Hindiston bosh vaziri Narendra Modi rasmiy tashrif bilan Kiyevga kelib, prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Suhbat davomida hind hukumati rahbari o‘zini Ukrainaning do‘sti deb atab, mamlakatda tinchlikka erishish uchun o‘zining shaxsiy hissasini qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.
«Sizni ishontirib aytmoqchimanki, Hindiston tinchlikka erishish yo‘lidagi har qanday sa’y-harakatlarda faol rol o‘ynashga tayyor. Agar bu borada shaxsan mening rolim talab etilsa, ishontirib aytamanki, buni amalga oshiraman», — deya Modining so‘zlarini keltiradi Reuters.
Hindiston bosh vaziri o‘zining Kiyevga tashrifini «do‘stona» va «tarixiy» deb atadi. U Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashi va hurmat qilishini ta’kidlab, urushayotgan tomonlarni tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirdi. «Muammoni hal qilish yo‘lini faqat muloqot va diplomatiya orqali topish mumkin. Va biz vaqt yo‘qotmasdan bu yo‘nalishda harakatlanishimiz kerak. Ushbu inqirozdan chiqish yo‘lini topish uchun ikkala tomon ham muzokaralar stoliga o‘tirishi lozim», — dedi Modi.
Bosh vazirning qayd etishicha, Hindiston hech qachon Ukraina urushida befarq kuzatuvchi bo‘lmagan va har doim «yaxshilik tarafida» turgan. Shuningdek, u Ukrainadagi jangovar harakatlar ayniqsa, yosh bolalar uchun halokatli ekanini ta’kidladi.
Modining Kiyevga tashrifi rostdan ham tarixiy voqea hisoblanadi, chunki Ukraina 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri Hindiston bosh vazirining birinchi rasmiy tashrifi hisoblanadi. Bundan tashqari, tashrif Ukraina davlat bayrog‘i kuni va mustaqillik kuni arafasi amalga oshirildi.
Iyul oyida Modi Moskvaga tashrif buyurib, Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Rossiyaga uyushtirilgan ushbu tashrif Hindiston hukumati rahbarining Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urushdan keyingi birinchi tashrifi bo‘ldi. Modi Rossiya poytaxtiga kelgan kuni rus armiyasi Ukraina fuqarolik obektlariga, xususan, Kiyevdagi eng yirik «Oxmatdet» bolalar kasalxonasiga raketa zarbalarini amalga oshirdi. O‘shanda hujum oqibatida 40 ortiq fuqaro, jumladan, bolalar ham halok bo‘lgan edi.
Ertasi kuni Modi Putinga bolalar kasalxonasiga berilgan zarbalardan «og‘riq va dahshat» his qilganini aytgan edi. «Bombalar, qurollar va snaryadlar orasida tinch yechimlar hamda muzokaralar ishlay olmaydi», — degan edi Hindiston bosh vaziri.
Ko‘p o‘tmay, ikki davlat rahbarining norasmiy yakkama-yakka uchrashuvi va tor doiradagi rasmiy muzokaralaridan so‘ng bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bekor qilingani ma’lum bo‘lgandi. 2022 yil oxirida Modi Rossiya prezidentining Ukrainaga nisbatan yadroviy tahdidlari fonida Putin bilan uchrashuvni bekor qilgandi.
Volodimir Zelenskiy Narendra Modining iyul oyida Moskvaga qilgan tashrifidan hafsalasi pir bo‘lganini aytgan edi. Ukraina rahbari Rossiyaning shu kabi dahshatli harakatlariga qaramay, Modi «dunyodagi eng qonxo‘r jinoyatchi bilan quchoqlashishni» ep ko‘rganiga e’tibor qaratgandi.