Harris AQShda o‘rta sinf uchun soliqlarni kamaytirishga va’da berdi

Jahon 13:53 / 17.08.2024 1864

AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris amerikaliklarga bo‘lajak saylovlarda g‘alaba qozonsa, yashash narxini kamaytirishga va’da berdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari iqtisodiyoti «dunyodagi eng kuchli», ammo ko‘plab fuqarolar «hali o‘zlarining kundalik hayotlarida bunday taraqqiyotni boshdan kechirmayaptilar», dedi Harris juma kuni Shimoliy Karolinadagi tarafdorlari oldida qilgan chiqishida. Harris mamlakatning yuqori lavozimida iqtisodiy siyosatda o‘rta sinf va uning «iqtisodiy xavfsizligi, barqarorligi va qadr-qimmati»ga e’tibor qaratmoqchi.

AQShning amaldagi vitse-prezidenti so‘zlariga ko‘ra, u boshqa narsalar qatori «amerikalik oilalar uchun xarajatlarni» kamaytirish niyatida. Gap, xususan, bola hayotining birinchi yilida o‘rtacha yoki past daromadli yosh oilalar uchun 6000 AQSh dollari soliq kreditini joriy etish haqida ketyapti.

Siyosatchi AQSh Kongressini oziq-ovqat va uy-joy ijarasi narxini sun’iy ravishda oshirishga qarshi qonun qabul qilishga chaqirdi. Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti, shuningdek, Oq uy rahbari etib saylansa, 4 yillik muddati davomida uch million yangi kvartira qurish tashabbusi bilan chiqish niyatida ekanini bildirdi.

Harris: Tramp millionerlar uchun kurashmoqda

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp «millionerlar va yirik korporatsiyalar uchun kurashmoqda», dedi Harris. «Men ishlaydigan amerikaliklar va o‘rta sinf amerikaliklarga pulni qaytarish uchun kurashaman», deya qo‘shimcha qildi u.

Donald Tramp, o‘z navbatida, avvalroq AQSh vitse-prezidentini inflatsiyaga qarshi kurasha olmaslikda ayblagan edi. Tramp Harrisning Shimoliy Karolinadagi chiqishiga ham tanqidiy munosabat bildirdi. «Agar siz hozir hamma narsa qimmat deb o‘ylasangiz, Kamala to‘rt yilga prezident bo‘lsa, hammasi 100 barobar yomonlashadi», dedi sobiq davlat rahbari o‘zining Truth Social platformasida.

Ko‘proq yangiliklar: