14 avgust kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mpox (maymun chechagi) virusi tarqalishi yana boshlangani sabab dunyoda favqulodda holat e’lon qilgandi. O‘zbekiston Sanitariya-epidemologiya xizmati qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromov virusning O‘zbekistonga chetdan kirib kelishi va tarqalib ketishi oldini olish yuzasidan ma’lum chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda kasallikka chalinganlikda gumon qilinadigan holatlarda laboratoriya tashxislanishini o‘tkazish uchun bojxonalardagi va virusologiya ilmiy tekshirish institutidagi virusologiya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. Shuningdek, maymun chechagi kasalligini tashxislash uchun zarur bo‘ladigan diagnostika va test sistemalarini olib kelish yuzasidan ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
“Bizda 2023 yilda berilgan test sistemasi ham mavjud. Undan foydalanish yuzasidan ma’lum ishlarni amalga oshiryapmiz. Ya’ni joylarga yetkazib berish va u yerda gumon qilingan holatlarda kasallikni tashxislashdan o‘tkazish yuzasidan ish joyida tajriba almashinuvini amalga oshirish, ya’ni ish joyida ko‘nikma hosil qilish yuzasidan videokonferensiya aloqasi orqali laboratoriya xodimlarining bilim saviyalari oshirilmoqda”, – deb qo‘shimcha qildi Ikromov.
Bundan tashqari, mas’ul kasallikka gumon holatini erta aniqlash uchun qabulxona va yuqumli kasalliklar shifoxonalarida teri toshmalarining barcha ko‘rinishlari, jumladan, maymun chechagining o‘ziga xos belgilarini aniqlash maqsadida shifokorlar bilan o‘quv seminarlari tashkil qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Oldinroq, dunyoda mpox bilan kasallanish ortayotgani, kasallik belgilari va undan himoyalanish bo‘yicha ma’lumot berilgan edi.