Rossiyaning "Azimut" aviakompaniyasining Sochidan uchgan Sukhoi Superjet 100 samolyoti Turkiyaning Antaliya shahri aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yonib ketdi. 24 noyabr, yakshanba kuni sodir bo‘lgan voqeani Rosaviatsiya matbuot kotibi Artem Korenyako o‘zining Telegramʼdagi kanalida tasdiqladi.
Keyinroq u Rossiyaning Antaliyadagi bosh konsulligiga tayangan holda aniqlik kiritishicha, hodisa oqibatida samolyot yo‘lovchilaridan hech biri jabrlanmagan. Samolyot komandiri yo‘lovchilarni maxsus traplar yordamida evakuatsiya qilishga qaror qildi. Aviakompaniya qurbonlar yo‘qligini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, "Azimut" ortga qaytish uchun zaxira samolyot tayyorlamoqda. Turkiya Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 95 kishi bo‘lgan. Antaliya aeroporti bortda 91 kishi bo‘lganini ma’lum qildi.
Korenyakoning so‘zlariga ko‘ra, kemadagi yong‘in Turkiya aeroportining qutqaruv guruhi tomonidan tezda o‘chirilgan.
AirportHaber Turkiya aviatsiya portali xabariga ko‘ra, Superjet 100 dvigateli yonib ketgan. Mash Telegram-kanalining yozishicha, samolyot qo‘nish vaqtida chap qanoti bilan uchish-qo‘nish yo‘lagiga urilgan bo‘lishi mumkin.
Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Superjet kuchli yomg‘ir va shamol tufayli noqulay ob-havo sharoitida qattiq qo‘nganidan so‘ng yonib ketgan.
Iyulda Moskva oblastida Superjet 100 halokatga uchradi
2024 yil 12 iyul kuni Moskva oblasti Kolomenskiy rayonida bortida yo‘lovchilar bo‘lmagan Sukhoi Superjet 100 samolyoti halokatga uchradi. Bort kuzatuvchisi va unda bo‘lgan ikki uchuvchi halok bo‘ldi. Samolyot 2014 yilda chiqarilgan va "Gazpromavia" kompaniyasiga tegishli edi. 2019 yildan beri u bilan uchta texnik nosozliklar haqida xabar berilgan.
Xususan, 2019 yilda samolyotning chap dvigateli reversi ishlamay qolgan, 2022 yilda konditsioner tizimi ishdan chiqqan, 2023 yilda esa yonilg‘i kamligi tufayli u Noviy Urengoy aeroportiga favqulodda qo‘ngan.