Parij-2024 olimpiadasida o‘zbekistonlik bokschilar dunyoda tengsiz ekanligini isbotladi. Xususan, -71 kg vazn toifasida farg‘onalik Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Kun.uz muxbiri chempion tug‘ilib o‘sgan xonadonda bo‘lib, uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yoshlik damlari, sportga kirib kelishi, olimpiada musobaqalaridagi hissiyotlarini so‘zlab berdi:
“Yoshligimdan kikboksingga qiziqardim, mahalladagi o‘zimizdan yoshi katta bolalar bizni jangga tushirishardi. Ikki qishloq naridagi sport maydoniga borib shug‘ullanardik. Aynan kikboksing orqali boksga kirib keldim. Olimpiya zaxiralari kollejida 6 yil o‘qidim. Kollejda ancha xotiralarim qolgan, birinchi murabbiyim Husanboy Qo‘chqorov edi. U yerda 3 karra O‘zbekiston, Osiyo chempioni bo‘ldim, juda ko‘p janglarda ishtirok etdim. O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashdim. Kerakli litsenziyani qo‘lga kiritib, Chirchiq davlat universiteti talabasiga aylandim.
To‘lqin Qilichev rahbarligida Toshkentda mashg‘ulotlarni davom ettirdim. 2020 yil O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Shundan keyin jahon chempionatlarida ishtirok etishni boshladim. Serbiyada o‘tkazilgan jahon chempionatiga bordim, u yerda jarohat olib, bir yil davomida shifokor ko‘rigidan o‘tib yurdim. Menimcha, shu bir yil dam olganim ham yordam bo‘ldi, boksni sog‘inib turib jangga kirdim. Osiyo chempionatida 3-o‘rinni egalladim. Jahon chempioni ham bo‘ldim. Alloh peshonamizga shuni yozgan ekan.
O‘zimdan katta chempion bolani kundalik yozishini ko‘rib qolganman. U har bir jangdagi yutuq va kamchiliklarini, jangdan ko‘zlagan niyatini yozib borar ekan. Men ham kundalik yoza boshladim. Qayd daftarimga Parij-2024 g‘olibi bo‘laman, deb yozib ham qo‘ydim. Niyatimga yetdim mana. Aytmoqchimanki, har bir sportchi ota-onasining duosini olib, o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ysa va bu uchun tinmay harakat qilsa, albatta, ko‘zlangan natijaga erishar ekan.
Bu olimpiadaga biz juda qattiq tayyorgarlik ko‘rdik. Hayajonga keladigan bo‘lsak, juda kuchli hayajonni his qildim. Osiyo chempionatini ko‘rdik, katta turnirlarda ishtirok etdik. Ammo olimpiada ancha boshqacha musobaqa ekan. Chunki bu yerda faqat kuch emas, psixologik holat ham asosiy o‘rinda turarkan. Orqangizda vataningiz, xalqingiz turganini his qilish ancha mas’uliyatli jarayon. Allohning o‘zi ruhiy dalda berdi va o‘yinda g‘olib bo‘ldik.
Agar sportchi mashg‘ulotlarni qancha yaxshi bajarsa, hech kimdan hayiqmaydi. Menda shunday bo‘lgan. Ruhan o‘zimni ringda boshqara olaman, raqibdan hayiqish bo‘ladi, lekin bu jangga chiqquncha bo‘ladi. Jangga chiqqach barcha hayajon qolib ketadi. Ammo shu vaqtgacha raqiblarimdan cho‘chish holati bo‘lmagan.
Ota-onam bolaligimdan boksga bo‘lgan qiziqishimni ko‘rib, bu sport turi bilan shug‘ullanishimga ruxsat bergan. Ammo Serbiyadagi jangda jarohat olganimdan keyin onam murabbiylik qil deb, janggi tushishimga ruxsat bermadi. Ammo oldimga maqsad qo‘yganman dedim va Alloh mana shunga qodir qilgan ekan, erishdik. Ota-onamning duosini oldim, ularga katta rahmat, borlariga shukur. Ular bor ekan, biz mana shunday darajaga yetib keldik. Hammaga birinchi navbatda ota-onasining duosini olishlarini aytib qolardim.
Qozog‘iston bokschilari ham kuchli, lekin bu olimpiada kim haqiqatan lider ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Biz 8 ta oltinga erishdik, bu juda katta natija. Qozog‘istonliklar ham bizni tabriklashga o‘tishdi”.
“Kelavering, Asadxo‘ja yutdi”, deyishganidan keyin uyga qaytib kiraman...
“Allohga shukurki, Asadxo‘ja doimo musobaqalarda raqiblarini yengadi. Lekin uning jangini ko‘ra olmayman. Yuragim dosh bera olmaydi. O‘yinga chiqishini ko‘raman, bolalar “Kelavering, Asadxo‘ja yutdi”, deyishganidan keyin uyga qaytib kirib tomosha qilaman. Ammo Asadxo‘ja jangga ketsa halovatim yo‘qoladi. Uyquda ham, yurganimda ham Alloh shu bolani o‘zing qo‘llagin, deb turaman. Besh vaqt namoz o‘qiganimda ham duodaman doim, lekin o‘yini hech tomosha qila olmayman. Uning jangga chiqayotgan holatini ko‘z oldimga keltirib, yig‘layman, duo qilaman.
O‘sha kuni ham hokimlar, mehmonlar kelib tomosha qilishdi o‘yinni, lekin men chidab tomosha qila olmadim. Uy ichiga kirib, bolamni shuncha odamning oldida sharmanda qilmagin, deb duo qilib turdim. Bu xonada ovozlar keladi, o‘zimcha Asadxo‘ja yutyapti deb o‘ylayman. Bolam bilan faxrlanaman.
Yangi mashinada Asadxo‘janing yana bir momosi bilan aylanib keldik. Chempion nevaram baland mashinasida qishloq aylantiryapti.
Sharoitlari juda a’lo darajada. Dunyoga O‘zbekiston eng ulug‘ va nomdor yurt bo‘lib tanilaversin”, deydi chempionning buvisi Yulduzxon Husanova.
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevning onasi Gulchehra Oxunjonova yaqin oylarda chempionning to‘yi bo‘lishi, o‘g‘li bilan faxrlanishi haqida so‘zlab berdi:
“Asadxo‘ja kenja farzandim. Bolaligidan tegirmonga tushsa, butun chiqadigan juda sho‘x bola edi. Maktabda ham ko‘pincha bolalar bilan mushtlashgani uchun otasi majlislarda qatnashib, uyalib kelardi. Sho‘xligi sababli, boksga qiziqdi va mahallamizdagi bolalar bilan to‘garaklarga qatnashib, 6-sinfning oxiridan olimpia zaxiralar kollejida o‘qidi. Mana, hozir boks bo‘yicha faoliyatini davom ettirmoqda. Maktabda o‘qib yurgan vaqtida o‘zidan katta bolalar bilan ham urishib yurish odati bor edi.
Olimpiada o‘yinlarini tomosha qilayotganimda qon bosimim ko‘tarilib ketdi, ichimda “nima bo‘larkan?” degan hayajon bilan o‘yinni tomosha qildim. Birinchi jangi g‘alaba bilan tugagandan keyin xursand bo‘ldik. Birinchi yurish yaxshi natija bilan boshlangani uchun keyingi o‘yinlarini ham yaxshi kayfiyatda ko‘rib bordik. Bolamning jangini o‘zim tomosha qila olmayman, lekin uyda o‘tirgan otasi, opasidan so‘rab turaman “Nima bo‘lyapti jang” deb, ular yaxshi javobni aytishgandan keyin ko‘nglim xotirjam bo‘ldi.
Mana, olimpiadani o‘tkazib oldik, buyog‘iga to‘y qilamiz. O‘zining yoqtirgan qiziga unashtirib qo‘ygan edik, Xudo xohlasa to‘yning harakatini boshlaymiz. To‘yni kuzda o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Asadxo‘jani shu darajaga erishishi uchun mehnat qilgan ustozlariga rahmat aytib qolaman. Men doim o‘g‘limga ustoz otangdan ulug‘ deb aytib kelganman. Barcha murabbiylar farzandlari, shogirdlarining rohatini ko‘rishsin, ilohim”, deydi chempionning onasi Gulchehra Ohunjonova.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov