Aholining aksariyat qismida maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitet bor - Sanepidqo‘mita

O‘zbekiston 10:00 / 22.08.2024 5344

Respublika aholisining aksariyat qismida maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitet mavjud. Bu haqda Sanepidqo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

Maymunchechak – virusli infeksiya bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida o‘ziga xos toshmalar toshishi bilan kechadi. 

Qayd etilishicha, maymunchechak kasalligi respublika hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Maymunchechak kasalligi qayd qilinayotgan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va muloqotda bo‘lganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara bermoqda.

Bildirilishicha, mamlakatda istiqomat qilayotgan 1980 yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (xalq tilida chinchechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chinchechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.

JSST Yevropa ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra maymunchechak epidemiyasi COVID-19 pandemiyasi darajasida global muammo tug‘dirmaydi.  JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge dunyoning qator mamlakatlarida mpox (maymunchechak) virusi tarqalishi bilan bog‘liq epidemik vaziyat yuzasidan bayonot berar ekan, vahimaga berilishga hojat yo‘q deb ta’kidladi. Uning fikricha, “maymunchechak koronavirus darajasidagi o‘ta jiddiy muammo emas,  - biz mpox virusi bilan qanday kurashish kerakligini bilamiz”.

Kasallik tarqalishi oldini olish maqsadida:

  • maymunchechak kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush davlatlarga  safarlarni cheklash;
  • ish yuzasidan xizmat safariga borilgan taqdirda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan muloqotda bo‘lmaslik;
  • jamoat joylariga chiqishda shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish;
  • tana harorati ko‘tarilgan yoki toshmalar toshgan yo‘lovchilar bilan birga harakatlanishga to‘g‘ri kelganda imkon qadar sanitariya-muhofaza (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish;
  • jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish, transportdan tushgandan so‘ng qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etiladi.
Ko‘proq yangiliklar: