Rossiya Ta’lim va fan vazirligi migrantlar uchun imtihon o‘tkazuvchi tashkilotlarga tavsiyalar yubordi. Unda rus tili bo‘yicha imtihon topshirish tartibini o‘zgartirish va imtihon topshirishning butun jarayonini, jumladan, yozma qismini tasvirga tushirish taklif etilmoqda. Imtihon jarayonini videoyozuvga olishning minimal davomiyligi 30 daqiqani tashkil etadi. Bu haqda «Kommersant» yozdi.
Shuningdek, Ta’lim va fan vazirligi mintaqadan qat’i nazar, imtihonlar uchun yagona narx belgilashni, tashkilotlarga imtihonni vositachilar ishtirokisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim tashkilotlari yoki Ichki ishlar vazirligining «PVS» Federal davlat unitar korxonasi hamkorlari bilan o‘tkazish to‘g‘risida shartnomalar tuzishni ham tavsiya etgan.
Ta’lim va fan vazirligi Ichki ishlar vazirligiga migrantlar uchun imtihon o‘tkazish tartibini o‘zgartirishni tavsiya qilmoqda. Barcha tavsiyalar huquqni muhofaza qilish organlari va Ta’lim vazirligi pozitsiyasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgani ta’kidlanmoqda.
Iyul oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinga migratsiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tashabbuslarning umumlashtirilgan ro‘yxatini yuborgan edi. Tashabbuslar orasida migrantlarning farzandlari uchun rus tilini bilishini talab qilish taklifi ham bor. Bu ta’lim muassasalariga qabul uchun kerakligi ta’kidlangan.