Yevropada milliy chempionatlar allaqachon boshlanib, hatto ba’zi top-klublar o‘z o‘yinlarini o‘tkazib ham bo‘lishdi. «PSJ» so‘nggi daqiqalardagi almashtirishlar hisobiga yirik g‘alabaga erishgan bo‘lsa, aynan zaxiradan tushgan hujumchi «Manchester Yunayted»ga ham uch ochko taqdim etdi. Bugundan esa to‘laqonli futbol kechalari boshlanadi. Aslida biror o‘yinni ajratish ham shart emas, futbolni sog‘ingan muxlislar har bir jamoaning yangi mavsumdagi ilk o‘yinlarini ko‘rishga oshiqadi. Shunday bo‘lsa-da, an’anamizdan voz kechmadik va e’tiboringizga qiziqarli o‘yinlar anonsini havola etamiz.
VeST HEM – ASTON VILLA (17 avgust, 21:30)
O‘tgan mavsumning eng yaxshi jamoalaridan biri bu safar uning natijalarini takrorlashi mumkin bo‘lgan boshqa bir jamoa mehmoni bo‘ladi. Haqiqatan ham, «Vest Hem» ayniqsa transfer bozorida juda faol va salohiyatli transferlarni amalga oshirmoqda. Avvalo, klassik, pragmatik futbol tarafdori bo‘lgan Moyyes o‘rniga ispaniyalik Lopetegining kelishi ham katta o‘zgarish. To‘g‘ri, uning APLdagi avvalgi faoliyati («Vulverhempton») u qadar esda qolarli bo‘lmagan, ammo murabbiy to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lishi tabiiy. Sotib olingan nomlar ham o‘ziga yarasha katta. Masalan, Jan-Kler Todiboga shu yozda bir qator top-klublar, xususan «MYu» va «Yuventus» tomonidan qiziqish bo‘lgan. Manchesterliklarga «Nitssa» bilan bir xil investorga ega ekani tufayli to‘siq qo‘yilgan bo‘lsa, «Vest Hem»ning futbolchi uchun raqobatda «Yuventus»ni ortda qoldirgani alohida e’tirofga arziydi. Bundesliga yulduzi, Yevroda ham o‘zini ko‘rsata olgan Fyullkrug, «MYu»dan Aaron van Bissaka, «Lids»dan Sammervil xaridlari, tabiiyki, jamoa saviyasini oshirishi mumkin. Kuchli to‘qqizlikdan joy olgan o‘tgan mavsumdagi tarkibni saqlab qolgan holda bu darajada aniq transferlar bilan londonliklar yuqoriga ko‘tarilishga umid qilishi aniq. Tepada esa, faqat katta jamoalar.
«Aston Villa» o‘tgan mavsumda o‘sha katta jamoalar safiga qo‘shildi va bu yil na «Chelsi», na «MYu» ishtirok etadigan Chempionlar Ligasida qatnashadi.Ko‘pchilik Emeri jamoasiga «Nyukasl» taqdirini, ya’ni bir necha frontda kurashish oqibatda pand berishi mumkinligini taxmin qilayotgan bo‘lsa-da, Emerida yevrofutbol tajribasi kattaroq va u yoz bo‘yi aynan jamoani kengaytirish bilan shug‘ullandi. Angliyada transferlarni eng erta boshlagan va rejadagi tarkibi bilan ko‘proq shug‘ullangan jamoalardan biri — aynan «Aston Villa». Demak, ilk turlarda ham jismoniy, ham taktik jihatdan ancha yuqori tayyorgarlikka ega bo‘lishi shubhasiz. Onana, Barkli, Matsen kabi futbolchilar kelgan bo‘lsa, asosiylardan Duglas Luis, hamda Filippe Koutinio «Villa»ni tark etdi.
O‘tgan mavsumda «Aston Villa» o‘z maydonida yirik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, aynan Londonda o‘tayotgan bellashuvlarda mezbonlar hech qanday imkoniyat qoldirmayapti. «Aston Villa»ning «Vest Hem» maydonidagi oxirgi g‘alabasi 2011 yilda sodir bo‘lgan. Shundan buyog‘iga 13 yil ichida «Villa» faqat 5 marta, hammasini o‘z maydonida, g‘alaba qozongan. Bu davrda londonliklar qozongan g‘alabalar soni — 9 ta. Demak, mehmonlarning muvaffaqiyatli o‘yini uzoq yillik an’anaga chek qo‘yishi mumkin.
Tarkiblar borasida taxminlar ko‘pincha oqlamaydi, zero mavsum boshida murabbiylar jismoniy holatga va yig‘inlardagi o‘yinlarga qarab xulosa qilgan holda asosiy tarkibni tanlaydi. Ma’lum tomoni — «Aston Villa»da Mingz va Kamara o‘tgan mavsumda uzoq muddatga safdan chiqishgan hamda kamida yana ikki oy ularni maydonda ko‘rmaymiz. Mezbonlar tarkibida esa Kurt Zuma va Alvaresda kichik muammolar bor. Aaron van-Bissaka endigina tarkibga qo‘shilgani uchun ilk daqiqalarni zaxira o‘rindig‘ida boshlashi mumkin.
BAYYeR – ShTUTGART (17 avgust, 23:30)
Bundesliganing beshlikdagi boshqa ligalardan farqi, u yerda 20 emas, 18 jamoa ishtirok etadi, ya’ni 4 turga kamroq. Bu esa chempionatni kechroq boshlash, ertaroq yakunlash, hamda qishda qo‘shimcha dam olish haftasiga ega bo‘lish uchun sharoit yaratadi. Germaniyada chempionat kelasi hafta boshlansa-da, rasmiy o‘yinlar yo‘q degani emas. Kechadan mamlakat kubogi bahslari boshlab yuborildi, yuqori ligadagi ba’zi jamoalar, jumladan, «Bavariya» ham o‘z o‘yinini o‘tkazib ulgurdi.
Agar o‘tgan mavsum oxirida, «Bayyer»ning chempionligidan so‘ng Germaniyadagi futbolni kuzatishni tashlab qo‘ygan bo‘lsangiz, sizga xabarimiz bor – oxirgi turlarda «Shtutgart» ham «Bavariya»ni quvib o‘tgan va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Mamlakat kubogini ham «Bayyer» yutgani sababli, Superkubokda leverkuzenliklarga aynan ikkinchi o‘rin sohibi raqiblik qiladi. Yana bir qiziq fakt: 2011 yildan beri ilk marotaba bu maqomdagi uchrashuvda «Bavariya» ishtirok etmaydi.
Jamoalardagi o‘zgarishlarga kelsak, «Bayyer» ko‘pchilik uchun kutilmaganda, tarkibini saqlab qolishni uddaladi. Alonso ham shu yerda, o‘tgan mavsum qahramonlari ham boshqa top klublarga tarqab ketishmadi, hatto «Bavariya» bir necha oydan beri Jonatan Tani o‘z safiga qo‘shib ololmayapti. Buning ustiga «Renn»dan Terre va Belosyanning, ayniqsa, «Jirona»da zo‘r mavsum o‘tkazgan Aleish Garsiyaning kelib qo‘shilishi leverkuzenliklarni kuchaytirgani aniq. Faqat kichik xavotir — «Bayyer» mavsumoldi nazorat o‘yinlarida u qadar ishonchli ko‘rinmayotgani. To‘rt o‘yinda faqat quyi liga vakili «Essen» mag‘lub etildi xolos, «Arsenal»ga qarshi bahsda esa 1:4 hisobida mag‘lubiyat kuzatildi. O‘sha o‘yinda aksariyat asosiy tarkib futbolchilari maydonga tushganini ham ta’kidlash lozim.
«Shtutgart»da yo‘qotishlar ko‘proq. Jumladan jamoa sardori Anton, to‘purar Seru Girassi va asosiy himoyachi Ito tark etdi. «Bayyer» hatto Yevropa miqyosida ham o‘z tarkibini saqlab qolgan bo‘lsa, «Shtutgart» yetakchi futbolchilarini aynan nemis jamoalariga qo‘yib yuborishga majbur bo‘layotgani biroz xavotirli. Ammo Superkubok o‘yini teng kurashlarda kechishini hozirdan aytish mumkin. Sababi, «Shtutgart» o‘tgan mavsumda «Bayyer» bilan o‘yinlarda munosib ko‘ringan. Ligada har ikki o‘yin durang bilan tugagan bo‘lsa, kubok chorakfinalini ham yaxshi eslaymiz – ikki marta hisobda oldindan borgan «Shtutgart» oxirgi daqiqada mag‘lub bo‘lgandi. Umuman chempionat doirasidagi oxirgi uch o‘yin durang bilan tugagan, undan avval, «Bayyer» qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba qozongandi.
«Shtutgart» mamlakat Superkubogini o‘z tarixida atigi bir marta, 1993 yilda qo‘lga kiritgan. «Bayyer»da esa bunday sovrin haligacha yo‘q.
VALeNSIYa – BARSeLONA (18 avgustga o‘tar kechasi, 00:30)
«Real»ning «yovvoyi» xaridlari, mavsumni yana bir sovrin bilan boshlagani, umuman hammasi joyida ekani «Barselona» muxlislariga biroz pessimistik ruhiyat berayotgani ehtimol, ammo Ispaniyada muvozanat biroz boshqacha bo‘lishi mumkinligini ham yaxshi bilamiz. Hatto o‘rtoqlik El Klasikosida kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgani, katta transferlar bo‘lmasa-da, yosh futbolchilarning har biri yangi yulduzga aylanish salohiyatiga ega ekani hali hammasi oldinda ekanini ko‘rsatadi. Noqulay tomoni, Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan Ispaniya tarkibida «Barselona»ning asosiy futbolchilari ko‘p, jumladan o‘sha yerda jarohatlangan Pedri, turnir qahramoni Yamal va yangi sotib olingan Olmo. Olimpiadada oltin medalga ega bo‘lgan Ispaniya jamoasida Fermin va Kubarsi harakat qildi. Ya’ni ayni vaqtda «Barselona» ilk turlarni ularning yordamisiz amallashi kerak bo‘ladi. Buning ustiga Gavi, de Yong, Arauxo va Fatida ham jarohat bor. Qolganlar bilan nazorat o‘yinlarida «Barselona» biroz beqaror ko‘ringanini ham ta’kidlash kerak. To‘g‘ri, «Real» mag‘lub etildi, ammo «Milan» bilan durang, ayniqsa, «Monako»dan qabul qilingan yirik mag‘lubiyat (0:3) biroz xavotirga soladi. Ilk turlardagi raqiblar esa, anoyilar emas, doim «Mestaliya»da xavfli bo‘lgan «Valensiya», keyingi turda esa «Atletik».
Hamma sog‘aygan taqdirda ham, «Barselona» transferlari hali poyoniga yetmagandek tuyulmoqda. Qo‘shimcha bo‘lsayam variant bo‘lgan Romeu ketdi, bu degani, markazda chinakam tayanch futbolchisi qolmaganini anglatadi. Shundoq ham ijrochilar yetarli bo‘lgan oldingi chiziqqa Olmoni sotib olishdan ko‘ra bir necha yildan beri kuzatilib kelingan Subimendiga harakat qilish mantiqliroq ekanini ko‘p mutaxassislar qayd etishdi. Zero Olmoga to‘langan pul bemalol bask yarimhimoyachisini olishga yetardi. Balkim klub Mark Kasadoga umid bog‘layotgandir? 20 yoshli «La Masiya» tarbiyalanuvchisi nazorat o‘yinlarining deyarli hammasida maydonga tushdi va ancha iliq taassurot qoldirdi. Katta ehtimol bilan «Valensiya»ga qarshi o‘yinda aynan u markazda Kristiansenga sherik bo‘lsa kerak. Shunday bo‘lgan taqdirdayam, mavsumga faqat Yamal, Kubarsi, Kasado, Olmo kabi futbolchilarga ishonib kirish, har bir chizikda elit darajadagi ijrochilar bilan to‘ldirilayotgan «Real» oldida biroz anoyilik tuyulmoqda. To‘g‘ri, La Liga doirasida har qanday o‘yinda «Barselona» favorit maqomida bo‘ladi, tabiiyki, «Atletiko» ham, «Barselona» ham uzoq vaqt turnir jadvalida «Real»ga munosib qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Ammo bu yerda muhim farq shundaki, bu holatda sanalgan jamoalar o‘z ochkolarini qiyinchilik bilan, katta mehnatlar evaziga olsa, «Real» ortiqcha kuch sarflamay o‘sha natijalarni qo‘lga kiritishi mumkin. Bu esa, chempionatning hal qiluvchi pallasida, yevrokuboklarda madridliklarga qo‘shimcha ustunlik taqdim etadi.
CheLSI – MANCheSTeR SITI (18 avgust, 20:30)
«Biz dastlabki turlarga yetarlicha tayyor bo‘lmaymiz, «Manchester Yunayted» va «Chelsi»dan biroz orqada bo‘lishimiz tabiiy» – degandi Pep Gvardiola jamoa ilk rasmiy o‘yinlarini aynan shu raqiblarga qarshi o‘tkazishi aniq bo‘lgach. Chempionat formatidagi turnirlarni yutish xadisini olgan Gvardiola eng muhimi kech kuz va bahordagi o‘yinlar ekani, avgustdagi xatolar keyinchalik jamoa formasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini juda yaxshi tushunadi. Ya’ni tarkibdagi ko‘p o‘yinchilar Yevropa chempionatida qatnashishdi, charchoq bo‘ladi. Gvardiola tayyorgarlikni shunga ko‘ra rejalashtirdi, bir qator yetakchi futbolchilarga ortiqcha ta’til ham taqdim etdi. Buni biz o‘tgan hafta Superkubok uchun bahsda ham sezdik – «MYu» imkon qadar barcha tayyor futbolchilardan foydalanishga uringan bo‘lsa, «Siti» tarkibida Rodri, Foden kabilar qaydnomada yo‘q edi, Kevin de Bryuyne ham faqat so‘nggi daqiqalarda maydonga tushdi.
Rodri — jamoaning eng muhim o‘yinchisi, Yevropa chempionati finalida jarohat olgan va katta ehtimol ilk turlarda sheriklariga yordam bera olmaydi. Kamida avgust oyida maydonga tusha olmasligi aniq. Bu — birinchi muammo. Bundan tashqari, nazorat o‘yinlarida o‘zini juda yaxshi ko‘rsatgan va bu mavsumda faol ravishda ko‘proq jamoaga yordam berishi kutilgan Oskar Bobb og‘ir jarohat oldi va bir necha oyga safdan chiqdi. Transfer oynasida ancha sokin ko‘ringan va faqat Savioni sotib olish bilan cheklangan «shaharliklar» keyingi haftalarda tarkibni to‘ldirish uchun harakat qilishi shubhasiz. Nima bo‘lgandayam, «Chelsi»ni yuta oladigai tarkib baribir Pep Gvardiolada bor va albatta, mehmonlarni g‘alabadan boshqasi qoniqtirmaydi.
Pepning shogirdi Enso Mareskani olib kelgan «Chelsi»da esa tarkib to‘rtta. Bouli juda ko‘p futbolchilarni sotib oldi va olishda davom etmoqda. Shu darajaga yetdiki, transfer oynasi tugaguncha klub o‘nlab futbolchilarni sotishi, ijaraga berishi, qisqasi, kelajagini hal qilishi kerak. Bu «Chelsi» uchun dastlabki tur o‘yinlaridan ham qiziqroq jarayonga aylanib ketishi turgan gap, axir muxlislar ham aynan kimlar bilan mavsumni o‘tkazish haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerak-ku? So‘nggi nazorat o‘yinlaridan kelib chiqsak, Nkunku, Madueke, Mudrik, Laviya, Enso, Kolvil kabi futbolchilarga ilk turlardan ko‘proq ishoniladi. Tabiiyki, Palmer ham qaytdi va «Inter» bilan o‘yinda bir taym harakat qildi. «Inter», «Real» va «Manchester Siti» – londonliklar sparring raqib sifatida anchayin kuchli jamoalarni tanlashdi, aytish kerakki, bu o‘yinlarda g‘alaba qozonilmagan bo‘lsa-da, «Chelsi» ancha raqobatbardosh va munosib ko‘rindi.
O‘tgan yili o‘zaro o‘yinlarda «Chelsi» Pep Gvardiola jamoasiga munosib qarshilik qila olgan kam sonli jamoalardan biri bo‘lgandi. Hatto «Etihad»dagi o‘yinda durang qayd etilgan. «Stemford Brij»dagi 4:4 esa mavsumning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘lgani shubhasiz. Shuningdek, Angliya kubogi yarimfinalida ham shu jamoalar to‘qnash kelgan va o‘yin minimal hisobda manchesterliklarning g‘alabasi bilan tugagandi.
BOShQA O‘YINLAR
17 avgust. Ispvich – LIVeRPUL (16:30), ARSeNAL – Vulverhempton (19:00), NYuKASL – Sauthempton (19:00), Jyenoa – INTeR (21:30), MILAN – Torino (23:45)
18 avgust. Verona – NAPOLI (21:30), Kalyari – ROMA (23:45), Mallorka – ReAL (19 avgustga o‘tar kechasi, 00:30)
19 avgust. YuVeNTUS – Komo (23:45), Lester – TOTTeNHEM (23:55), Vilyarreal – ATLeTIKO (20 avgustga o‘tar kechasi, 00:30).
Qahramon Aslanov