillarini yutib yuborishadimi?

Tatyana Moskalkova
RF ombudsmani

Mutlaqo ayonki, Pavel Durov hibsga olinishining asl sababi dunyoda nimalar ro‘y berayotgani haqidagi haqiqatni bilish mumkin bo‘lgan internet maydon — Telegram’ni yopishga urinishdir. Bu so‘z erkinligi va ko‘p qutbli dunyo qurish uchun kurashayotgan har bir kishining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

G‘arbdagilar nima demoqda?

Ilon Mask
Tesla, SpaceX va X egasi

Tashqarida 2030 yil, Yevropada memga layk bosganingiz uchun sizni qatl etishadi. #FreePavel.

Taker Karlson
Amerikalik teleboshlovchi, 2024 yil aprelida Durovdan olingan intervyuni e’lon qilgan

Pavel Durov hukumat uning Telegram kompaniyasi ustidan nazorat o‘rnatmoqchi bo‘lganida Rossiyadan ketgandi. Ammo oxir-oqibat uni jamoatchilik so‘z erkinligidan bahramand bo‘lishiga imkon bergani uchun hibsga olgan odam Putin bo‘lmadi. Uni g‘arb mamlakati, Bayden ma’muriyati ittifoqchisi va NATOning g‘ayratli a’zosi qamoqqa tiqdi. Pavel Durov bugun fransuz qamog‘ida o‘tirib, hukumat hamda maxsus xizmatlar buyrug‘i bilan haqiqatni senzura qilishdan bosh tortuvchi har qanday platforma egasi uchun jonli ogohlantirish bo‘lib xizmat qilmoqda. Oldingi erkin dunyo tezlik bilan zulmatga cho‘mmoqda.

Kichik Robert Kennedi
AQSh prezidentligiga mustaqil nomzod

So‘z erkinligini himoya qilish zarurati har qachongidan ham dolzarbroq.

Kim Dotkom
Megaupload fayl almashishga mo‘ljallangan servisi asoschisi

So‘z erkinligiga hujum kuchaymoqda. Telegram asoschisi Fransiyada hibsga olindi. G‘arb maxsus xizmatlari Telegram foydalanuvchilarining shaxsiy xabarlariga kirishni xohlaydi.

Pol Grem
Dasturchi, Lisp dasturlash tili tarafdori

Bir vaqtning o‘zida Telegram asoschisi hibsga olingan va yirik startap-markaz bo‘lgan mamlakatni tasavvur qilish qiyin.

Kevin Kolliyer
Amerikalik jurnalist

Telegram’da moderatsiya deyarli yo‘qligi platformada jinoyatchilik avj olishiga imkon berganini inkor etib bo‘lmaydi, ammo bu baribir ajablanarli va misli ko‘rilmagan holat.

Qolganlar yana nimalar dedi?

Edvard Snouden
AQSh Milliy xavfsizlik agentligining jurnalistlarga kuzatuv tizimlari haqida maxfiy hujjatlarni bergan sobiq xodimi

Durovning qo‘lga olinishi — asosiy inson huquqlari, so‘z va uyushmalar erkinligiga daxl qilinishidir. Men shaxsiy kommunikatsiyalarga kirish uchun garovga olish darajasigacha tushganidan hayratdaman va chuqur qayg‘udaman. Bu nafaqat Fransiyani, balki butun dunyoni uyaltiradi.

TON hamjamiyati

Biz barchani ishontirib aytmoqchimizki, TON hamjamiyati kuchli va to‘la ishchan holatda qolmoqda. So‘z erkinligi va markazsizlashtirishga sodiq jamoa sifatida biz ushbu qiyin davrda Pavelni bu qiyin pallada qo‘llab-quvvatlaymiz. Pavel bu qadriyatlarning sodiq himoyachisi bo‘lgan va biz uning ochiq va markazlashtirilmagan internetni targ‘ib qilish bo‘yicha harakatlari millionlab odamlarni ilhomlantirishda davom etishiga ishonamiz.

Ivan Jdanov
Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi direktori

Durov haqida. Narkotrafik, pedofiliya va firibgarlik bo‘yicha ayblovlar juda bo‘sh ko‘rinmoqda. Bu uning qo‘lga olinishi haqiqatan ham rasmiylar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Bunday ayblovlar ishonchsiz va yomon ko‘rinadi.

Agar u Fransiyada unga qarshi ish ochilganini bilaturib uchib borgan bo‘lsa, demak, u kelishuv uchun uchgan bo‘lishi mumkin. U hatto hibsga olinmasligi, keyin esa barcha ayblovlar olib tashlanishi ham mumkin. Masalan, 2017 yil noyabrda oligarx Suleyman Kerimov Nitssada qo‘lga olingandi, 2018 yil iyunda esa Kerimovdan barcha ayblovlar olib tashlangandi.

Rossiya propagandasi hammadan balandroq qichqirmoqda va Durovni himoya qilmoqda. Bu qiziq.

Georgiy Alburov
Alekseya Navalniy jamoasining surishtiruvlar bo‘limi xodimi

Durovning hibsga olinishi, hozir ma’lum bo‘lgan ayblov punktlariga ko‘ra, haddan tashqari adolatsiz ekanidan tashqari (Durov terrorizm va qurol savdosi bilan shug‘ullanmasligi ayon), — bu so‘z erkinligiga ham katta zarbadir. Telegram Rossiyada blokirovkaga qanday qarshilik ko‘rsatgani, uning o‘zi blokirovkani aylanib o‘tish instrumentlarini ishlab chiqqanini eslang va so‘nggi oylarda misli ko‘rilmagan darajada boy bo‘lgan Yutub qanday qilib yumshoq panjalarini yopib, taqdirga ko‘ngani bilan taqqoslang. Pavel Durovga ozodlik.

Aleksandr Rodnyanskiy
Ukrainalik prodyuser, rejissyor va ssenariynavis

Pavel Durov butun umri davomida «so‘z erkinligi» huquqini talab qilib keldi. Hech qanday cheklovlarsiz. Buning uchun uni Rossiyada qamoqqa tashlashlariga oz qolgandi, buning uchun u hozir Fransiyada qamoqxonasiga tushdi. Durovga e’tirozlar adolatlimi? Ehtimol, ha. Ammo buning uchun uni qamoqqa tashlash kerakmi? Bu munozarali savol. Har qanday hukumat o‘z pozitsiyasini himoya qilishning ko‘plab usullariga ega — jarimalar, blokirovka va hokazo. Durovning hibsga olinishi — Vladimir Putinga sovg‘a bo‘ldi, u endi albatta «sizning maqtalgan G‘arbdagi so‘z erkinligingiz qayerda qoldi?» qabilidagi nimadir gap aytadi.

Xristo Grozev
Tadqiqotchi jurnalist

Uning so‘z erkinligi foydasiga FSB bilan hamkorlik qilmasligini, afsuski, boshqa barcha qo‘rqinchli narsalar uchun telegramdan foydalanishni to‘xtatmaslik uchun hech kim bilan hamkorlik qilmasligi yo‘qqa chiqaradi. Bu uning tanlovi edi. Bir ishni qilib, boshqasini qilmaslik mumkinmi?

Aleksey Pivovarov
Jurnalist

Rossiyalik biznesmen, u qanday pasportni qo‘lga kiritmasin, ingliz tilini qanchalik o‘rgangan bo‘lmasin va qanday yurisdiksiyalarda yashamasin, amalda u tashqi dunyoni Rossiyadan bo‘lmagan biznesmen ekaniga ishontira olmaydi. Shu ma’noda Durov keysi shu kunlarda Rossiya hukumatini qo‘llaganlik uchun kiritilgan sanksiyalar bekor qilinishiga rad javobi berilgan Mixail Fridman keysiga o‘xshab ketadi, holbuki Fridman ko‘p marta va ko‘plab dalillar bilan bunday emasligini isbotlagandi.

Internet muhofazasi jamiyati

Durov bilan bog‘liq vaziyat hozircha juda yomon ko‘rinmoqda. Fransiya tomonidan senzurga urinish kabi bo‘lib.

Ruslan Leviyev
Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi rahbari

Pavelning hibsga olinishi barchani birlashtirdi: bu yerda rossiyalik mulozimlar ham, Taker Karlson va Ilon Mask ham, bizning muxolifatchi arboblar ham bor. Men ham u qamoqda o‘tirmasligi kerak deb hisoblayman. Kontentni moderatsiya qilish va terrorizm hamda narkotiklarni o‘chirishdan bosh tortdimi — iqtisodiy bosim qo‘llang.

Andrey Zaxarov
Tadqiqotchi jurnalist

Durov va Davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilikning navbatdagi bosqichi bo‘lishini, afsuski, oldindan aytish mumkin edi va uning o‘zi bu haqda yaqinda Taker Karlsonga intervyusida mashhur ikki stul fonida aytgandi. U akasi bilan doimo bu ikki stulda o‘tirishga harakat qilgan. Bir tomondan — menimcha, libertarian va hatto anarxistik qarashlar (aka yillar mobaynida avatarkasida Maxno portretidan foydalangan). Bu qarashlar menga ham yaqin: «Mayli yuzta gul gullasin», Davlat fuqarolarga fikrini ifoda etishga va boshqa ishlarga xalaqit qilmasligi kerak.

Boshqa tomondan — u Davlat dunyosida katta biznes qurdi va bu Davlat undan uning qonunlari bo‘yicha yashashni talab etmoqda. Davlat allaqachon, u Gram olamini qurmoqchi bo‘lganida zarba ham bergandi, Amerika hukumati esa barmog‘ini bigiz qilib tahdid solgandi, yakunda u TON loyihasini yangi formatda ishga tushirishiga to‘g‘ri keldi, Durov ham, Telegram ham unga aloqador emasdek ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. May oyida u IPO o‘tkazish rejasini e’lon qildi, ya’ni u yana Davlat hududiga faol kirdi. Davlat esa nafaqat moliyaviy qonunlarga rioya etishni, balki Facebook yoki Google’ga aylanishini ham istaydi — ya’ni foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishni (davlat nuqtayi nazariga ko‘ra qonuniy holatlarda), kanallarni bloklashni (2022 yilda u Germaniyada o‘nlab kanallarni bloklagan; RT kanallari YeI sim-kartalari orqali ochilgan akkauntlar uchun ko‘rinmay qolgandi).

Margarita Simonyan
Propagandachi

Pavel Durov maxsus xizmatlar bilan hamkorlik qilmaslik uchun Rossiyadan ketgandi. Hatto Pol dyu Rovega aylandi.U g‘arbdagi maxsus xizmatlar bilan ko‘p bor hamkorlik qildi — kamida biz sanksiya ostiga tushgan mamlakatlarda RT’ni bloklash to‘g‘risidagi ko‘rsatmani qat’iyan bajardi. Yordam bermadi. ChTD.

Ko‘proq yangiliklar: